IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAG‘ALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGI MA’NAVIY HAYOTIDAN BIR KUN
30/11/2021 - 18:27 2310
“Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari”
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va bunyodkorlik ishlari natijasida xalqimizning ong-u tafakkuri, dunyoqarashi o‘zgarmoqda. Yurtimizda huquqiy davlat, fuqarolik jamiyatini barpo etishda “Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari” degan hayotbaxsh g‘oyaning ahamiyati tobora ortib bormoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan “Jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir” g‘oyasi zamirida inson, jamiyat va davlat taraqqiyotida ma’naviyatning naqadar yuksak ahamiyatga ega ekanligi mujassam.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligida ham ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, kadrlar salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu esa xodimlarning bilim, ko‘nikma va malakalarini oshirish barobarida ularning ma’naviy yuksalishiga xizmat qilmoqda.
Joriy yilning 28-noyabr kuni vazirligimizning bir guruh xodimlari O‘zbek Milliy akademik drama teatrida sahnalashtirilgan “Ko‘ngil” spektakliga tashrif buyurishdi.
Ushbu spektaklda oilaviy mavzu ko‘tarilib, unda inson ko‘ngli qanchalik nozik ekanligi ochib berilgan. Asarda ko‘ngilni asrash degan maqsad bor va undan tomoshabinlar oiladagi yorug‘likni, go‘zallikni, mehrni ko‘rib ibrat olib chiqib ketadi. Har bir oilada er-xotin, farzandlarning bir-birlariga mehr-oqibatli, e’tiborli bo‘lishiga undaydi.
Teatrdan olingan madaniy hordiq va taassurotlarni davom ettirish maqsadida, spektakldan so‘ng xodimlar va ularning oila aʼzolariga maʼnaviy-maʼrifiy yo‘nalishdagi “Farzandnoma” kitobining taqdimoti ham uyushtirildi. Tadbirda xalqimizning sevimli sanʼatkorlari – O‘zbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Tesha Mo‘minov hamda Gavhar Zokirova ishtirok etishib, kitob haqidagi o‘z fikrlarini bayon etishdi. Shundan so‘ng yozuvchi Obiddin Maxmudov qalamiga mansub “Farzandnoma” asari tadbir qatnashchilariga vazirlik rahbariyati tomonidan sovg‘a qilindi.
Vazirligimiz ma’naviy-ma’rifiy hayotidagi bu kun o‘zgacha shukuhda, ko‘tarinki kayfiyatda o‘tdi.
Shaxzod IBRAGIMOV,
Axborot, tahlil va hujjatlarni korreksiyalash
bo‘limi xodimi