SAYLOV OLDI TADBIRI O‘TKAZILDI
29/11/2019 - 20:44 5247
Ma’lumki, joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis qonunchilik palatasi va xalq deputatlari viloyat, shahar hamda tuman Kengashlarida saylovlar bo‘lib o‘tadi. Saylovlarning demokratik tamoyillar asosida yuqori saviyada o‘tishini ta’minlash maqsadida 29 noyabr kuni Iqtisodiyot va sanoat vazirligida «Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi» doirasida tadbir o‘tkazildi. Uni vazir o‘rinbosari Botir Usmonov kirish so‘zi bilan ochdi.
Shundan so‘ng so‘zni taniqli huquqshunos, yuridik fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Halim Boboev davom ettirib, u saylov qonunchiligi borasida yurtimizda so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, yangi saylov kodeksi mazmun-mohiyati, saylovchilarning huquqlari va burchlari to‘g‘risida tushuncha berdi.
Shuningdek, ma’ruzachi tomonidan bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor O‘zbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida bo‘lib o‘tishini, saylovlarda birinchi marta beshta, ya’ni “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial demokratik partiyasi va O‘zbekiston Ekologik partiyalari o‘z nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega ekanligi ta’kidlandi.
Tadbir so‘nggida vazirlik jamoasining mazkur siyosiy jarayonlarda faol qatnashishga chorlab, bu ularning fuqarolik burchlarini namoyon etishdan iboratligi qayd etildi.