“Sardoba” suv omboridagi toshqinlar tufayli hududlardagi ichimlik va oqova suv tizimlariga yetkazilgan zararlarni bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar

27/05/2020 - 16:58 4852

Sirdaryo viloyatida Suv omboridan suv toshishi oqibatida hududdagi 10 ta mahalla fuqarolar yig‘inining 4 438 ta (21 408 kishi) xonadoni, jumladan:

Sardoba tumanida - 2348 ta;

Mirzaobod tumanida - 1360 ta;

Oqoltin tumanida - 730 ta xonadonlar talofat ko‘rgan.

Shu bilan birga, toshqin suvlari ushbu tumanlarning hududlardagi

277 ta noturar joy ob'ektlariga ham zarar yetkazgan.

Ma'lumot uchun: Sirdaryo viloyati uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish boshqarmasi ma'lumotlariga ko‘ra ichimlik suvi bilan ta'minlanganlik darajasi Sardoba tumani bo‘yicha 25,8% (oqava suvi tizimi bilan ta'minlanmagan), Oqoltin tumani bo‘yicha 78,1% (oqava suvi tizimi bilan 40% ta'minlangan), Mirzaobod tumani bo‘yicha 83,8% (oqava suvi tizimi bilan ta'minlanmagan).

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 1 may “Sirdaryo viloyatida joylashgan «Sardoba suv ombori» to‘g‘onida yuzaga kelgan favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi F-5569-son farmoyishida berilgan vazifalardan biri suv toshishi oqibatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish, muhandislik-kommunikasiyalari infratuzilma ob'ektlari va tizimlarini tiklash hamda ishga tushirish vazifasi yuklatilgan.

Shu bilan birga, Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 19 maydagi 294 sonli qaroriga asosan, Ichimlik suvi ta'minoti va oqava suv tizimlari ob'ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish manzilli dasturi tasdiqlandi.

Ushbu qarorga asosan, Suv toshqinidan talofat ko‘rgan Sardoba tumanidagi 4 ta, Oqoltin tumanidagi 3 ta, Mirzaobod tumanidagi 4 ta MFYlarda istiqomat qiluvchi fuqorolarni zarar ko‘rgan uy-joylari o‘rniga 3 ta hududda (Xaqiqat, Navbaxor va Yurtdosh MFYlar) ko‘p qavatli uy joylar qurilishi belgilandi.

Bugungi kunda ushbu turar-joylarga markazlashgan ichimlik suv ta'minoti yetkazib berish, oqava suv tozalash inshooti qurish va tarmoqlarni tortish bo‘yicha quyidagi ishlar olib borilmoqda.

  1. Dastur asosida 2020 yilda dastlabki hisob-kitoblarga asosan 65,6 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan 14 ta ichimlik suv inshootlari va 106,5 km ichimlik suv tarmoqlari qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Jumladan:

  1. Sardoba tumani “Qo‘rg‘ontepa”, “Yurtdosh” va “Do‘stlik” MFYlar hududidagi ichmlik suv tarmoqlari hamda “2-suv ko‘tarish nasos stansiyasidan (Cho‘lquvar) “Yurtdosh” mahallasigacha bo‘lgan masofadagi ichimlik suv” ob'ektlari rekonstruksiyasi bo‘yicha “O‘zbekkommunalloyihaqurilish” DUK tomonidan loyiha-smeta hujjatlari qurilish-montaj ishlari bilan paralel ravishda ishlab chiqilmoqda loyihaga ajratilgan limitning taxminiy qiymati 29,0 mlrd.so‘mni tashkil etadi. Loyiha doirasida uzunligi 47,2 km ichimlik suv tarmog‘ini va 7 ta inshootni rekonstruksiya qilish belgilangan bo‘lib, bugungi kunga qadar 3,2 km ichimlik suv tarmog‘i yotqizildi, D-400 mm.li tarmoq yotqizish uchun 5,2 km masofadagi yer ishlari bajarilgan hamda 1 km uzunlikdagi quvurlar ob'ektga keltirilgan.
  2. Qurilish ishlarini amalga oshirish uchun pudrat tashkiloti tomonidan - 14 dona ekskavator, 2 dona samosval, 2 dona treyler, 1 dona suv tashish mashinasi (vodavoz), 1 dona avtokran, 2 dona greydor maxsus texnikalari jalb etilgan.
  3. Oqoltin tumanining “Shodlik”, “Sadvin”, “Nixol”, “Saxovat” va “Uchtom” MFYlar hududidagi ichmlik suv tarmoqlari rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihaga ajratilgan limitning taxminiy qiymati 22,6 mlrd.so‘mni tashkil etadi. Loyiha doirasida uzunligi 40,8 km ichimlik suv tarmog‘ini va 4 ta inshootni rekonstruksiya qilish belgilangan.
  4. Mirzaobod tumanining “Navbahor”, “Yangiovul” va “Baliqchi” MFYlar hududidagi ichmlik suv tarmoqlari rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyihaga ajratilgan limitning taxminiy qiymati 14,0 mlrd.so‘mni tashkil etadi. Loyiha doirasida uzunligi 18,5 km ichimlik suv tarmog‘ini va 3 ta inshootni rekonstruksiya qilish belgilangan.

Dastur asosida 2020 yilda dastlabki hisob-kitoblarga asosan 64,2 mlrd.so‘m mablag‘lar hisobidan 4 ta oqava suv inshootlari va 15,0 km oqava suv tarmoqlari qurish hamda rekonstruksiya ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Jumladan:

  1. Sardoba tumani “Qurg‘ontepa” MFYda qurilayotgan ko‘p qavatli uylar uchun 8 km tarmoq va 1 ta oqova suv inshootini qurish uchun 28,5 mlrd.so‘m.
  2. Oqoltin tumani “Shodlik” MFYda qurilayotgan ko‘p qavatli uylar uchun 3 km tarmoq va 1 ta oqova suv inshootini qurish uchun 19,5 mlrd.so‘m, “Saxovat” MFYda 1 ta oqava suv inshootini rekonstruksiya uchun 2,0 mlrd.so‘m;
  3. Mirzaobod tumani “Navbahor” MFYda qurilayotgan ko‘p qavatli uylar uchun 4 km tarmoq va 1 ta oqova suv inshootini qurish uchun 14,2 mlrd.so‘m mablag‘lar ajratilishi belgilangan.