O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Jamoatchilik maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
24/01/2017 - 18:04 9022
Xalq bilan bevosita muloqotda bo‘lish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlarni ishlab chiqish va ushbu sohadagi qonunchilik normalarini erkinlashtirish jarayonlariga tadbirkorlik sub'yektlarini keng jalb qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 5-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyatining jadal rivojlanishini ta'minlashga, xususiy mulkni har tomonlama himoya qilishga va ishbilarmonlik muhitini sifat jihatidan yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni bilan belgilangan muhim vazifalardan biridir.
Shu maqsadda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzurida jamoatchilik maslahat kengashi tashkil etilib, uning tarkibiga qator vazirlik va idoralar, jumladan nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning mas'ul xodimlari, shuningdek tadbirkorlik sub'yektlari va xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar vakillari kiritildi.
Joriy yilning 23-yanvarida jamoatchilik maslahat kengashining birinchi yig‘ilishi o‘tkazilib, unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasi” to‘g‘risidagi Farmoni doirasida “Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili” Davlat dasturida ko‘zda tutilgan iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Yig‘ilishda Jamoatchilik maslahat kengashi a'zolari, Moliya vazirligi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat statistika qo‘mitasi, Savdo-sanoat palatasi, “Tadbirkor ayol” uyushmasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK, Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbarlari va ma'sul xodimlari, shuningdek biznes vakillari ishtirok etishdi.
Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan ishlab chiqilgan 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan harakatlar strategiyasi islohotlarning samaradorligini tubdan oshirish, davlat va jamiyatning har tomonlama jadal rivojlanishini ta'minlovchi shart-sharoitlarni yaratish, mamlakatni modernizatsiya qilish va hayotning barcha sohalarini erkinlashtirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlarni qamrab oladi.
Yig‘ilish davomida ishtirokchilarga mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va asosiy normalari tushuntirilib, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va iqtisodiy o‘sish sur'atlarini saqlab qolish, xususiy mulkchilik va tadbirkorlikni rivojlantirish, shuningdek qishloq xo‘jaligida tarkibiy o‘zgartirishlarni amalga oshirish yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida yig‘ilish ishtirokchilari mazkur hujjat bo‘yicha o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashib, unga qo‘shish uchun yangi takliflarni bildirish imkoniga ega bo‘ldilar.
Xususan, Xalqaro moliya korporatsiyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Z. Hoshimov mazkur hujjat loyihasini respublika aholisining manfaatlari va dolzarb muammolarini har tomonlama o‘rganish, jamiyatning keng qatlamlaridan izohlar, fikrlar va takliflar olish maqsadida davlat muhokamasiga joylashtirish bo‘yicha mamlakat rahbariyatining qarori muhim ahamiyat kasb etishini ta'kidladi. Shu o‘rinda, Jahon banki guruhi va Xalqaro moliya korporatsiyasi O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha harakatlar strategiyasini amalga oshirishda faol hamkorlikni davom ettirish, jumladan yetakchi mutaxassislarni jalb etish va ilg‘or chet el tajribasini inobatga olgan holda alohida chora-tadbirlarni amalga oshirishda ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
“DEU tekstil” XK MCHJ menejeri M. Hakimova tomonidan to‘qimachilik tarmoqlari uchun xom ashyo ishlab chiqaruvchi korxonalarga nisbatan xorijiy valyutadagi tushumning bir qismini majburiy sotishga bo‘lgan talabni bosqichma-bosqich bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish taklifi bildirildi.
O‘z navbatida, “Andijonkabel” XK AJ bosh direktori U. Vahobov mahsulot tannarxini pasaytirish va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega bo‘lgan kabel mahsulotlari eksportini rag‘batlantirish maqsadida eksport qilishdan tushgan xorijiy valyutaning bir qismini sotish majburiy bo‘lgan tovarlar ro‘yxatini qaytadan ko‘rib chiqish taklifini berdi.
Sog‘lom raqobat muhitini yaratish hamda yangi meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Davlat raqobat qo‘mitasi vakili U. Kamoliddinov hududlarda qishloq ho‘jaligi mahsulotlarini xarid qilish mexanizmini, shu jumladan yangi meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishga ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari va agrofirmalar uyushmalarini tashkil qilish va ularni rivojlantirishni rag‘batlantirish masalasini ko‘rib chiqishni taklif qildi.
“Tadbirkor ayol” uyushmasi raisi G. Mahmudova joylarda ayollar tadbirkorligini rivojlantirishni rag‘batlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni yanada faollashtirish borasidagi chora-tadbirlarga e'tibor qaratgan holda mazkur hujjatning muhimliligini ta'kidladi. Xususan, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish maqsadida xalqaro grant mablag‘larini va xorijiy kredit liniyalarini jalb qilish imkoniyatini ko‘rib chiqish hamda Global Enterpreneurship Monitor (Buyuk Britaniya) halqaro tashkiloti tadqiqotlari doirasida ayollar tadbirkorligining rivojlanishi va salohiyatini baholash reytingida O‘zbekiston Respublikasining ishtirokini ta'minlash masalasini o‘rganib chiqishni tavsiya qildi.
«Dentafil plyus» MCHJ ijrochi direktori S. Isanbayev tomonidan majburiy oldindan to‘lovni amalga oshirmagan holda eksport qilish tartibini joriy etish taklifi bildirildi. Shu bilan birga, yig‘ilish qatnashchilari fikriga ko‘ra, mazkur mexanizmni joriy qilish maqsadida korxonalar to‘lov qobiliyatini va tashqi savdo faoliyatidagi ishtiroki tarixini inobatga olgan holda mavjud xatarlarni baholash imkonini beruvchi eksportchi korxonalar reyestrini tashkil qilish zarur.
Shuningdek, tadbirkorlar tomonidan respublika hududlarida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish va qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun ajratilgan yer maydonlaridan samarasiz va maqsadsiz foydalanish holatlari mavjudligi qayd etildi. Mazkur holatlarning oldini olish uchun bozor mexanizmlariga asoslangan ta'sir choralaridan foydalangan holda yer maydonlaridan foydalanish samaradorligini oshirish taklifi bildirildi.
Shu bilan birga, yig‘ilishda Savdo-sanoat palatasi, Davlat soliq qo‘mitasi, “O‘zbekoziqovqatxolding” XK vakillari hamda kengashning boshqa a'zolari so‘zga chiqdilar.
Ko‘rib chiqilgan masalalar bo‘yicha ishtirokchilar fikrini inobatga olgan holda Jamoatchilik maslahat kengashi tomonidan mazkur takliflarni O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha harakatlar strategiyasini ishlab chiqish bo‘yicha ishchi guruhiga hujjat loyihasiga qo‘shish maqsadida ko‘rib chiqish uchun yuborish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.