“Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanlovi o‘tkaziladi!
21/10/2022 - 22:35 2597
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bandligiga ko‘maklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2021-yil 21-dekabrdagi PQ-57-son qarorining 13-bandiga muvofiq, nogironligi bo‘lgan shaxslar orasida ularning hayotini yaxshilashga qaratilgan eng yaxshi ijtimoiy loyihalarni rag‘batlantirib borish maqsadida, 2022-yildan boshlab har yili “Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” respublika tanlovi e’lon qiladi.
Tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar o‘z loyihalarini vazirlikning ijtimoiyloyiha@mineconomy.uz elektron pochtasiga 2022-yilning 22-oktabrdan 22-noyabrga qadar yuborishlari lozim.
Loyihalarda quyidagilar ko‘zda tutilishi lozim:
nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni mehnat faoliyatiga keng jalb qilish orqali hayot sifati va darajasini oshirish;
nogironligi bo‘lgan shaxslarni uchun inklyuziv hayot tarzini yaratishga qaratilgan innovatsion g‘oya, yechim va tugallanganligi.
Taqdim etilgan loyihalar ichida so‘nggi 2 yillikda amalga oshirilgan hamda natijasi bugungi kunda namoyon bo‘lganlari yuqori baholanadi.
Loyiha bo‘yicha quyidagi ma’lumotlar yuborilishi lozim:
loyiha to‘g‘risida qisqacha tavsif xususan, uning vazifalari, funksiyalari, maqsadi hamda bugungi kunga qadar amalga oshirilgan ishlar hamda kelgusida amalga oshiriladigan ishlar;
foto va video materiallar (agar mavjud bo‘lsa);
loyiha yuzasidan taqdimot (agar mavjud bo‘lsa);
Tanlovga nomzodlar loyiha bo‘yicha ma’lumotlarga qo‘shimcha tarzda quyidagi hujjatlar yuboriladi:
ishtirokchilarning familiyasi, ismi va otaismi, elektron pochta manzili, yashash manzili, telefon raqamlari;
nogironligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma;
loyiha ishtirokchilari va ularning tanlovda ishtirok etish bo‘yicha roziligi (agar loyiha ko‘p ishtirokchilar tomonidan amalga oshirilgan bo‘lsa).
“Eng yaxshi ijtimoiy loyiha” tanloviga kelib tushgan loyihalarni ko‘rib chiqish va baholash komissiyasi tomonidan baholanadi.
Loyivha tartibi bilan ushbu havola orqali tanishishingiz mumin.
Tanlov g‘olibi bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari miqdorida bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
G‘oliblar Komissiya qarori asosida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining tanlov g‘olibini e’lon qilish va taqdirlash to‘g‘risidagi buyrug‘iga muvofiq, 30-noyabrga qadar e’lon qilinadi.
Tanlov g‘oliblari 3-dekabr – Xalqaro nogironlar kuni arafasida Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri (yoki uning topshirig‘iga muvofiq boshqa mas’ul shaxslar) tomonidan taqdirlanadi.