Mustaqil yurtning mustahkam qanotlari

04/07/2016 - 10:44 9010

Har bir mamlakatni dunyoga tanitadigan va xalqaro aloqalarni ta'minlaydigan vositalar orasida fuqaro aviatsiyasi alohida o‘rin tutadi.

Tezlikda unga teng keladigan transport vositasi yo‘q. Minglab kilometr masofa sanoqli fursatda bosib o‘tiladi. Havo kemalari nafaqat shaharlar va mamlakatlararo yo‘lovchi tashiydi, balki yurtlarni va xalqlarni bir-biri bilan o‘zaro bog‘laydi, eng muhimi, o‘zi mansub bo‘lgan davlatning nomini dunyoga yoyadi.

Chunki xalqaro yo‘nalishda parvoz qiladigan samolyotlar qanotiga davlat bayrog‘i tasviri solingan, yoniga mamlakat nomi yozib qo‘yilgan. Xalqaro aeroportlardagi elektron tablolarda Nyu-York, London, Parij, Pekin, Tokio, Moskva, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Urganch degan nomlar takror va takror yozilishini bir ko‘z o‘ngingizga keltiring...

Yurtimiz o‘z ozodligini qo‘lga kiritgach, oradan ko‘p o‘tmay, milliy aviakompaniyamizning tashkil etilishi mustaqilligimizni mustahkamlash yo‘lida qo‘yilgan dastlabki muhim qadamlardan biri bo‘ldi. Bu borada Yurtboshimiz tashabbusi bilan tanlangan strategik yo‘l nechog‘li to‘g‘ri bo‘lganini bugun hayotning o‘zi yaqqol ko‘rsatdi.

Bir tuzumdan ikkinchi bir tuzumga o‘tish, bozor iqtisodiyotini shakllantirish davrining muqarrar qiyinchiliklariga qaramay, yosh davlatimiz barcha sohalarga, jumladan, fuqaro aviatsiyasi tizimini isloh qilish va har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga ham katta ahamiyat berdi. Prezidentimiz tomonidan 1992 yil 28 yanvarda imzolangan «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasini tashkil etish to‘g‘risida»gi Farmonda uchuvchilar zimmasiga mamlakatimiz uchun strategik soha hisoblangan fuqaro aviatsiyasini barqaror rivojlantirish, parvozlar xavfsizligini ta'minlash va yo‘lovchilarga jahon andozalari darajasida xizmat ko‘rsatish vazifasi yuklandi. Bu ham sharafli, ham mas'uliyatli vazifa edi. Chunki o‘sha kezlarda sobiq tuzum hududida paydo bo‘lgan yangi mustaqil mamlakatlarning ko‘pchiligida fuqaro aviatsiyasi davlat ko‘magidan mahrum bo‘lgan, «Aeroflot» negizida tuzilgan zaif aviakompaniyalarning aksariyati inqirozga yuz tutgandi. O‘zbekistonda esa, Milliy aviakompaniyani tashkil etish, mustahkamlashni davlat o‘z zimmasiga oldi. Shu bois, «O‘zbekiston havo yo‘llari» tezda jahon aviatashuvlar bozorida nom chiqardi. Bunga erishish oson bo‘lgani yo‘q, albatta. Biznes bo‘yicha hamkorlar va raqobatchilar o‘rtasida o‘z o‘rnini topish uchun katta kuch-g‘ayrat, mablag‘ sarflashga to‘g‘ri keldi.

O‘zbekistonning mintaqaviy aviakompaniyalar bilan raqobatlasha oladigan milliy aviakompaniyani yaratish yo‘lidagi qadami avvaliga ba'zilarda shubha uyg‘otdi, chunki aviakompaniyaga eski havo kemalari va yaroqsiz holga kelib qolgan uskunalar meros bo‘lib qolgandi. Buning ustiga, ko‘pgina yo‘nalishlarni O‘zbekiston Milliy aviakompaniyasi ramzi ostida yangidan ochish zarur edi. Boshqacha aytganda, mustaqil O‘zbekiston oldida yo‘lovchi va yuklarni tashiydigan zamonaviy va qudratli havo flotini yaratish vazifasi turardi. Buning uchun esa, zamonaviy yangi texnikadan tashqari, aviabozorni yaxshi bilish, keskin raqobat muhitida mo‘ljalni to‘g‘ri olish, eng asosiysi, havo kemalarini mahorat bilan boshqaradigan, yerda malakali texnik xizmat ko‘rsatadigan, hamkorlar bilan muzokaralar olib boradigan va tabiiyki, aviatashuvchi tizimning kelajagini aniq rejalashtiradigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash talab etilardi.

