Dehlida O‘zbekiston iqtisodiy salohiyatining taqdimoti
06/05/2017 - 11:06 7650
Mamlakatimizning Dehlidagi elchixonasida O‘zbekistonda biznes yuritish va sarmoyaviy faoliyat sharoitlari” mavzusiga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. “Hindiston - MDH” savdo-sanoat palatasi ko‘magida tashkil etilgan ushbu tadbirda mazkur palata atrofiga uyushgan hind kompaniyalari, Savdo va sanoat vazirligi, Sanoatni rivojlantirish bo‘yicha kengash, Dehlida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya missiyalari hamda ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdilar.
Taqdimot qatnashchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 7-fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida o‘z ifodasini topgan asosiy jihatlar bilan yaqindan tanishdilar. Shuningdek, ular respublikamiz rahbariyati tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashga qaratilayotgan e'tibor to‘g‘risidagi ma'lumotlardan ham voqif bo‘lishdi. Xususan, mamlakatimizda qabul qilingan «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuni tafsilotlari ham tadbir qatnashchilarining e'tiboriga havola qilindi. Alohida ta'kidlanganidek, ushbu muhim hujjat korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy munosabatlarni to‘liq qonuniy tartibga solishga, davlat organlari, tashkilotlar hamda fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan amalga oshirilayotgan korrupsiyaga qarshi qaratilgan chora-tadbirlar samaradorligini oshirishga, shuningdek, korrupsiyani ijtimoiy hayotning barcha sohalaridan to‘liq bartaraf etishga, fuqarolarning huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish orqali jamiyatda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishlariga toqat qilmaslik muhitini yaratishga xizmat qiladi.
Marosim chog‘ida istiqbolli loyihalar ro‘yxati bilan birga davlat aktivlarini erkin savdolarda “0” qiymatida xususiy mulk egalariga sotish shartlari, erkin-industrial zonalarda ro‘yxatdan o‘tish va imtiyozlar berilishi tartibi hamda O‘zbekistondan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlariga tayyor mahsulotlarning eksporti bo‘yicha kooperatsiya imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma'lumotlar taqdimot ishtirokchilariga ma'lum qilindi.
Yuqoridagilardan tashqari, xususiy mulk, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning mustahkam muhofazasini ta'minlash yuzasidan olib borilayotgan ishlar, 2015-2018 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini tiklash va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarning majmuaviy dasturi xususida ham atroflicha fikr yuritildi.
“Hindiston - MDH” savdo-sanoat palatasi prezidenti Sandip Chandra o‘z chiqishida ushbu taqdimot hind kompaniyalarida O‘zbekistonga nisbatan katta qiziqish mavjud ekanligini yana bir bor tasdiqlaganini aytdi.
- Farmatsevtika, to‘qimachilik sanoati, infratuzilma loyihalarini hayotga tadbiq etish hind tomonida alohida qiziqish uyg‘otadi, negaki biz ham bu yo‘nalishlarda salmoqli muvaffaqiyatlarga erishganmiz, - dedi u. - Hindiston tomoni hozirgi paytda joriy yil 28-29-may kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo qo‘shma komissiyaning bo‘lajak yig‘ilishi doirasida Hindiston ishbilarmon doiralarining delegatsiyasini shakllantirish bilan shug‘ullanmoqda. Ishonchim komilki, oldinda turgan O‘zbekistonga safar juda muvaffaqiyatli bo‘lgani barobarida bizlarning iqtisodiy, sarmoyaviy va savdo yo‘nalishlaridagi hamkorligimiz rivojiga yangi turtkini beradi.
“Hindiston - MDH” savdo-sanoat palatasi faxriy prezidenti Rajan Madxu mamlakatimiz tarixan qisqa davr oralig‘ida taraqqiyot yo‘lida ulkan muvaffaqiyatlarni qo‘lga kiritganini e'tirof etdi.
- O‘zbekiston iqtisodiy o‘sish sur'atlari bilan dunyoning ko‘pgina mamlakatlarini ortda qoldirdi, - dedi R.Madxu. - Mamlakatda xorijlik sarmoyadorlar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. O‘zbekistonda farmatsevtika, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash va boshqa qator jabhalarda hali ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjuddir.
Manba: “Jahon” AA