“Binary” universiteti bilan hamkorlik shartnomasi imzolandi

14/02/2020 - 14:45 4204

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 13 avgustdagi respublika hududlarida tadbirkorlik muhitini yaxshilash, aholining ushbu yo‘nalishdagi savodhonligini oshirishga qaratilgan Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini to‘laqonli ta’minlash maqsadida, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda  Malayziyaning “Binary” universiteti hamda Guliston davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik aloqalari o‘rnatilib, “Binary” universiteti mutasaddilarining O‘zbekistonga tashrifi davomida  olib borilgan muzokaralar natijasiga ko‘ra, Sirdaryo viloyatida Guliston Davlat universiteti hamkorligida Binary International Business school institutini tashkil etilishi taklif etilgan edi.

Joriy yil 13 fevral kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida vazirlik, Guliston Davlat universiteti rahbariyati va Malayziyaning “Binary” universiteti ijrochi raisi professor Dj.Adaykalam ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Guliston Davlat universiteti hamda Malayziyaning “Binary” universiteti o‘rtasida umumiy hamkorlik bo‘yicha shartnoma imzolandi.

O‘zaro manfaatli mazkur shartnomaga muvofiq oliy ta’lim muassasalari o‘quv, metodik va ilmiy yo‘nalishda hamkorlik qilinishi, ikki tomonlama diplom dasturlari asosida tadbirkorlik yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanishi ko‘zda tutilmoqda.