“Afrosiyob”ning navbatdagi manzili Buxoro
26/08/2016 - 14:09 9151
Vatanimiz mustaqilligining yigirma besh yilligi arafasida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdining Toshkent – Buxoro yo‘nalishi bo‘yicha qatnovi yo‘lga qo‘yildi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mustaqilligimizning dastlabki yillaridanoq temir yo‘l transportini izchil rivojlantirish orqali yagona milliy temir yo‘l tizimini yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Uzoq istiqbolga mo‘ljallangan maxsus dasturlar, loyihalar asosida ushbu sohada keng ko‘lamli islohotlar, ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Buning samarasida o‘tgan yigirma besh yilda yangi temir yo‘l liniyalari barpo etilib, asosiy tranzit uchastkalar rekonstruksiya qilindi va elektrlashtirildi. Yangi yo‘nalishlar tashkil etilib, yangi yo‘llar, vokzallar qurildi, mavjud temir yo‘l vokzallari ta’mirlandi.
Navoiy – Uchquduq – Sulton Uvaystog‘ – Nukus temir yo‘li mamlakatimiz shimolini markaz bilan, Amudaryo orqali o‘tgan ko‘prik esa Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatini boshqa hududlar bilan bog‘ladi. “Asr mo‘jizasi” deb nom olgan noyob inshoot – Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi janubiy hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Qamchiq dovoni orqali o‘tgan Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasi va undagi Qamchiq tunnelining ishga tushirilishi Farg‘ona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning boshqa hududlari bilan temir yo‘l orqali bog‘lash imkoniyatini yaratdi. Mazkur temir yo‘l tarmog‘i Xitoy – Markaziy Osiyo – Yevropa yangi xalqaro tranzit temir yo‘l koridorining eng muhim bo‘g‘ini bo‘lib xizmat qiladi.
Bundan besh yil avval, istiqlolimizning 20-yilligi arafasida Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi bo‘lib mamlakatimizda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdi qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Keyinchalik bu boradagi ishlar boshqa yo‘nalishlarda ham davom ettirildi. 2015-yilda Maroqand – Qarshi temir yo‘l liniyasini elektrlashtirish ishlari yakuniga yetkazildi va “Afrosiyob” poyezdi Qarshi shahriga qatnay boshladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 26-martdagi “Samarqand-Buxoro temir yo‘lini elektrlashtirish va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlar harakatini tashkil etish loyihasini amalga oshirish chora- tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘tgan yili Samarqand – Buxoro yo‘nalishidagi mavjud temir yo‘l liniyalarini rekonstruksiya qilish, yangi po‘lat izlar yotqizish hamda elektrlashtirish ishlari boshlandi.
Mazkur yo‘nalishdagi temir yo‘l 259 kilometr. Umumiy qiymati qariyb 400 million AQSh dollarini tashkil etuvchi loyiha qisqa muddatda, ya’ni 16 oyda amalga oshirildi. Mingdan ortiq temir yo‘lchilar, quruvchi va mutaxassislar har qanday ob-havo sharoiti va tabiat injiqliklariga qaramay belgilangan ishlarni o‘z vaqtida, sifatli bajardi. 220 dan ortiq zamonaviy texnika va mexanizm yordamida 16,2 million kubometr tuproq ishlari bajarildi. 146 kilometrlik Maroqand – Navoiy uchastkasida yer ko‘tarma ishlari amalga oshirilib, alohida yangi temir yo‘l qurildi. Navoiydan Buxorogacha bo‘lgan masofada mavjud po‘lat izlar to‘liq rekonstruksiya qilindi.
Temir-beton tayanchlar, tutashtirish tarmoqlari, ko‘ndalang metall moslamalarning o‘z vaqtida yetkazib berilgani ish sur’atini bir me’yorda va ko‘zda tutilgan muddatda olib borish imkoniyatini berdi. E’tiborlisi, tarmoqni elektrlashtirishda ishlatilgan 6 mingdan ortiq temir-beton tayanchlari va boshqa jihozlar mahalliy korxonalar tomonidan tayyorlangan. Magistralning ikki tomonida 500 kilometrdan ziyod masofaga metall to‘siqlar o‘rnatildi.
Ushbu yo‘nalishda 222 sun’iy inshoot, jumladan, 1 piyodalar o‘tish yo‘lagi, 4 yo‘l o‘tkazgich va 4 ko‘prik qurib bitkazildi. Poyezdlarni doimiy elektr quvvati bilan ta’minlash maqsadida hududda 4 elektr stansiyasi bunyod etilib, zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlandi.
