Korrupsiya - milliy xavfsizlikka tahdid
01/08/2018 - 18:45 9304
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligida xodimlarni sohada korrupsiyaga qarshi kurashish va uni bartaraf etish chora-tadbirlari haqida yanada to‘liqroq ma'lumotga ega bo‘lishlari maqsadida “Korrupsiya - milliy xavfsizlikka tahdid” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
Uni O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari B.Niyozmatov olib bordi. B.Niyozmatov o‘z nutqida yurtimiz kelajagi hozirgi kunda olib borilayotgan islohotlarga bevosita bog‘liqligi, ushbu islohotlar zamirida Yurtboshimiz ta'biri bilan aytganda “Inson manfaatlari - hamma narsadan ustun” degan tamoyil va “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan ezgu g‘oya yotishi, xalqqa xizmat qilish esa, o‘z-o‘zidan amalga oshmasligini, bunda davlat idoralari xalq bilan munosabatga kirishish vaqtida albatta korrupsion omillar vujudga kelishi mumkinligi, ushbu korrupsion omillar, avvalo mamlakatimizda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlardagi turli xil huquqiy bo‘shliqlar, kolliziyalar va boshqa korrupsion omillar orqali amalga oshirilishi haqida to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng, tinglovchilarni bugungi tadbirga o‘z ma'ruzalari bilan ishtirok etish uchun Bosh prokuroratura va Adliya vazirligidan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan tanishtirdi.
Davra suhbatida so‘z navbati O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuroraturasi Boshqarma prokurori, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi kotibi Zikrillayeva Nodira Axmedovnaga berildi. N.Zikrillayeva “2017-2018 yillarga mo‘ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarning sarhisobi” mavzusida ma'ruzasini yig‘ilish ishtirokchilariga taqdim etdi.
Davra suhbatining ikkinchi ma'ruzachisi - O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Jinoiy, ma'muriy va ijtimoiy qonunchilik boshqarmasi katta maslahatchisi M.Xo‘jabekov “Normativ-huquqiy hujjatlar va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish” mavzusida yig‘ilish qatnashchilariga ma'ruza qildi.
Davra suhbatida yig‘ilish qatnashchilari tomonidan berilgan savollarga tadbir mehmonlari amaliyotda duch kelayotgan muammoli holatlarni misol qilib javoblar berdilar.
Davra suhbati mazmunli va qiziqarli bo‘lib o‘tdi.
Iqtisodiyot vazirligi Axborot xizmati