Qoraqalpog‘istonda yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi
08/08/2017 - 09:39 8153
Qoraqalpog‘iston Respublikasining Chimboy tumanida O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan yosh tadbirkor va fermerlar bilan ochiq muloqot o‘tkazildi.
Prezidentimizning 2017-yil 5-iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi farmoni hamda 2017-yil 18-iyuldagi “O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini takomillashtirishga doir kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan tadbirda Kegeyli, Qorao‘zak, Taxtako‘pir va Chimboy tumanlarida faoliyat olib borayotgan yosh tadbirkorlar, fermerlar ishtirok etdi.
Mamlakatimizda yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning intilish va tashabbuslarini rag‘batlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor navqiron avlodning zamonaviy ta’lim-tarbiya olishi, iste’dod va salohiyatini namoyon etishida muhim ahamiyat kasb etayotgani ta’kidlandi.
Tadbir doirasida tegishli vazirliklar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda tadbirkorlik faoliyatini kengaytirish, fermer xo‘jaliklarini ko‘p tarmoqli xo‘jalikka aylantirish borasida uchrayotgan muammolar, yoshlarni o‘ylantirayotgan dolzarb masalalar xususida so‘z yuritildi.
– O‘z biznesimni boshlash uchun yer olib, xususiy dorixona tashkil etishni maqsad qilgandim, – deydi chimboylik Gulbahor Jo‘lomonova. – Anchadan beri yechimi cho‘zilib kelayotgan ushbu murojaatim bugungi sayyor qabulda hal bo‘ldi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi mahallalardagi biz kabi uyushmagan yoshlarning ham dardini eshitayotgani, hayotda munosib o‘rin topishimizga ko‘maklashayotganidan hursandmiz.
Muloqotda turli hududlardan kelgan yosh tadbirkor va fermerlarning takliflarini, ularni qiynayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.
Ellikqal’a tumanida ham shunday uchrashuv o‘tkazilib, unda Beruniy, To‘rtko‘l, Amudaryo tumanlaridagi yosh fermer va tadbirkorlar ishtirok etdi.
Manba: O‘zA