Eksport amaliyotlari o‘sishining ichki bozorga ta'siri to‘g‘risida seminar-trening
24/04/2018 - 17:30 11412
Vazirlikda tajribali va yuqori malakali xodimlarning yoshlarga o‘z bilim va tajribalari bilan fikr almashishlari odat tusiga kirgan.
Ana shunday foydali va mazmunli tadbirning navbatdagisi “Eksport amaliyotlari o‘sishining ichki bozorga ta'siri va ichki bozorda iste'mol mahsulotlari narxining keskin o‘sishi oldini olish usullari” ga bag‘ishlandi. Mazkur seminar - treningda iqtisodiyot sohasida va vazirlik tizimida uzoq yillardan buyon samarali faoliyat yuritib kelayotgan Baxtiyor Mirzaaxmadovich Mahmudov chiqish qildi.
Seminarda, eksportning o‘sishiga ta'sir etuvchi - iqtisodiy o‘sish, valyuta ayirboshlash kursi, yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushishi kabi asosiy omillar atroflicha ko‘rib chiqildi. Shuningdek, tashqi dunyo bozorlarida tovarlarga narxning oshishi (xolding foydasi), tashqi hamkor mamlakatlarda yuqori iqtisodiy o‘sish kabi tashqi omillarga ham to‘xtalindi.
Bundan tashqari, eksportning o‘sishi - ijobiy (valyuta resurslari hamda oltin-valyuta zaxiralarining ko‘payishi, so‘mning ayirboshlash kursining barqarorligi ta'minlanishi, import hisobiga yuqori texnologik mashina va uskunalarni olib kelish imkoniyati tug‘ilishi) yoki salbiy (eksport resurs sifatida ko‘plab chiqishi ichki bozorda tanqislikni yuzaga keltirishi) holat bo‘lishi mumkinligi misollar orqali yoritib berildi.
Shu bilan birga, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zgarishi o‘zaro bog‘liqligi (eksport importga, import eksportga, import ishlab chiqarish hajmiga, eksport va import to‘lov balansi joriy operatsiyalar saldosiga hamda boshqa makroiqtisodiy parametrlarga bog‘liqligining sabablari ham seminar-treningda batafsil ochib berildi.
Treningda, yosh iqtisodchilarga xalqaro amaliyotda urf bo‘lgan Milliy hisobchilik tizimi schyotlari va ko‘rsatkichlaridan iqtisodiy tahlilda foydalanish tavsiya etildi.
Yosh iqtisodchilar seminar-treningda ko‘tarilgan mavzularni katta qiziqish bilan tingladilar va amaliyotda judayam asqotishiligini alohida ta'kidlashdi.
Seminar-trening taqdimotini yuklab oling (.rar - 409 kb)
Vazirlik Axborot xizmati