1993 yilning 16 iyunida mamlakatimiz hayotida muhim voqyea ro‘y berdi. «Toshkent» xalqaro aeroportiga «Erbas Indastri» kompaniyasida ishlab chiqilgan «O‘zbekiston havo yo‘llari» ramzi va «UZBEKISTAN» yozuvi tushirilgan ilk «A-310» samolyoti kelib qo‘ndi...

Mamlakatimiz rahbariyati va milliy aviakompaniya mutasaddilari aviaparkni yangilash yo‘lida o‘z kuch-g‘ayratlarini ayamaganligi natijasida o‘zbek uchuvchilari jahon aviatashuvlar bozorida nainki mustahkam o‘rin egallashga, balki parvozlar va yo‘lovchilar xavfsizligini talab darajasida ta'minlashga erishdilar.

Ma'lumki, aviakompaniyaning qanday havo kemalaridan foydalanayotganiga qarab, davlatning iqtisodiy salohiyati va hamkorlik imkoniyatlariga baho beriladi. Shuning uchun mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan aviapark bosqichma-bosqich modernizatsiya qilindi. Jumladan, so‘nggi yillarda o‘nta «A-320», to‘rtta «Boeing-767-300 ER» samolyoti «O‘zbekiston havo yo‘llari» laynerlari safidan o‘rin oldi. Yurtimizda ishlab chiqarilgan oltita zamonaviy va mahalliy sharoitlarga mos bo‘lgan «Il-114-100» havo kemalaridan ham samarali foydalanilayapti.

Quvonchlisi, joriy yil sentyabr – noyabr oylarida milliy aviakompaniyamiz dunyodagi sanoqli davlatlar aviatashuvchilari qatorida birinchilardan bo‘lib, eng zamonaviy ikkita «Orzu layneri» - «Boeing-787- 8 DreamLiner» bilan ta'minlanadi. Eng uzoq masofaga uchuvchi zamonaviy havo kemasi innovatsion texnologiyalar asosida yaratilgan bo‘lib, yuqori iqtisodiy samaradorlikka ega. Ushbu havo kemasi olis va o‘ta olis xalqaro yo‘nalishlarda, chunonchi «Toshkent - Nyu-York» qatnovida uzluksiz parvozlarni amalga oshirishga imkon yaratadi va bu albatta mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasi rivojini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.

Mamlakatimiz poytaxtidan Osiyo va Yevropa, Amerika va Yaponiyaning 40 dan ortiq shaharlariga parvozlarni bajarayotgan havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish, ularning doimiy sozligini ta'minlash aviakompaniya faoliyatida bosh mezon hisoblanadi. Yuqori darajadagi texnik baza va malakali mutaxassislarga ega bo‘lgan «Uzbekistan airways technics» aviakorxonasida nafaqat milliy aviakompaniya, balki xorijiy aviakompaniyalar samolyotlariga texnik xizmatlar ko‘rsatilmoqda. Joriy yil boshida «O‘zbekiston havo yo‘llari» bilan «Boeing» korporatsiyasi hamkorligida samolyotlarning kompozit materiallarini ta'mirlash markazi ham ish boshladi. Yarim million AQSH dollari miqdoridagi investitsiya hisobidan aviakorxonaga titanli eritmalarni qayta ishlash va ehtiyot qismlarni tuzatish uchun inert muhitli pechlar hamda barcha turdagi samolyotlarning kompozit materiallarini ta'mirlash uchun zarur jihozlar to‘plamlari yetkazib berildi. Ushbu markaz mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini yanada rivojlantirish yo‘lidagi navbatdagi muhim qadamdir. Boisi, bugungi kunda jahon aviasanoatida kompozit materiallardan keng foydalanilayotir. Chunonchi, «Orzu layneri» fyuzelajining ellik foizi shunday materiallardan tarkib topganligi hisobiga og‘irligi sezilarli darajada kamaytirilgan. Bu esa parvozlar samaradorligi oshishiga xizmat qiladi. Shunday qilib yangi markaz nainki milliy, balki xorijiy aviatashuvchilar samolyotlarga ham texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratadi.

