Genç Bürokrat O‘zbekistonning sarmoyaviy va sayyohlik imkoniyatlari haqida
28/12/2016 - 17:22 10188
Turkiyaning Genç Bürokrat (“Yosh boshqaruvchi”) ijtimoiy-siyosiy jurnalida O‘zbekistonga bag‘ishlangan maqola chop etildi.
Unda asosiy e'tibor O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning bugungi rivojlanish holati, mamlakatimizning sarmoyaviy va sayyohlik salohiyati, mustaqillik yillarida erishilgan yutuqlar hamda o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosiga e'tibor qaratilgan.
“Bugun O‘zbekiston dunyoda zamonaviy, jadal rivojlanayotgan davlat sifatida e'tirof etiladi, - deyiladi maqolada. - Milliy iqtisodiyot nafaqat son jihatidan, balki sifat jihatidan ham o‘zgardi. Mamlakatning yalpi ichki mahsulot tizimida sanoat va xizmat ko‘rsatish sohalarining ulushi izchil oshib bormoqda. Agar 1990-yilda ushbu sohalar ko‘rsatkichlari 17,6 va 33,8 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2015-yilda 33,5 va 54,4 foizga yetdi”.
Maqolada hozirgi davrda O‘zbekiston zamonaviy taraqqiyotining dolzarb strategik yo‘nalishlaridan biri mamlakatda biznes yuritish uchun yanada qulay investitsiya va ishbilarmonlik muhitini shakllantirish hisoblanishi alohida ta'kidlanadi.
“O‘zbekistonda xorijiy davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va moliyaviy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishga ustuvor vazifa sifatida qaralmoqda, - deb yozadi Genç Bürokrat. - Turkiya O‘zbekistonning yirik savdo sheriklaridan biri hisoblanadi.
Ikkala mamlakatning iqtisodiy rivojlanish salohiyati va sur'atlaridan kelib chiqib, mavjud zaxiralardan foydalanish hamda mahsulotlar va xizmatlar turlarini diversifikatsiya qilish evaziga o‘zaro savdo aloqalarini sezilarli darajada kengaytirish mumkin”.
Nashr jurnalxonlarni O‘zbekistonning investitsiya tarmog‘idagi ustuvor yo‘nalishlari, xususan, xorijiy sarmoyadorlarga beriladigan imtiyoz va qulayliklar bilan batafsil tanishtiradi.
Shuningdek, maqola muallifi o‘zbek xalqining boy tarixiy-madaniy merosi va mamlakatimizning sayyohlik imkoniyatlari haqida so‘z yuritadi. “O‘zbekistonda turizm sanoatini modernizatsiya qilish, sohaning barqaror rivojlanishi uchun me'yoriy-huquqiy bazani ishlab chiqish va takomillashtirish hamda chet ellik mehmonlarga xalqaro andozalarga mos holda xizmat ko‘rsatilishini tashkil etish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda”, - deya xulosa qiladi Turkiya nashri.
Manba: “Jahon” AA