Xorijda ham xaridorgir

04/08/2016 - 11:30 7845

Prezidentimizning qarori bilan joriy yil 12-14-iyul kunlari poytaxtimizda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi sohibkorlarimizga o‘zlari yetishtirgan mahsulotlarni xorijga eksport qilishda yangi imkoniyatlar yaratdi.

Jizzax viloyati fermer xo‘jaliklari va eksportchi tashkilotlari hududda yetishtirilgan mahsulotlarni sotishda ushbu yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda.

Yarmarkadan so‘ng xorij savdo tashkilotlari vakillari Jizzax viloyatida ham bo‘lib, fermer va dehqonlar yetishtirayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining sifati bilan tanishdi. Yarmarkada viloyat sohibkorlari 221 ming 127 tonna meva-sabzavot va poliz mahsulotlari eksport qilish bo‘yicha umumiy qiymati 223 million 849 ming dollarlik shartnomalar imzoladi.

Ayni paytda shartnomalar shartlarini belgilangan muddatda bajarish ustida ishlar boshlab yuborildi. Joriy yilning o‘tgan davrida xorijga 6 million 375 ming dollarlik mahsulot eksport qilindi.

Iqlim, tuproq, suv sharoitlari meva-sabzavot va poliz uchun qulay bo‘lgan Baxmal, G‘allaorol, Zomin, Forish, Jizzax va Yangiobod tumanlarida bu ne’matlarni yetishtirish va ularni xorijga eksport qilishga alohida e’tibor qaratilayotir.

G‘allaorol tumanida meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha 5 million 352,3 ming dollarlik shartnomalar tuzildi.

– Prezidentimizning shu yil 12-apreldagi “Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori biz, fermerlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratdi, – deydi “G‘allaorol-Marjon zamini” fermer xo‘jaligi rahbari Farhod Umarov. – Xo‘jaligimizda sabzavotning serhosil, xaridorgir navlarini yetishtirmoqdamiz. Bu yil 200 tonna sabzi eksport qilish bo‘yicha shartnoma imzoladik.

Joriy yilda G‘allaorol tumanidagi 300 ga yaqin fermer xo‘jaligi eksportbop mahsulot yetishtirmoqda. Tumanda mahsulotni xorijga sotish bo‘yicha uchta eksportchi tashkilot – “Gallaorol sara meva”, “Baxmal eksport” va “Gallaorol Impeks” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari faoliyat yuritmoqda. Hozirgacha ular tomonidan 250 dan ortiq fermer xo‘jaligi bilan mahsulot eksport qilish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan.

– Hududdagi fermer xo‘jaliklari imkoniyatlarini o‘rganib, ularda yetishtirilgan mahsulotlarning namunalarini poytaxtda o‘tkazilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasida namoyish etdik, – deydi “Baxmal eksport” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Anvar Safarov. – Mahsulotlar xorijliklarga har tomonlama manzur bo‘ldi. Yarmarkada Rossiyaning “Etalon” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan 2 million 154 ming dollarlik meva-sabzavot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzoladik. Ayni paytda ushbu mahsulotni jo‘natish ishlari boshlandi.

Prezidentimizning shu yil 12-apreldagi qarori asosida ilgari paxta ekilgan 4 ming 100 gektar yerning 3 ming 850 gektariga sabzavot, kartoshka, ozuqa va moyli ekinlar ekildi.

Etishtirilgan hosilni sotish, saqlash va qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Viloyatda umumiy sig‘imi 14 ming 420 tonna bo‘lgan 31 muzlatkich, yillik quvvati 40 ming 270 tonna bo‘lgan 23 meva-sabzavot mahsulotlarini qayta ishlovchi korxona va mikrofirmalar faoliyat ko‘rsatmoqda. Moskva, Novosibirsk, Yekaterinburg kabi shaharlarda “Jizzax” savdo uylari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Davlatimiz tomonidan yaratilayotgan imtiyoz va imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan fermer va tadbirkorlar el-yurtimiz dasturxoni to‘kinligini ta’minlash bilan birga, xorijga ham meva-sabzavotlar eksport qilmoqda.

O‘zA