Yangicha yondashuv – yangicha hayot tarzini taqazo etadi
08/10/2019 - 19:37 6082
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligida Jahon banki bilan hamkorlikda “Obod qishloq” davlat dasturi doirasida “Infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirishdagi yangicha yondashuvlar” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda manfaatdor vazirliklar va idoralar, nodavlat tashkilotlari, Jahon banki va boshqa xalqaro moliya institutlari mutasaddilari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Tadbirda “O‘zbekistonning obod qishloqlari” loyihasi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, mazkur loyiha o‘zining amaliyotga innovatsion uslublarni tadbiq etilishini nazar tutishi bilan avvalgi loyihalardan tubdan farq qiladi.
Xo‘sh, loyihadagi innovatsion tadbiq va uni amalga oshirish mexanizmlari, samaradorligi, ahamiyati nimalardan iborat?
Avvalambor, ushbu loyiha o‘zida amalga oshiriladigan ishlarda jamoatchilik nazorati; aholining fikri asosida qishloqda amalga oshirishi zarur bo‘lgan ishlarni belgilab olish; mahalla fuqarolar yig‘inlari yoki mahalla faollarining loyiha amalga oshirilishi jarayonidagi bevosita ishtiroki; qishloqlarda aholi bilan ishlash va amalga oshiriladigan ishlarni belgilashda nodavlat notijorat tashkilotlarning faol ishtirokini ta’minlash kabi bir qator alohida jihatlarni qamrab olganidir.
Bundan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad esa, loyiha amalga oshiriladigan hududda bazaviy infratuzilma sifatini oshirish hamda tanlangan qishloqlarda aholining keng ishtiroki asosida mahalliy boshqaruv jarayonlarini mustahkamlashdan iborat.
Shu bilan birga, loyiha qishloqlarni tanlashning o‘ziga xos mezonlariga ega bo‘lib, bunda: iqtisodiy jihatdan ortda qolgan tumandagi qishloq bo‘lishi (ro‘yxat asosida shakllantiriladi!); qishloq “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va “Obod markaz” kabi davlat dasturlariga kiritilmagan bo‘lishi hamda qishloq shu tuman yoki qo‘shni tuman markazidan ma’lum masofada yiroq bo‘lishligi singari xalqchilligi, oddiy kishilarning kundalik tashvishlarini inobatga olganligi bilan ham boshqa loyihalardan tubdan ajralib turadi.
Shuningdek, loyihada “yashil texnologiya”ga urg‘u berilishi, ya’ni tejamkor texnologiyalarni keng miqyosda jalb etish, aholi ongida ekomadaniyatni o‘stirish, majburiy mehnatning oldini olish, gender tengligini ta’minlash kabi hayotiy muhim jihatlar ham inobatga olingan. Loyihaning bugungi kundagi umumiy qiymati 183,6 million AQSh dollarini tashkil etadi.
Yana shuni ta’kidlash joizki, mazkur loyihaning samaradorligini ta’minlash maqsadida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida loyihani amalga oshirish guruhi (Guruh) tashkil etildi. Guruhda ijtimoiy muhofaza, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, aholi muhofazasi yo‘nalishlarida malakali mutaxassislar bilan jamlangan bo‘lib, hozirda ular samarali faoliyat olib bormoqda.
Shunday qilib, bugungi anjumanda ishtirokchilar tomonidan “O‘zbekistonning obod qishloqlari” loyihasida ko‘zda tutilgan qator afzalliklarga alohida urg‘u berildi, o‘zaro fikr almashildi, foydali kelishuvlarga erishildi.