O‘zbekistonning 2030 yilgacha rivojlanishi Konsepsiyasi loyihasi muhokamasi
15/10/2019 - 09:43 12585
Joriy yilning 7 oktabr kuni “O‘zbekiston Respublikasining 2030 yilgacha ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlanishi Konsepsiyasi” (Konsepsiya) loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtirilgan.
Avvalo, shuni ta’kidlash joizki, Konsepsiya loyihasi 2019 yilning boshida ishlab chiqilgan bo‘lib, bugunga qadar Birlashgan millatlar tashkiloti, BMT taraqqiyot dasturi, Jahon banki va Osiyo taraqqiyot bankining xalqaro ekspertlari va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatlari va konferensiyalarda keng muhokama qilingan.
Shuningdek, joriy yilning iyul oyida ushbu mavzuda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida brifing ham o‘tkazilgan.
Ma’lumki, har bir davlat iqtisodiy rivojlanishining maqsad va vazifalarini belgilab beradigan uzoq muddatli dasturi bo‘lgani kabi, mazkur Konsepsiya O‘zbekistonning 2030 yilgacha jahon bozori kon’yukturasidagi o‘zgarishlarga tezkor moslashuvi, raqobatbardoshlikni o‘sishi va aholi turmush darajasini oshirish yo‘llarini aniqlashda muhim o‘rin tutadi.
Shu bois, istiqbolda mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini belgilovchi Konsepsiya loyihasini keng jamoatchilikning muhokamasiga qo‘yilishidan maqsad, soha mutaxassislari, mustaqil ekspertlar, ilmiy-tadqiqot institutlari va nodavlat tashkilotlarining ilg‘or fikr va takliflari asosida uni boyitish va yanada takomillashtirish hisoblanadi.
Bunda, har bir fikr yoki taklif yuzakilik, bir tomonlama yondashuvdan yiroq bo‘lishi barobarida, keng mushohada va asoslantirilgan holda bo‘lishi lozim. Xususan, bu o‘rinda iqtisodchi yurtdoshimiz Bekzod Xoshimov tomonidan Konsepsiya loyihasi bilan chuqur tanishib chiqilib, ilg‘or xalqaro tajribaga tayangan holda bildirilgan taklif va mulohazalarini keltirib o‘tishimiz mumkin.
O‘z navbatida, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mutaxassislari B.Hoshimov bilan bog‘lanib, uning takliflariga munosabat bildirishdi va kelgusida muloqot olib borishga kelishib olindi.
Shu bilan birga, kuzatuv natijalari so‘nggi paytlarda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalariga nisbatan bildirilayotgan ayrim munosabatlarda hujjatlar matni bilan bevosita tanishilmasdan, boshqalar tomonidan keltirilgan izohlarga izoh berish bilan cheklanib qolinayotgani, muhokama mavzusidan chetlanish holatlarni mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Vaholanki, xolis va asoslantirilgan taklif va mulohazalarning bildirilishi Konsepsiya loyihasida ko‘zlangan maqsad va vazifalarning to‘g‘ri yo‘naltirilishiga va uning yashovchanligiga xizmat qiladi.
Hurmatli fuqarolar, mustaqil ekspertlar!
Mazkur Konsepsiya loyihasining to‘liq matni bilan bevosita tanishib chiqib, asoslantirilgan, konstruktiv va xalqaro tajribaga tayangan holda takliflaringizni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (https://regulation.gov.uz/uz/document/8839) ko‘rib chiqish uchun qoldirishingizni so‘raymiz.
O‘z navbatida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 oktabrdagi PQ-4473-son qarori bilan o‘rnatilgan tartibga muvofiq, Konsepsiya loyihasining jamoatchilik tomonidan muhokama qilish hamda kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari Adliya vazirligiga (huquqiy ekspertiza uchun) va Vazirlar Mahkamasiga (ko‘rib chiqish uchun) kiritilishini ma’lum qilamiz.
Iqtisodiyot va sanoat vazirligi mas’ul xodimlari Konsepsiya loyihasi muhokamasi yuzasidan bevosita muloqot qilishga doim tayyorligini bildiramiz.
Axborot xizmati