Kattaqo‘rg‘on shahrida bir yo‘la yuz nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega zamonaviy vokzal binosi qad rostladi va bugungi kun talablari darajasida jihozlandi. Uzunligi 400 metrni tashkil etuvchi beton platforma bunyod etildi.
Loyiha doirasida Buxoro vokzali zamon talablari darajasida rekonstruksiya qilindi. Eski, ko‘rimsiz bino o‘rnida 300 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan va xalqaro standartlarga to‘la javob beradigan muhtasham vokzal binosi qad rostladi. Majmuada yo‘lovchilar uchun jahon andozalariga mos sharoit yaratish maqsadida eng so‘nggi rusumdagi texnik vositalar, zamonaviy jihozlar o‘rnatildi. Keng, ko‘rkam kutish zali, chiptaxonalar, ona-bola va tibbiyot xonasi barpo etildi. Yuqori martabali mehmonlar va sayyohlarni kutib olish, kuzatishga mo‘ljallangan zal qurildi.
Eng ulug‘, eng aziz bayramimiz arafasida ushbu loyiha to‘liq nihoyasiga yetkazilib, foydalanishga topshirildi va 25-avgust kuni Toshkent – Buxoro yo‘nalishida yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” elektr poyezdining ilk qatnovi amalga oshirildi. Poyezdning dastlabki yo‘lovchilari mehnat faxriylari, temiryo‘lchilar, Buxoro, Samarqand, Navoiy viloyatlari faollari va yoshlar vakillari bo‘ldi.
– Mustaqillik yillarida yurtimizda temir yo‘l sohasida amalga oshirilgan beqiyos yangilanishlar mo‘jizaning o‘zi, – deydi Buxoro muhandislik-texnologiya instituti o‘qituvchisi Farmon Aminov. – Bundan bir necha yil oldin Buxoro va Toshkent shaharlari o‘rtasida “Sharq” tezyurar poyezdi qatnay boshlaganda poytaxtga 10-12 soatda qatnab o‘rgangan buxoroliklar bu vaqt teng yarmiga qisqarganiga ishonmagan, hatto cho‘chigan ham edik. Chunki Toshkentga borish va yana Buxoroga qaytish uchun ikki kun vaqtimiz yo‘lda o‘tardi. Buning ustiga 600 kilometrlik masofani ana shuncha vaqtda bosib o‘tishda vagonlar ichi qishda sovib ketar, yozda esa issiq va dim havoda nafas olib bo‘lmasdi. Yo‘l azobi kishini holdan toydirardi. Bunday sharoitda “Sharq” mo‘jizadek tuyulgan edi-da. Bugun endi qarang, yurtimiz taraqqiyotiga monand poyezdlarimizning ham shiddati, tezligi oshib bormoqda. Toshkent va Samarqand o‘rtasida “Afrosiyob” poyezdi qatnay boshlaganida uning imkoniyatlari haqida eshitib, havas qilgandik. O‘sha yillarda Prezidentimiz bunday poyezdlar yurtimizning boshqa hududlariga ham boradi, deb aytganida “o‘sha kunlarni biz ham ko‘ramizmi?” deb o‘ylagandik. Yaratganga shukr, bugun orzu qilgan kunga yetdik, zamonaviy poyezdning ilk yo‘lovchisi bo‘lib, hurmat-ehtirom ko‘ryapmiz. Bizga bunday baxt bergan, g‘ururimizni baland, qaddimizni tik qilgan mustaqilligimiz abadiy bo‘lsin!
– Poyezdning tezligi yuqori bo‘lsa-da, vagonlar ichida hech qanday tebranish, shovqin sezilmas ekan, – deydi “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati bo‘lim boshlig‘i Shuhrat Jo‘rayev – Mana, choy ichib ketyapmiz. Piyoladagi choyning to‘kilmay turganini ko‘rib, bir tablodagi poyezd tezligiga, bir oynadan tashqariga qarayman. Tabloda tezlik – 250 kilometrni ko‘rsatmoqda. Oynadan yurtimizning go‘zal tabiati, obod bo‘lib borayotgan shaharu qishloqlarmiz qiyofasi kino lentasidek o‘tmoqda. Bir paytlar armon, ushalmas orzu bo‘lgan istaklarimiz bugun mustaqillik tufayli, Prezidentimizning insonparvar siyosati tufayli amalga oshmoqda. Xalqimizning og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish borasida doimiy g‘amxo‘rlik ko‘rsatayotgan davlatimiz rahbaridan minnatdormiz.
