Axborotnoma
20/07/2017 - 19:25 13242
2016-yil 26-fevralda qabul qilingan “2016-2020-yillarda xizmatlar sohasini rivojlantirish dasturi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 55-son Qarori ijrosining ta'minlanishi yuzasidan
AXBOROTNOMA
Bugungi kunda manzilli ijtimoiy himoya siyosati sharoitida iqtisodiyotning xizmat ko‘rsatish tarmog‘i aholining bandligini ta'minlash, daromadini oshirish va turmush sifatini yuksaltirishning muhim omillaridan sanaladi.
Vazirlar Mahkamasining 2016-yil 26-fevraldagi 55-sonli qarorida ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida joriy yilning yanvar-iyun oylari mobaynida xizmatlar hajmining 111,6 foizga o‘sishini hamda YAIMning 55,8 foizini ta'minladi.
Hisobot davrida ko‘rsatilgan xizmatlar 48,8 trln. so‘mni yoki kishi boshiga (har bir kishi uchun) 1,5 mln. so‘mni tashkil etdi (2016-yilning yanvar-iyun oyiga nisbatan 109,8 %).
Ushbu davr mobaynida moliyaviy xizmatlar (131,6 %), aloqa va informatizatsiyalash xizmatlari (116,2 %), yashash va oziq-ovqat xizmatlari (115,2 %) hamda tibbiy xizmat ko‘rsatish (114,7 %) sohalarida yuqori o‘sish sur'atlar bilan o‘sishiga erishildi (1-jadval).
Hududlar kesimida tahlil etiladigan bo‘lsa, bu ko‘rsatkichlar: Toshkent shahrida - 113,7 %, Namangan viloyatida - 111,9 %ga o‘sgan, Andijon, Navoiy, va Farg‘ona viloyatlarida esa o‘sish sur'ati 111 %dan kam bo‘lmadi.
Shunisi quvonarliki, viloyatlarning shahar va tumanlarida yangidan-yangi infratuzilmalar barpo etilmoqda, tadbirkorlik faoliyati yaqindan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Hisobot davrida birgina hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida 6,2 mingta loyiha amalga oshirilib, unga 651 mlrd. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari yo‘naltirildi.
Yuqori o‘sish sur'atlari yangi paydo bo‘lgan xizmat ko‘rsatish turlarida sodir bo‘lmoqda. Masalan, axborotlashtirish va aloqa xizmati doirasining kengayishi, asosan, aholining telekommunikatsiya tarmoqlariga ulanishida texnik imkoniyatlarining o‘sishi hisobiga xizmat ko‘rsatish sifatining ortishi, televideniye va telefon aloqalarining raqamli tizimga o‘tkazilishi hisobiga ortganini kuzatish mumkin.
Buni telekommunikatsiya kompaniyalari tomonidan faol investitsiya strategiyasini amalga oshirilayotgani bilan ham tavsiflash mumkin, ya'ni respublika bo‘yicha bazaviy stansiyalardagi operatorlarning soni 19140 tani tashkil etib, 946 kilometrlik optik tolali aloqa liniyalari o‘tkazildi. Mobil aloqa abonentlarining soni 21,7 million kishiga yetdi.
Bu borada transport xizmatlari yo‘nalishida ham sezilarli o‘zgarishlar bo‘lib, hisobot davrida 13,4 trln. so‘mlik xizmatlar ko‘rsatildi (o‘sish sur'ati 108,6 %). Ko‘pgina investitsiya loyihalari temir-yo‘llari va havo-yo‘llari transportida hamda avtomobil yo‘llarini ta'mirlash ishlarida amalga oshirildi. Shu bilan birga, yanvar-iyun oylarida yo‘lovchilar tashish bilan bog‘liq bo‘lgan 41 ta yangi yo‘nalish tashkil etildi.
2016-2017-yillar mobaynida hukumat tomonidan qabul qilingan qarorlar doirasida yurtimizda turizm sohasining yangi taraqqiyot bosqichlarini tartibga soluvchi me'yoriy-huquqiy baza ham takomillashtirilmoqda.
Axborot xizmati