Zamonaviy havo kemalaridan foydalanish o‘zbek uchuvchilari zimmasiga katta mas'uliyat yuklaydi. Ta'kidlash lozimki, ular murakkab aviatexnikaning sir-asrorini mukammal egallagan, o‘z kasblarining chinakam mutaxassislaridir. Uchuvchilarimiz milliy aviakompaniyamiz o‘quv-mashq markazidagi trenajerlar majmuasida turli vaziyatda amaliy harakatlarni bajarish bo‘yicha o‘z malakasini oshirmoqdalar. Bu majmua mutaxassislarni tayyorlashda valyuta mablag‘larini tejabgina qolmay, xorijiy aviakompaniyalarga trening xizmatlari ko‘rsatish orqali daromad keltirmoqda.

«O‘zbekiston havo yo‘llari» samolyotlar parkini zamonaviy talablar asosida yangilash bilan bir qatorda aeroportlarni tubdan qayta qurish va havo harakatini boshqarish tizimini isloh etish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Natijada respublikamizning barcha aeroportlari zamon talablariga muvofiq mukammal ta'mirdan chiqarilib, modernizatsiya qilindi, xalqaro maqomga ega bo‘ldi. Bu yurtimizga sayyohlar oqimini oshiribgina qolmay, balki ularga xizmat ko‘rsatish darajasini yanada yuksaltirmoqda.

Yaqinda «Buxoro» va «Urganch» xalqaro aeroportlarining fuqaro aviatsiyasi «Aeroport» xalqaro assotsiatsiyasi tomonidan 2016 yilning eng yaxshi aeroportlari deb e'tirof etilgani ham buning dalilidir.

Hozirda Janubiy Koreyalik hamkorlar bilan Markaziy Osiyodagi eng zamonaviy va yangi «Toshkent-4» yo‘lovchilar terminali qurilishiga kirishildi. Uning 2019 yil oxirida foydalanishga topshirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zbekiston osmonida o‘nlab havo yo‘nalishlari kesishadi. Shu bois, barcha uchib o‘tayotgan havo kemalariga ishonchli dispetcherlik kuzatuvi zarur. Eng zamonaviy dispetcherlik va radiolokatsiya tizimlari bilan jihozlangan «O‘zaeronavigatsiya» markazi parvozlar xavfsizligini ta'minlamoqda. Havodagi harakatni boshqarish tizimida mamlakatimiz havo kengliklaridan foydalanuvchilar ko‘lamini kengaytirish va parvozlar xavfsizligini yanada oshirishga xizmat qiluvchi RVSM (vertikal eshelonlashning qisqartirilgan minimumi) va QNH (butun jahon parvoz balandligini hisoblash) yangi tizimlari joriy etildi. O‘zbek aviadispetcherlarining yuksak kasb-mahorati butun aviatsiya hamdo‘stligi tomonidan e'tirof etilgan. Aytish lozimki, o‘tgan yillar mobaynida ular xizmat ko‘rsatayotgan havo yo‘nalishlari masofasi ikki martadan ko‘proqqa oshgan. Markaz xizmatlaridan 200 ga yaqin xorijiy aviakompaniya foydalanmoqda.

- Biz aviatashuvchilar bozorida eng ishonchli kompaniya ekanligimizdan mamnunmiz, - deydi «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK Bosh direktorining birinchi o‘rinbosari Akmal Akbarov. - Aviakompaniyamiz yer kurrasining istalgan nuqtasiga, har qanday ob-havo sharoitlarida parvozlarni muvaffaqiyatli ta'minlamoqda. Bunda ahil jamoamiz, ajoyib mutaxassislarimizning xizmatlari katta bo‘layapti. Milliy aviakompaniyamizda 30 yoshgacha bo‘lgan salkam to‘rt ming nafarga yaqin yoshlar mehnat qilayotgani juda quvonchlidir. Ulardan 31 nafari turli rahbarlik lavozimlarida ishlayapti. Yosh uchuvchilar, muhandis va dispetcherlar ham ko‘pchilikni tashkil etmoqda. Bular, albatta, O‘zbekiston aviatsiyasi kelajagining bunyodkorlaridir.

