Kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi to‘g‘risida
24/01/2015 - 15:22 7899
Joriy yilning 23 yanvar kuni Iqtisodiyot vazirligida vazirlikning kengaytirilgan Hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Hay'at yig‘ilishida vazir hamda uning o‘rinbosarlari, vazirlik Markaziy apparatining bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar Iqtisodiyot bosh boshqarmalari boshliqlari ishtirok etdilar.
Kun tartibida O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning mamlakatimizni 2014 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015 yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma'ruzasiga binoan vazirlik hamda hududiy bo‘linmalar va vazirlik tasarrufidagi tashkilotlarning oldiga qo‘yilgan muhim vazifalar va ularning so‘zsiz bajarilishini ta'minlash bilan bog‘liq qator masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, 2015 yilda sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, xususiy tadbirkorlikka keng yo‘l ochib berish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish, hududiy dasturlarning bajarilishi asosida aholi bandligini ta'minlash, hukumatimizning tegishli qarorlariga muvofiq kichik sanoat hududlarini tashkil etish kabi muhim masalalar bo‘yicha vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari oldidagi vazifalar atroflicha muhokama qilindi.
Shuningdek, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga muvofiq vazirlik va uning hududiy bo‘linmalari hamda tasarrufidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qonunda belgilangan talab va muddatlarda ko‘rib chiqishni ta'minlash borasida tegishli choralar ko‘rilishi hamda doimiy nazoratga olinishi belgilab qo‘yildi.
Yig‘ilishda vazirlik Markaziy apparati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar iqtisodiyot bosh boshqarmalarining faoliyati bo‘yicha yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga tegishli tarzda tanqidiy baho berilib, ularning faoliyati bilan bog‘liq holda amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.
Yig‘ilishda ko‘rib chiqilgan muhim masalalar bo‘yicha aniq yechimlar qabul qilinib, qo‘yilgan masalalarning o‘z vaqtida bajarilishi bo‘yicha tegishli vazifalar belgilab olindi.