Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasiga bag‘ishlangan brifing Press – relizi

01/06/2009 - 08:04 9177

Brifing shu yilning 30 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot Vazirligi tomonidan O‘zbekiston Milliy matbuot markazida o‘tkazildi.

2008 yilning 27 oktyabridan 1 noyabrigacha OHJ MKK “Uzekspomarkaz” pavilonlarida Respublika sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasi o‘tkazildi. Ushbu tadbirda 276 ta sanoat korxonlari va tashkilotlar qatnashishdi. Shundan 137 tasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlaridir (2007 yilda ular soni 224 ta va 124 ta edi).

Bundan tashqari, yarmarka davomida banklar, sug‘urta tashkilotlari, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zstandart” agentligi va boshqa qo‘llab quvvatlovchi tashqilotlar tomonidan axborotg‘maslahat xizmatlari ko‘rsatildi.

Kooperatsiya birjasi doirasida 1483 ta shartnoma tuzilgan bo‘lib, ularning hajmi taxminan 1,4 trillion so‘mni tashkil etdi. Shundan, 122,0 mlrd. so‘m hajmida xizmatlar ko‘rsatishga shartnomalar imzolandi.

O‘tgan davr davomida kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishni qo‘llab quvvashga qaratilgan me’yoriy-huquqiy asos yaratildi. Shu jamladan, hurmatli yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevichning 2008 yil 12 noyabrdagi №PF-3937-sonli “Ichki tarmoq va tarmoqlararo sanoat kooperatsiyasini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonlarining qabul qilinishi bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirish uchun zamin yaratdi. Xususan ushbu Farmonda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berildi.

O‘tgan yilning 11 aprelida qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining №67-sonli “Respublika sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan Respublika sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasining Ijro etuvchi organi tashkil etildi, uning nizomi tasdiqlandi. Sanoat yarmarkalari va Kooperatsiya birjasi bilan bog‘liq bo‘lgan tadbirlarni amalga oshirish ishlari Ijro etuvchi organ tomonidan amalga oshirilmoqda.

Sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasiga Xalqaro maqomi berildi va uning samaradorlik qamrovi yanada ortishi ko‘zda tutilmoqda.

Amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida, joriy yilning aprel-may oylari davomida 5 ta tarmoq va 14 ta hududiy sanoat yarmarkalari o‘tkazildi. Sanoat yarmarkalarini bahorda o‘tkazishdan ko‘zlangan asosiy maqsad Kooperatsiya birjasiga oldindan tayyorganlik ko‘rishdir. Xususan, mahalliy korxonalarda o‘zlashtirish imkoni bo‘lgan perspektiv mahsulot turlari aniqlab olindi, ularni o‘zlashtirish va amaldagi standartlar asosida sinovdan o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi.

Ushbu tadbirlarning asosiy maqsadlaridan biri ishlab chiqarish samaradorligini va quvvatlardan foydalanish darajasini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va YAIMdagi sanoatning ulushini keskin oshirish hamdir. Hozirda, shu yilning IV choragida o‘tkazilishi mo‘ljallanayotgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va Kooperatsiya birjasini o‘tkazish tayyorgarlik ishlari jadal olib borilmoqda.