Mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun elektron maydon
20/11/2019 - 11:04 5010
"O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan qator tashkilotlar bilan hamkorligida tashkil etilgan tadbirning ikkinchi kuni ham qizg‘in tanishuv va o‘zaro kelishuvlarga boy bo‘ldi", - deyiladi O‘zA xabarida.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoevning joriy yil 1 maydagi “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga qaratilgan ushbu tadbirning yana bir katta yangiligi – bu O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida tashkil etilgan Elektron kooperatsiya birjasi – www.cooperation.uz portali taqdimotidir.
Taqdimotda mazkur portalning ish jarayonlari haqida ma’lumot berilar ekan, uning afzalliklariga e’tibor qaratildi. Portalni tashkil qilishdan maqsad esa yurtimizda sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va mahalliy ishlab chiqaruvchilar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
– Vazirlik huzurida Elektron kooperatsiya birjasi – www.cooperation.uz portalining ishga tushirilishi ishlab chiqaruvchilar va buyurtmachilar uchun eng qulay elektron maydon bo‘ldi, – dedi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Elektron kooperatsiya birjasi portali mas’ul xodimi Farrux Xo‘jamqulov. – Ishlab chiqaruvchilar mahsulotlarini shu portal orqali hech qanday ovoragarchiliksiz sotish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Buyurtmachi tanlagan mahsulotiga zarur tugmachani bosib, elektron buyurtma beradi. Ishlab chiqaruvchi va buyurtmachi o‘rtasida elektron aloqa vositasida elektron shartnoma vujudga keladi. Aynan bu jarayonlar hammasi dastur asosida puxta ishlab chiqilgan. Shu bilan birga, ishlab chiqaruvchi va buyurtmachi o‘zining taklif hamda e’tirozlarini bildirishi ham mumkin. Buyurtma berish kompyuter va telefon orqali amalga oshiriladi.
Yarmarka doirasidagi tadbirlarga qatnashib, ushbu portalga a’zo bo‘lish va undan ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari bilan tanishishga muvaffaq bo‘ldik. Xususiy tadbirkor Nilufar Isoqova ham bizning ko‘z o‘ngimizda ro‘yxatdan o‘tdi. U zarur tugmachalarni bosdi va ro‘yxatdan o‘tib, 30 dan ortiq mahsulotni portalga joyladi.
– Bu hali hammasi emas, – dedi u. – Yana mahsulotlarni portalga joylayman. Men Urganch shahridagi “Gulchehra Nilufar luks” xususiy korxonasi rahbariman. O‘n besh nafardan ortiq ishchi mehnat qilayotgan korxonamizda tibbiyot uchun zarur bo‘lgan sochiq, xalat, matras kabi zarur kiyimlar tikiladi. O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi tadbirkorlar uchun katta imkon yaratishiga ishonaman.