2016-yilda O‘zbekistonda 11,1 milliard dollarlik mahsulot eksport qilindi
06/05/2017 - 09:37 8318
Poytaxtimizda «O‘zbekiston Respublikasi eksport salohiyati: zarur sharoitlar va o‘sish imkoniyatlari» mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklari assotsiatsiyasi hamda Bank-moliya akademiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov, Markaziy bank raisi o‘rinbosari Sh.Shoahmedov va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim omil bo‘layotganini ta’kidladi.
2016-yil mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tomonidan 11 milliard 100 million dollarlik mahsulot eksport qilingan, 877 korxona eksport faoliyatiga yangidan jalb etilgan. Eksport geografiyasini kengaytirish ustida olib borilayotgan izlanishlar natijasida o‘tgan yili mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari Yevropa, Osiyo va Afrika qit’alarida 60 yangi bozorga kirib borgan.
Xorij mamlakatlari bilan aloqalarning chuqurlashuvi mamlakatimiz eksport salohiyatining ortishida qulay sharoit sifatida baholanmoqda. Davlatimiz rahbarining 4-5-aprel kunlari Rossiyaga davlat tashrifi davomida imzolangan umumiy qiymati 16 milliard dollarga teng ellikdan ziyod kelishuv buning yorqin dalilidir.
Eksport salohiyatini oshirishda xorijiy sarmoyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha qulay shart-sharoitlar yaratish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Navoiy, Toshkent, Jizzax, Sirdaryo, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Xorazm viloyatlarida tashkil etilgan erkin iqtisodiy zonalar chet ellik investorlarning mamlakatimiz bilan hamkorlik qilishga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qilmoqda.
Erkin iqtisodiy zonalarda faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlariga turli imtiyozlar, qulayliklar yaratilmoqda. Xususan, bu hududlarda alohida soliq, bojxona va valyuta rejimi amal qiladi. Tadbirkorlik subyektlarining muhandislik-telekommunikatsiya infratuzilmasi tarmoqlariga ulanishini osonlashtirish maqsadida EIZlar direksiyalarida «yagona darcha» tamoyili bo‘yicha ruxsatnomalar berilishi yo‘lga qo‘yilayotir.
Mahalliy xomashyodan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega, xalqaro bozorda raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirishda Prezidentimizning 2016-yil 26-dekabrdagi «2017-2019-yillarda tayyor mahsulot turlari, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirishning istiqbolli loyihalarini amalga oshirishni davom ettirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori muhim dasturilamal bo‘layotir. Unga ko‘ra, 2019-yilgacha 1 ming 146 loyiha amalga oshirilishi hisobiga bugungi kunda talab yuqori bo‘lgan sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan.
Konferensiyada bank-moliya tizimi ekspertlari, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodim-izlanuvchilar, amaliyotchi mutaxassislar ilmiy ma’ruzalar bilan qatnashdi.
Manba: O‘zA