Darhaqiqat, Milliy aviakompaniyamiz jamoasi strategik ahamiyatga molik fuqaro aviatsiyasining barqaror rivojlanishi, parvozlar xavfsizligi va yo‘lovchilarga jahon andozalari darajasida xizmat ko‘rsatishni ta'minlash vazifasini muvaffaqiyatli amalga oshirmoqda. Demak, Milliy aviakompaniyamizning jahon aviabozoridagi mavqyei yanada mustah-kamlanib boraveradi.

YILLAR VA PARVOZLAR
1992 yil

Prezident Islom Karimov 28 yanvarda «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasini tashkil etish to‘g‘risidagi Farmonga imzo chekdi.
Xalqaro yo‘nalishlarni o‘zlashtirishga kirishildi. London, Karachi, Dehli, Kuala-Lumpur, Tel-Aviv va Pekinga qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

1993 yil

7 mayda O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksi joriy etildi.
16 iyunda «Toshkent» xalqaro aeroporti Milliy avikompaniya tomonidan moliyaviy lizingga olingan dastlabki «A-310» aerobusini qabul qildi.
Frankfurt va Bangkokka qatnovlar ochildi.

1994 yil

«A-310» ikkinchi aerobusi xarid etildi.
Afina, Manchester va Seulga qatnovlar ochildi.

1995 yil

Milliy aviakompaniya tarixidagi muhim voqyea Toshkent - Nyu-York qit'alararo yo‘nalishi ochildi.
«Toshkent» xalqaro aeroportida yangi avtomatlashtirilgan Havodagi harakatni boshqarish markaziga poydevor qo‘yildi.

1996 yil

30 noyabrda O‘zbekiston poytaxtiga birinchi «Boing-767» havo kemasi kelib qo‘ndi.
Aviakompaniya Uchuvchilar majmuasida «A-310» va «Boing-767» uchuvchilar otryadlari tashkil etilib, Havodagi harakatni boshqarish markazi ishga tushdi.
«Samarqand» xalqaro aeroporti rekonstruksiyasi boshlandi.

1997 yil

Aviakompaniya parki ikkita «Boing-767» va o‘rta masofaga uchuvchi «RJ-85» havo kemalari bilan to‘ldirildi.

1998 yil

«A-310» uchinchi aerobusi olindi. Parij va Dakkaga qatnovlar ochildi. G‘arbda ishlab chiqarilgan samolyotlarga texnik xizmat ko‘rsatish markazi tuzildi.
Yevropa sifat sertifikati - JAR-145 olindi.

1999 yil

Ikkita yangi «Boing-757-200» olindi.

2000 yil.

Rim, Birmingem, Amritsarga yangi aviayo‘nalishlar ochildi.
Aviakompaniya xalqaro aviatsiya xavfsizligi fondining «Parvozlar xavfsizligi uchun» Faxriy yorlig‘iga sazovor bo‘ldi.

2001 yil

Yaponiyaga yangi xalqaro yo‘nalish: Toshkent - Osaka qatnovi ochildi.

2002 yil

«A-310» va «Boing-767/757» samolyotlariga xizmat ko‘rsatish va ta'mirlash ishlarini olib borish bo‘yicha ikkinchi Yevropa sifat sertifikati olindi.
Aviata'mirlash korxonasining imkoniyatlari kengayib, texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha xalqaro bozorga yo‘l ochildi.
Toshkent aviata'mirlash zavodi «Uzbekistan Airways Tehnics» korxonasiga aylantirildi. Osaka orqali Tokioga qatnov ochildi.

2003 yil

Avikompaniya yangi «Boing-767-300 ER» yo‘lovchilar havo kemasini xarid qildi.
26-xalqaro Moskva anjumanida «Toshkent» xalqaro aeroporti 2003 yilning eng yaxshi aeroporti, deb topildi, «Samarqand» aeroporti ham shunday nomga sazovor bo‘ldi.

2004 yil

Yana bitta «Boing-767-300 ER» va uchta «Boing-757-200» samolyotlari olindi.
Aviakompaniya parki jahon yetakchi ishlab chiqaruvchilarining 16 samolyotiga ega bo‘ldi.
Riga, Shanxay, Ostonaga qatnovlar ochildi.

