Prekursorlarga bo‘lgan ehtiyojni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishish tartibini bekor qilish yuzasidan
12/06/2020 - 10:34 4989
Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni keng rivojlantirish uchun qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, ichki bozorni raqobatbardosh mahsulotlar bilan to‘ldirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining muhim ustuvor yo‘nalishi etib belgilangan.
Mavjud hukumat qarorlariga asosan, yuqori turuvchi tashkiloti mavjud bo‘lmagan korxonalar mahsulot ishlab chiqarishda prekursorlarga (oltingugurt, xlorid kislotalari va boshqalar) bo‘lgan ehtiyojini Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishish belgilangan.
Ma`lumot uchun: Prekursorlar iqtisodiyotning deyarli barcha tarmoqlarida keng qo‘llaniladi va 350 dan ortiq tadbirkorlik subyektlarini qamrab oladi.
Ta'kidlash joizki, prekursorlarga bo‘lgan ehtiyojni har yili vazirlik bilan kelishish uchun respublikaning barcha viloyatlaridan tadbirkorlik subyketlari vakillari tashrif buyurishgan, bu esa ularning faoliyatida qiyinchiliklar va qo‘shimcha to‘siqlar paydo bo‘lishiga olib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-fevraldagi PF-4947-sonli “2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” farmonida belgilangan, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish va uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini rag‘batlantirishga qaratilgan institusional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish maqsadida, mavjud hukumat qarorlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritib, mahsulot ishlab chiqarishda prekursorlarga bo‘lgan ehtiyojni Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi bilan kelishish tartibini bekor qilish yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga takliflar kiritilganligini ma`lum qilamiz.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati