Imkoniyat keng, faoliyat erkin
19/07/2017 - 16:52 19989
Tadbirkorlik harakati qachon va qay holatda rivojlanadi? Mazkur savolga barchamiz “Albatta, ish yuritish uchun qulay muhit, shart-sharoit yaratilsa”, deb javob berishimiz aniq. Zero, bular soha ravnaqiga xizmat qiluvchi asosiy omillardir.
Darhaqiqat, qayerda biznes yuritish uchun emin-erkin imkoniyat bo‘lsa, o‘sha joyda o‘sish kuzatiladi. Shu ma'noda, yurtimizda istiqlol yillarida qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik ravnaqi yo‘lida uchrayotgan ayrim byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqdaki, bularning barchasi soha vakillari ishiga baraka kiritmoqda. Ushbu yo‘nalishdagi yumushlar keyingi besh-olti oy ichida yanada kengayib, ommaviy tus olayotgani, ayniqsa, diqqatga sazovor. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joylarga qilgan safarlari chog‘ida mazkur masalaga alohida to‘xtalib, ishbilarmonlar bilan dildan suhbatlashmoqda. Ularni qiynayotgan muammo va kamchiliklar bilan shaxsan qiziqayapti.
Bunday uchrashuvlarda tadbirkorlikni rivojlantirish, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish iqtisodiyotimiz va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirishga xizmat qilishi bot-bot ta'kidlanmoqda.
Huquqiy asos — hal qiluvchi omil
— Davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan tasdiqlangan “2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi” mazkur yo‘nalishdagi islohotlarni yangi bosqichga ko‘tardi, — deydi Iqtisodiyot vazirligining Ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Abduazizov. — Chunki aynan ushbu dasturga muvofiq, joriy yilning o‘zida tadbirkorlik sub'yektlari faoliyati uchun maksimal darajada qulay shart-sharoitni vujudga keltirish maqsadida 3 ta qonun, Prezidentimizning 20 dan ortiq Farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 25 ta qarori qabul qilindi.
Davlatimiz rahbarining “Kichik va xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlash tizimini yanada kengaytirish va soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda “Tadbirkorlik sub'yektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish tizimini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari tom ma'noda soha istiqbolining huquqiy kafolati bo‘ldi. Sababi, ushbu ikki hujjatda ishbilarmonlikni kengaytirishga daxldor ko‘plab dolzarb vazifalar o‘z ifodasini topdi.
Jumladan, mikrokreditlash uchun qamrab olinadigan shaxslar sifatida o‘rta va oliy ta'lim muassasalari bitiruvchilari, muddatli harbiy xizmatdan qaytgan shaxslar, mehnat organlarida ro‘yxatga olingan band bo‘lmagan fuqarolar, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan aholi, shuningdek, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tavsiyanomalari bo‘yicha ishga joylashishga ehtiyojmand bo‘lganlar alohida ko‘rsatib o‘tildi. Eng muhimi, ular eng kam ish haqining 200 barobarigacha miqdoridagi mikrokreditni yaratgan ish joyiga qarab imtiyozli foiz va shartlar asosida olish huquqiga ega bo‘lishdi.
Bundan tashqari, yangi ro‘yxatdan o‘tgan yuridik shaxs tashkil etmagan tadbirkorlik sub'yektlari va keng aholi qatlamiga mikrokreditlar ajratish mexanizmi soddalashtirildi. Uzoq va borish qiyin, mehnat resurslari ortiqcha bo‘lgan hududlar ahlini Imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan mikrosarmoyalar bilan ta'minlash yo‘lga qo‘yildi. 2021-yilgacha ro‘yxatdan o‘tgan hamda alohida faoliyat turlari bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar esa qat'iy belgilangan soliq to‘lovlaridan olti oy muddatga ozod etildi.
Interaktiv xizmatlar afzalligi
Joriy yilning aprel oyidan boshlab tadbirkorlik sub'yektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va hisobga qo‘yish internetdagi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga integratsiyalashgan tizim orqali uzluksiz ravishda amalga oshirilmoqda. Pirovardida hozirgacha 1644 nafar yakka tartibdagi tadbirkor hamda 1506 ta yuridik shaxs mazkur tizim imkoniyatlaridan foydalangan holda masofadan ro‘yxatdan o‘tdi.
Shu bilan birga, Prezidentimizning 2017-yil 1-fevraldagi “Tadbirkorlik sub'yektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, faqat shu yilning o‘zida “yagona darcha” markazlari orqali ko‘rsatiladigan qo‘shimcha davlat xizmatlari soni 18 taga yetkazilib, 2018 — 2020-yillarda bu ko‘rsatkichni yana 68 taga ko‘paytirish ko‘zda tutilgan. Keyingi yildan boshlab qog‘oz shaklida beriladigan maxsus blankalardagi ruxsatnoma va litsenziyalarni majburiy rasmiylashtirish bekor qilinadi.
— 2008-yildan buyon tadbirkorlik sohasida faoliyat ko‘rsatib kelayapmiz, — deydi Jizzax viloyatidagi “Gulshana tekstil invest” mas'uliyati cheklangan jamiyati bosh menejeri Jahongir Qo‘ldoshev. — Yaratib berilayotgan bu kabi yengilliklar ishimizga yanada unum bag‘ishlamoqda. Chunki biz xorijdan yengil sanoat uskunalari keltirish bilan birga, tayyor kiyim-kechaklar tikish bilan ham shug‘ullanamiz. Tashqi bozorga chiqishda esa aynan tezkorlik muhim ahamiyatga ega.
Iqtisodiy zonalar qulayligi nimada?
Ularning eng katta ustunligi ma'lum bir soha yoki tarmoqqa ixtisoslashtirilishidir. Qolaversa, bunday maxsus hududlarda ish boshlaydigan sanoat korxonalariga qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar beriladi. Jumladan, Prezidentimizning joriy yil 3 maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmoniga berilgan sharhda hozirgi kunda respublikamizga dunyo farmatsevtika sanoatida ishlab chiqarilayotgan 6300 nomdagi dori-darmon vositalari import qilinayotgani, farmatsevtika korxonalarining xorijiy xom ashyo va materiallarga bog‘liqligi soha rivojiga asosiy to‘siq bo‘lib qolayotgani qayd etilgan. Qolaversa, unda xalqaro tibbiyot amaliyotida foydalanilayotgan 350 turdagi dorivor o‘simliklardan 71 tasi o‘zimizda yetishtirilayotgani talab va ehtiyoj katta bo‘lgan dori-darmon vositalarini mahalliy sharoitda uzluksiz ishlab chiqarish uchun yetarli emasligiga urg‘u berilgan. Shu bois ushbu erkin iqtisodiy zonalar orqali bu kabi masalalar yechimini topish, farmatsevtika sanoati rivojiga hissa qo‘shuvchi ishlab chiqaruvchi sub'yektlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, mahalliylashtirish jarayonlarini yanada faollashtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanligi ta'kidlab o‘tilgan.
Erkin iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan investitsiya kiritilganida, bir qator soliq va ajratmalardan, bojxona to‘lovlaridan ozod etilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, mazkur hudud korxonalari eksport va import qilinadigan tovarlar uchun o‘zlariga qulay bo‘lgan hisob-kitob shaklidan foydalanish huquqiga ega bo‘lmoqda. Bunday imtiyoz hamda qulayliklar, tabiiyki, sarmoyadorlar qiziqishini oshirishi barobarida, Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad — ichki bozorni keng turdagi, sifatli dori-darmonlar hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘ldirishga xizmat qilishi tayin.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 12-yanvardagi Farmoni asosida tashkil etilgan “Qo‘qon” erkin iqtisodiy zonasi esa uchta hududga bo‘lingan. Ayni paytda shularning ikkinchisida tadbirkorlarga umumiy qiymati 658 milliard so‘m va 81,2 ming AQSH dollarilik 145 ta loyihani ro‘yobga chiqarishi uchun 215 gektar yer maydoni ajratilgan. Bu yerda, shuningdek, logistika markazi, bojxona posti, kommunikatsiya tarmoqlari, ichki va tashqi yo‘llar, temir yo‘l hamda infratuzilma ob'yektlari joylashtiriladi. Pirovardida sanoat zonasida qurilish materiallari ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “Avalon prizma”, meva-sabzavotlarni chuqur qayta ishlovchi “Atlant delta”, velosiped ishlab chiqarishga mo‘ljallangan “Kokand Bicycles” kabi ko‘plab korxonalar tashkil etilib, yuzlab kishilar bandligi ta'minlanadi.
Umuman, mamlakatimizda 14 ta erkin iqtisodiy zona tashkil etilgan bo‘lsa, shundan 7 tasi farmatsevtika, qolgani yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan. Texnopark shaklidagi kichik sanoat zonalari 9 taga, kichik sanoat zonalari esa 64 taga yetkaziladi. Eng muhimi, ularning barchasi erkin va imtiyozlar asosida faoliyat yuritadi.
Muammolarni aniqlashning samarali usuli
Aholi va ma'lum bir soha vakillari orasida o‘tkaziladigan har qanday so‘rov yutuqlar qatorida, kamchiliklarni ham aniqlashda qo‘l keladi. Undan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu.Bundan bir muddat oldin O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi tomonidan tadbirkorlar ishtirokida hududlar bo‘yicha shunday so‘rov uyushtirildi. Unda qatnashgan ishbilarmonlar banklardan ish haqini naqd pulda olish, kredit ajratilishida norasmiy to‘lovlarning talab etilishi, korxonalarni tugatish va yer ajratish tartibotlarining murakkabligi, mahalliy avtomobil yo‘llarining sifatsizligi kabi omillarni ish samaradorligiga xalaqit beruvchi holatlar sifatida ko‘rsatib o‘tishdi.
E'tibor bersangiz, so‘nggi paytlarda qabul qilinayotgan barcha huquqiy hujjatlar zamirida ana shunday salbiy holatlarga barham berish orqali sohani yanada rivojlantirish maqsadi yotibdi.
Bundan tashqari, bevosita Prezidentimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan va bugungi kunda jadal amalga oshirilayotgan Harakatlar strategiyasida iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirishga qaratilgan 40 dan ortiq chora-tadbirlar ko‘zda tutilganini ham alohida ta'kidlash lozim.
Biroq oldinda qilinishi zarur bo‘lgan ishlar ham talaygina. Bunga yaqinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida bo‘lib o‘tgan Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishida alohida urg‘u berilib, oxirgi yillarda kichik biznesni rag‘batlantirish yuzasidan ko‘plab qarorlar qabul qilinganiga qaramay, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘lida to‘siqlar hali ham mavjudligi tanqid qilindi. Bu borada samarador usullarni qo‘llash vaqti allaqachon yetib kelgani qayd etildi. Demak, kelgusida respublikamizda tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash ishlari yanada jadallashib boraveradi.
«Xalq so‘zi» gazetasi Iqtisodiyot vazirligi bilan hamkorliklda