Fargʻona viloyatida 200 dan ziyod xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faoliyat koʻrsatmoqda

08/01/2019 - 11:54 9415

Keyingi ikki yilda Fargʻona viloyatida xorijlik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda bir qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilgani hududni yanada rivojlantirishga xizmat qilmoqda.

Mamlakatimizda investitsiya muhitini yaxshilash, toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalarni jalb etishni ragʻbatlantirish, investorlar ishonchini mustahkamlash borasida muhim chora-tadbirlar amalga oshirilayotir. Joriy yil mamlakatimizda Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili, deb eʼlon qilingani ham fikrimiz tasdigʻidir.

Fargʻona viloyatida 200 dan ziyod xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona faoliyat koʻrsatmoqda. 2018 yilda viloyat hokimligi koʻmagi bilan Rossiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Latviya kabi koʻplab davlatlar bilan turli sohalarda hamkorlik boʻyicha samarali kelishuvlarga erishildi. Ayni kunlarda xorijiy investitsiyalarni jalb etgan holda yangi loyihalarni ishga tushirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Xususan, xitoylik ishbilarmonlar bilan ham iqtisodiy hamkorlik tobora mustahkamlanmoqda.

Hozir viloyatda Xitoy Xalq Respublikasi sarmoyasi ishtirokida 38 ta qoʻshma va 24 ta xorijiy korxona faoliyat koʻrsatib, yildan-yilga yangi loyihalar ishga tushirilmoqda. Oʻtgan yilning 10 oyida Xitoyga eksport hajmi 95,2 million AQSH dollarini, import hajmi 164,4 million dollarni tashkil qildi. Viloyatga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb etilishini koʻpaytirish maqsadida oʻtgan yili Xitoyning koʻplab provinsiyalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Tashrif yakunlari boʻyicha 407,2 million dollarlik loyihalar boʻyicha kelishuv va memorandumlar imzolandi. Shuningdek, viloyatda Xitoyning umumiy 245 million dollar miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi ishtirokida qurilish mahsulotlari va xalq isteʼmol mollari ishlab chiqarish, metallni qayta ishlash, yengil sanoat sohalarida 14 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Oʻz navbatida, xitoylik tadbirkorlar, ushbu mamlakatning turli kompaniyalari vakillari viloyatda boʻlib, iqtisodiy salohiyat, investorlar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishmoqda.

Qoʻqon shahridagi “Bolajon orzusi” Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasida tayyorlanayotgan mahsulotlar yuqori sifati bilan oʻz xaridoriga ega. Qoʻshma korxonada 180 kishi mehnat qilmoqda.

– Oʻtgan yili 5 milliard soʻmlikka yaqin mahsulot ishlab chiqarildi, – deydi “Bolajon orzusi” qoʻshma korxonasi direktori Ikromjon Bayjumanov. – Mahsulotning 40 foizi eksportga yoʻnaltirildi. Zamonaviy texnologiyalar ishlab chiqarishga tatbiq etilishi natijasida 100 dan ortiq turdagi kattalar va bolalar oyoq kiyimlari tagligidan tortib, pardozlash materiallarigacha oʻzimizda tayyorlanmoqda. Zarur xom ashyoni ham mahalliy ishbilarmonlardan olamiz.

Oʻzbekiston tumanida loyiha qiymati 153 million dollardan ziyod boʻlgan yangi sement zavodi qurilishi davom etmoqda. “Joʻydam taʼmir qurilish” MCHJ va Xitoyning sement ishlab chiqaruvchi “Beijing Triumph International Engineering Co. Ltd” kompaniyasi hamkorligida “Qoʻqon yevro qurilish materiali” qoʻshma korxonasi tashkil etildi. Mazkur qoʻshma korxonaning loyihasi asosida yiliga 1 million tonna sement va 33 million kvadrat metr gipsakarton ishlab chiqariladi, 1000 dan ziyod kishi doimiy ish bilan taʼminlanadi.

Manba: OʻzA