Teng raqobat — sanoat rivoji omili
05/07/2019 - 18:59 5805
5 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 maydagi PQ-4302-sonli “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Tadbirda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Kooperatsiya aloqalarini va mahalliylashtirishni kengaytirish boshqarmasi boshlig‘i Fazliddin Ro‘ziev so‘zga chiqib, mahalliy va xorijiy bozorlarda talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish, xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratish mamlakatimiz iqtisodiyotini jadal rivojlanishida muhim omil bo‘layotganligini ta’kidladi. Bunda ayniqsa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 1 may kuni PQ-4302-sonli “Sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish va talab yuqori bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori juda qo‘l kelayotir.
Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tgan davrda iqtisodiyotda talab yuqori bo‘lgan hamda kelgusida respublikamizda ishlab chiqarilishi tavsiya etiladigan tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar, xom-ashyo va materiallarning yangi 99 ta turi Iqtisodiyot va sanoat vazirligining veb-saytiga tadbirkorlik sub’ektlariga yetkazish uchun joylashtirilganligi hamda bugungi kunda ushbu mahsulotlarni 2019-2020 yillarda o‘zlashtirish bo‘yicha hududlarda 55 nafar tashabbuskorlar tomonidan loyihalar ishlab chiqilib, dastlabki tadbirlar boshlanganligi haqida axborot berildi.
Shu bilan birga, “Sanoat yarmarkasi va elektron kooperatsiya birja portali faoliyatini tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqilganligi va ushbu qaror loyihasi hozirda tegishli Davlat boshqaruvi organlari bilan kelishish jarayonida ekanligi haqida ishtirokchilarga ma’lumot yetkazildi.
Ushbu qaror loyihasiga asosan Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida elektron kooperatsiya birja portali platformasi joriy etiladi hamda tegishli davlat organlari bazasi bilan integratsiyalashgan holda respublikamizda ishlab chiqarilayotgan sanoat mahsulotlari to‘g‘risidagi yagona baza va tayyor mahsulot, xom-ashyo, butlovchi buyumlar to‘g‘risidagi, shuningdek, o‘zlashtirishga tavsiya qilinadigan mahsulot turlarining texnik parametrlari haqida onlayn tarzda tadbirkorlarga axborot yetkazish ta’minlanadi. Eng muhimi, talabgor bilan ishlab chiqaruvchi o‘rtasida, shu jumladan, budjet va korporativ hamda strategik xaridorlar buyurtmasi doirasida erkin raqobat qilishni va narx shaffofligini ta’minlab, korxonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish jarayoni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi sanoat mahsulotlari bozorining barcha qatlamlaridagi xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarni maqsadli jalb qilish orqali muntazam ravishda sanoat yarmarkalari tashkil etishni zamonaviy chet el ko‘rgazma majmualari tajribasini o‘rgangan holda amalga oshirilishi rejalashtirilganligi ma’lum qilindi.
Matbuot anjumani davomida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi Industrial rivojlanish va tovar bozorlarida raqobat muhiti strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha yig‘ma boshqarmasi boshlig‘i Temurmalik Xoliqov, O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Ustun mavqeni suiste’mol qilish, til biriktirishlar va kartel kelishuvlariga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jasur Homidov va boshqa mutaxassislar ommaviy axborot vositalari vakillarini qiziqtirgan ko‘plab savollarga batafsil javob berdilar.
Manba: www.mineconomy.uz