Mehmondo‘st, bag‘rikeng xalqimizning dasturxoni ham to‘kin-sochin

21/07/2016 - 18:13 7985

   I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi natijalari haqida

Hech kimga sir emas, O‘zbekiston – ulkan imkoniyatlar mamlakati sanaladi. Shu bilan birga, yurtimizda hali yetarli darajada ishga solinmayotgan ko‘plab ichki imkoniyatlar ham mavjud.

Ulardan biri, bu – diyorimizda yetishtiriladigan xushta'm, mazali, sifatli meva-cheva, poliz mahsulotlarimizdir. Bunday sarxil mevalarning so‘z bilan tushuntirib bo‘lmaydigan ta'mi va chiroyini dunyoning boshqa biror joyida bo‘lishi amri mahol.

Yaqinda Vatanimiz poytaxti – Toshkentda ilk marotaba tashkil etilgan I Xalqaro meva-sabzavot yarmarkasi, aynan ushbu masalalarni hal etishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Joriy yilning 12-16 iyul kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan mazkur yarmarkada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan barcha turdagi xo‘l va quritilgan meva-sabazvot, poliz va dukkakli mahsulotlar taqdim etildi.

Yarmarkada 170 dan ortiq mahalliy meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari, qayta ishlash korxonalari va eksporterlar  ishtirok etib, o‘zlarini ishlab chiqargan tayyor mahsulotlarini namoyish etdilar.

Yarmarkaga 27 mamlakatdan xorijiy qayta ishlash va savdo kompaniyalari, xalqaro savdo tashkilotlari, logistika kompaniyalarining 300 dan ortiq vakillari tashrif buyurib, uning yuqori saviyada tashkil etilganligini alohida e'tirof etib, mahsulotlarimizning ta'mi, shirinlilik darajasi va sifatiga juda yuksak baho berdi.

Yarmarkada xorijiy kompaniyalar tomonidan 2,9 mln. tonna meva-sabzavot mahsulotlari sotib olish uchun 361 ta eksport shartnomalari tuzilgani ayniqsa e'tiborga molik. Aytish kerakki, ushbu jami shartnomalarning 46 foizi Rossiya Federatsiyasi, 27 foizi – Qozog‘iston, 7,5 – Ozarboyjon, 6,8 – Qirg‘iziston, 3,6 foizi Koreya davlatlari hisobiga to‘g‘ri keldi va ushbu mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli shartnomalar tuzildi.

Shuningdek mamlakatimiz eksport geografiyasi kengayib,  Shotlandiya (39,1 ming tonna) va Yangi Zelandiya (12,5 ming tonna) mamlakatlari bilan 50 ming tonnadan ortiq mahsulot bo‘yicha shartnomalar tuzilib, bitimga imzo chekildi.

Odiljon O‘sarov,

Iqtisodiyot vazirligining mas'ul xodimi.