25-avgust kuni soat 8.00 da Toshkent shahridan yo‘lga chiqqan poyezd oradan 2 soat 8 daqiqa o‘tib Samarqand temir yo‘l vokzalida viloyat jamoatchiligi tomonidan tantanali kutib olindi. Soat 10.30 da bir guruh samarqandlik faollar qo‘shilgan “Afrosiyob” poyezdi ilk bor Buxoro tomon yo‘lga tushdi.
– 2011-yilda Toshkent – Samarqand yo‘nalishida ushbu poyezd qatnovining yo‘lga qo‘yilishi yurtdoshlarimiz uchun juda katta qulaylik yaratish bilan birga, mamlakatimizda turizmni rivojlantirish imkoniyatlarini yanada kengaytirdi, – deydi samarqandlik mehnat faxriysi Zoir Ziyoyev. – “Afrosiyob”da ertalab Samarqandga kelib, kechki payt yana shu poyezdda Toshkentga qaytib ketayotgan sayyohlar safi kengaydi. Endi uning Buxoroga ham qatnay boshlashi qadimiy shaharga keladigan sayyohlar oqimini yanada kengaytirishi shubhasiz.
Shu kungacha yo‘lovchilar Toshkent va Buxoro o‘rtasidagi masofaga temir yo‘l orqali 7-8 soat vaqt sarflagan bo‘lsa, endi 3 soatu 20 daqiqada o‘z manzillariga zamonaviy poyezdlarda hordiq chiqarib yetib olishlari mumkin.
– Asli buxorolikman, 30-yildan buyon Samarqandda yashayman, – deydi Samarqand davlat universiteti professori Shavkat Hasanov. – Ba’zan do‘stlarimiz Buxorodan Samarqandga poyezdda osilib kelib, shu yerda qolib ketgansiz, deb mutoyiba qilishadi. Ikki qadimiy shahar o‘rtasidagi masofa 300 kilometrga yetmasa-da, o‘sha vaqtlarda shugina yo‘lni bosib o‘tish ham naqd azob edi. U kunlarning tarix bo‘lib qolganiga shukr. Mana, endi “Afrosiyob” Buxoro tomon yo‘limizni yana ham qisqa qildi. Bu poyezd Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligiga xalqimiz uchun eng katta sovg‘a bo‘ldi.
Samarqand, Navoiy viloyatlarining istiqlol bayrami shukuhi bilan yashayotgan shahar va qishloqlari, bepoyon dalalaridan yeldek uchib o‘tgan poyezd soat 11.40 da Buxoro temiryo‘l vokzaliga yetib keldi.
Bu yerda ilk poyezd va uning yo‘lovchilari Buxoro viloyati faollari, keng jamoatchilik tomonidan tantanali kutib olindi. Poyezddan tushayotganlarning tilida shukronalik, yuz-ko‘zida hayrat va quvonch. Barcha bir-birini tabriklaydi, taassurotlarini izhor etadi.
Buxoro vokzalida Toshkent – Buxoro – Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha yuqori tezlikda harakatlanadigan “Afrosiyob” poyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi.
Buxoro viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari M.Abdullayev, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi O.Ramatov va boshqalar barchani ushbu muhim voqea hamda Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligi bilan muborakbod etdi. Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimiz temir yo‘l sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuksak samaralar berayotgani ta’kidlandi.
Tadbir ishtirokchilari yangi vokzal binosi, bu yerda yo‘lovchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Viloyat markazidagi diqqatga sazovor joylarga sayohat uyushtirildi.
Shu kunning o‘zida “Afrosiyob” poyezdi Buxorodan Toshkentga qaytdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu loyihaning foydalanishga topshirilishi natijasida temir yo‘l uchastkasining o‘tkazish imkoniyati 36 foiz oshib, ekspluatatsiya xarajatlari 36 foiz kamayadi. Ushbu yo‘nalishda 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan.
Mazkur yo‘nalishda yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd qatnovi yo‘lga qo‘yilishi bilan yurtimizda bunday poyezdlar harakatlanadigan temir yo‘llar uzunligi 700 kilometrdan oshdi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Zokirov so‘zga chiqdi.