Shifobaxsh giyohlardan dori vositalari

21/02/2017 - 16:23 7980

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2016-yil 31-oktabrdagi “Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta’minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida mahalliy giyohlardan dori vositalari ishlab chiqarishni ko‘paytirish hisobidan farmatsevtika mahsulotlarini mahalliylashtirishni kengaytirish, aholiga sifatli va arzon dori vositalari yetkazib berishga doir muhim yo‘nalishlar belgilab berilgan.

Ushbu qaror ijrosi doirasida Jizzax viloyatida ham dorivor giyohlardan dori-darmonlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada “O‘zfarmsanoat” davlat aksiyadorlik konserni bilan hamkorlikda bir necha loyihalar amalga oshirilayotir. 

Dori-darmon ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Zomin pharm” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan 7,4 milliard so‘mlik yangi loyiha amalga oshirilmoqda. Loyihaning birinchi bosqichida yiliga 5 million dona antibiotik, emlash vositalari hamda kiyik o‘ti, qizilmiya, moychechak, yalpiz kabi dorivor giyohlarni qadoqlash yo‘lga qo‘yildi. 

Zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlangan korxonada suyuq dori tayyorlash hamda qadoqlash bo‘limlari, laboratoriya samarali faoliyat yuritmoqda. Tayyor mahsulotlar maxsus qurilgan omborxonada saqlanayotir. 

Loyihaning ikkinchi bosqichi joriy yilning mart oyida ishga tushiriladi. Bu 6 million flakon suyuq dori hamda yirik miqdorda 3 turdagi tabletkalar tayyorlash imkonini beradi. 

Ayni paytda korxona mahsulotlarini eksportga yo‘naltirish bo‘yicha ham izlanishlar olib borilmoqda. Shu maqsadda Belarus Respublikasi bilan muzokaralar olib borilayotir. 

– Korxonaning eng so‘nggi rusumdagi texnologiyalar bilan jihozlangani ekologik toza dori mahsulotlari ishlab chiqarishda yaxshi samara bermoqda, – deydi “Zomin pharm” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari X.Abduvaliyev. – Bu jahon bozoriga chiqishning ham asosiy sharti. Mutaxassislarimiz tibbiy vositalar bozorini muntazam o‘rganib bormoqda. 

Ayni paytda 37 kishi mehnat qilayotgan korxona to‘la quvvat bilan ishlay boshlagach, ishchilar soni 150 nafarga yetadi. 

Manba: O‘zA