Qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va ularni chiqarib tashlash sohasini rivojlantirish

09/01/2015 - 10:53 8133

Respublikamizda shahar aholi punktlarida sanitariya jihatidan tozalash tizimlarini rivojlantirish va takomillashtirish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan, Toshkent shahrining epidemiologik muhitini yanada yaxshilash maqsadida, Osiyo taraqqiyot banki mablag‘larini jalb qilgan holda qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va ularni chiqarib tashlash tizimlarini takomillashtirish hamda modernizatsiyalashga yo‘naltirilgan tegishli investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, tarixiy, ma'naviy-ma'rifiy markaz sanalgan Samarqand shahrining sanitar tozaligini yaxshilash maqsadida Fransiya taraqqiyot agentligining qarz mablag‘larini jalb qilish borasida tegishli ishlar olib borilmoqda. Bugungi kunda tomonlar o‘rtasida mazkur loyihaning asosiy texnik ko‘rsatkichlari  bo‘yicha  kelishuv ishlari amalga oshirilmoqda.

Yuqorida nomi tilga olingan loyihaning amalga oshirilishi chiqindilarni paydo bo‘lishidan boshlab, to ularni ko‘mish, turlarga ajratish, to‘plash, qayta ishlash natijasida xomashyo olish va ularni tashuvchi mavjud transport vositalari parklarini yangilash, ya'ni zamonaviy  transport vositalari bilan jihozlash jarayonlarini to‘laqonli qamrab oladi.

Chiqindilarni qayta ishlash bo‘yicha tarmoqning rivojlanishi uchun qulay iqlimni tashkillashtirish yuzasidan olib borilayotgan say'i harakatlar mahalliy davlat organlari hamda moliya va biznes olami vakillarining o‘zaro hamkorligi orqali yanada mustahkamlanmoqda.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida kelajakda qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash hamda ulardan foydalanishni takomillashtirishga yo‘naltirilgan uzoq muddatli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasida qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoit yuzaga keladi.