Iqtisodiyotni raqamli transformatsiya qilishning ustuvor vazifalari

18/02/2020 - 16:43 5544

2020 yil 18 fevral kuni Toshkent shahrida “O‘zbekiston Respublikasida davlat va jamiyat qurilishining yangi bosqichi, mamlakatni demokratik modernizatsiyalashda parlament va hokimiyatning vakillik organlari rolini oshirish” mavzusida xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy Majlis Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirlik va idoralar, sud tizimi, huquqni himoya qilish organlari, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, O‘zbekiston Respublikasidagi diplomatik missiyalar va xalqaro hamda mintaqaviy tashkilotlar, yetakchi konsalting kompaniyalar rahbarlari qatnashdilar.

Mazkur xalqaro konferensiyada iqtisodiyot va sanoat vaziri Botir Xo‘jaev ham ishtirok etdi.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra raqamli iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi Rossiyada 3,9 foiz, Hindistonda 5,5 foiz, Belorussiyada 6,5 foiz, Xitoyda 10 foiz, AQShda 10,9 foizni tashkil etadi.

O‘zbekistonda 2020-2022 yillarda iqtisodiyotning real sektori tarmoqlarini raqamlashtirishning yo‘nalishlari sifatida sanoat korxonalarining ishlab chiqarish va texnologik jarayonlarni, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatni avtomatlashtirish, moddiy-texnik resurslarni hisobga olish va boshqarish, shuningdek mijozlar bilan munosabatlarni tartibga solish, mahsulotlarni elektron sotish, marketingni boshqarish tizimlarini joriy etishga e’tibor qaratiladi. Mazkur yo‘nalishda 100 ga yaqin loyihalar, jumladan, tog‘-kon sanoati, metallurgiya, neft-gaz sohalari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha  yirik loyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.