2005 yil

Aviakompaniya Jahon xavfsizlik jamg‘armasi Prezidentining «Parvozlar xavfsizligi sohasidagi muvaffaqiyatlari uchun» Faxriy diplomiga sazovor bo‘ldi.

2006 yil

Toshkent - Urumchi - Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha muntazam qatnovlar yo‘lga qo‘yildi.

2007 yil

«Boing» korporatsiyasi bilan ikkita «Boing-787-8 Dreamliner», «Airbus» konsorsiumi bilan oltita «A-320-200» samolyotlarini yetkazib berish 6o‘yicha bitimlar imzolandi.
Aviakompaniya xalqaro parvozlar xaritasida yangi yo‘nalishlar: Milan - Toshkent, Toshkent - Kohira - Afina - Toshkent, Toshkent - Sochi - Toshkent paydo bo‘ldi.
Ushbu shaharlarda «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning vakolatxonalari ochildi.

2008 yil

Yuk aviatashuvlari bo‘yicha jahondagi yetakchi aviakompaniya - «Korean Air»ga «Navoiy» aeroporti boshqaruvini berish bo‘yicha bitim imzolandi. Koreya aviakompaniyasi Navoiy shahri havo bandargohi orqali yuk tashuvlarini boshladi.
Milan orqali Jenevaga muntazam qatnovlar boshlandi.

2009 yil

Aviakompaniya parki o‘zimizda ishlab chiqarilgan ikkita «Il-114-100» havo kemasi bilan to‘ldirildi.
«Buxoro» xalqaro aeroporti fuqaro aviatsiyasi «Aeroport» xalqaro assotsiatsiyasining «MDH mamlakatlarining yilning eng yaxshi aeroporti» tanlovi g‘olibi bo‘ldi.

2010 yil

Aviakompaniya parki beshta yangi «A-320» samolyotlari bilan to‘ldirildi.
«Navoiy» xalqaro aeroportida yangi yuk tashish terminali ochildi.
Madrid va Kaliningradga yangi qatnovlar ochildi.

2011 yil

Aviakompaniya parki yangi «A-320» samolyotlari bilan to‘ldirildi. «Buxoro» xalqaro aeroportida yangi yuk terminali ochildi.
«Toshkent» xalqaro aeroportida yangi mahalliy aviayo‘nalishlar aerovokzali ishga tushdi.

2012 yil

Yangi zamonaviy «V-767» layneri qabul qilindi. Navoiy shahrida yangi yo‘lovchilar terminali foydalanishga topshirildi.
MAK Notijorat hamkorlik tashkilotining «Parvozlar xavfsizligi» mukofoti laureati hamda «Flight Safety Fondation» parvozlar xavfsizligi Xalqaro fondining parvozlar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha diplomi sohibi bo‘ldi.

2013 yil

Aviakompaniya aviaparki ikkita yangi «Boeing-767» samolyotlari bilan to‘ldirilib, bu bilan yangi to‘rtta samolyot olish dasturi o‘z nihoyasiga yetkazildi.
Aviakompaniyaning barcha aeroportlari xalqaro maqomga ega bo‘ldi.

2014 yil

«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi IATA - Havo transporti xalqaro assotsiatsiyasiga a'zo bo‘ldi.
Milliy aviakompaniyada yo‘lovchi samolyotidan yuk tashish avialayneriga qayta jihozlangan ikkita «Boeing-767-300 BCF» havo kemasidan foydalanishga kirishildi.

2015 yil

«Buxoro», «Samarqand» va «Urganch» aeroportlari fuqaro aviatsiyasi «Aeroport» xalqaro assotsiatsiyasining «MDH mamlakatlarida yilning eng yaxshi aeroporti» nufuzli tanlovining turli xil nominatsiyalarida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

2016 yil

5 yanvarda mahalliy yo‘nalishlardagi qatnovlarda aviabiletlarni onlayn bron qilish va sotib olish xizmati ishga tushirildi.
28 yanvarda «Uzbekistan airways technics» aviakorxonasida samolyotlarning kompozit materiallarini ta'mirlash markazi ochildi.
Sentyabr-noyabr oylarida aviakompaniya parki ikkita «Boeing-787-8 Dreamliner» samolyotlari bilan to‘ldirilishi rejalashtirilgan.

Manba: “O‘zbekiston ovozi” ijtimoiy-siyosiy gazetasi