Qonunchilikdagi yangiliklar
10/09/2019 - 16:34 4510
Mehnat sharoitlari noqulay bo‘lgan hududlar ro‘yxati belgilandi
Hukumat qarori (743-son, 06.09.2019 y.) bilan Tabiiy-iqlim va maishiy sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylarda ishlovchi xodimlar mehnatiga haq to‘lashga tuman koeffitsientlarini, shuningdek, ularga har yili beriladigan qo‘shimcha ta’tilning eng kam muddatini belgilash va qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanalida habar berilmoqda.
Yillik ustama va yillik qo‘shimcha ta’tillar tabiiy-iqlim sharoitlari og‘ir va noqulay bo‘lgan joylar ro‘yxatiga kiritilgan joylarda ishlarni bajaruvchi barcha xodimlarga qo‘llaniladi va beriladi.
Bunda ustama miqdori ushbu joy uchun belgilangan tegishli koeffitsientni ish haqi summasiga ko‘paytirish orqali belgilanadi.
Ustamalar xodim ushbu joyda yashashi yoki yashamasligidan qat’i nazar ish joyi bo‘yicha to‘lanadi.
Ro‘yxatda ko‘rsatilgan hududlarga bir oydan ortiq muddatga xizmat safariga yuborilgan xodimlarga ham mazkur hududda bo‘lgan vaqti uchun ushbu joy uchun nazarda tutilgan miqdorda ustama to‘lanadi.
Bunda ustama mehnatga doir qonun hujjatlarida nazarda tutilgan safarlarda xarajatlarni qoplash uchun to‘lovdan qat’i nazar to‘lanadi.