Quyosh fotoelektr stansiyasining tantanali ochilish marosimi bo’lib o’tdi
07/04/2015 - 14:42 7863
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 25 iyundagi “Koreya Respublikasi Prezidenti Pak Kin Xening O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi chog‘ida erishilgan kelishuvlarni ro‘yobga chiqarish chora-tadbirlari va ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi PQ-2192-sonli Qarori doirasida Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi o‘rtasida Namangan viloyaning Pop tumanida eng ilg‘or koreya texnologiyalarini qo‘llagan holda quvvati 130 kVt bo‘lgan tajriba quyosh fotoelektr stansiyasini qurish bo‘yicha Memorandum imzolangan edi.
Memorandumni amaliy ro‘yobga chiqarish natijasida Koreya tomonining 700 ming AQSH dollari miqdoridagi grant mablag‘lari hisobiga, quvvati 130 kVtga teng bo‘lgan zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi qurildi. Stansiya uchun uskunalar Koreya Fotoelektr Sanoati Uyushmasi tarkibiga kiruvchi «Hanhwa», «JSPV», «S-Energy» va «TopSun» kompaniyalari tomonidan yetkazib berildi.
Qurilish-montaj va ishga tushirish-sozlash ishlari “O‘zbekenergo” DAK mutaxassislari tomonidan Koreya Fotoelektr Sanoati Uyushmasi ko‘magida amalga oshirildi. Stansiya har kuni 500-600 kVt.s elektr energiyasini energetika tizimiga berib boradi.
Stansiyaning asosiy maqsadi turli xildagi texnologik yechimlarga ega bo‘lgan zamonaviy turdagi quyosh panellarini va modullarini sinovdan o‘tkazish, yuqori foydali ish koeffitsiyentini ta'minlaydigan eng samarali yechimlarni tanlash uchun O‘zbekiston iqlim sharoitida texnik-iqtisodiy parametrlarni aniqlash hisoblanadi. Stansiya shuningdek quyosh fotoelektr stansiyalarini ekspluatatsiya qilishning amaliy ko‘nikmalarini oshirish va quyosh energetikasi sohasidagi o‘zbek mutaxassislarini tayyorlash uchun ham platforma bo‘lib xizmat qiladi.
Bugun, kompaniyalar - Koreyadan uskuna yetkazib beruvchilar, Koreya Respublikasining elchixonasi va koreya kompaniyalari mutaxassislari, shuningdek, Namangan viloyatining keng jamoatchiligi ishtirokida stansiyaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Foto: UzDaily
Foto: UzDaily
Marosimda so‘zga chiqqanlar - Koreya Respublikasining Savdo, sanoat va energetika vazirligi, Koreya Fotoelektr Sanoati Uyushmasi, “O‘zbekenergo” DAK vakillari va boshqalar ta'kidlaganlaridek, bu kabi loyihalarni amalga oshirish O‘zbekiston Respublikasida quyosh energetikasini rivojlantirish bo‘yicha yangi istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish uchun zarur ma'lumotlarni olish va ilmiy asoslangan takliflarni ishlab chiqishga imkon beradi.