Yuksak cho‘qqilarga intilayotgan korxona
22/06/2016 - 15:22 8575
Mamlakatimizda yengil sanoat tarmog‘ini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, talablar darajasidagi mahsulotlar ishlab chiqarish va assortimentini kengaytirish bo‘yicha samarali loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ya'ni, to‘qimachilik korxonalarini texnik va texnologik jihatdan modifikatsiya qilish hisobidan ichki va tashqi bozorga raqobatbardosh mahsulotlar chiqarilmoqda. Mazkur sohada to‘plangan ilg‘or tajribalarni zamonaviy texnologiyalar yordamida amalga oshirish ichki talab shakllanishiga, bozorni zarur tovarlar bilan boyitilishiga va eksport salohiyati kengayishiga xizmat qilmoqda.
Albatta, ijobiy o‘zgarishlarni chet el sarmoyalarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunda chet el investitsiyalari ishtirokida tashkil etilgan korxonalar iqtisodiyotimiz rivojlanishiga salmoqli hissa qo‘shayotgani va tadbirkorlik harakati avj olishiga sezilarli ta'sir ko‘rsatayotganini qayd etish lozim.
Respublikamizda yengil sanoat va to‘qimachilik korxonalarini jahon standartlariga va bozor iqtisodiyoti talablariga javob beradigan darajaga chiqarishdan ko‘zda tutilgan asosiy maqsad – yengil sanoat sohasida sifat o‘zgarishlariga erishishdir. Mazkur sohani bosqichma-bosqich va muntazam rivojlantirishda, albatta, ilmiy-texnik taraqqiyotning roli va hissasi juda katta. Ya'ni, yengil sanoat korxonalarida mehnat unumdorligini va ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, mahsulot sifati hamda dizaynida muntazam o‘zgarishlar qilishga erishish asosiy muddaolarimizdan biri.
Mamlakatimiz iqtisodiy qudratini oshirish uchun ishlab chiqarish tarmoqlarini kengaytirish, bir me'yorda rivojlanishiga erishish va boshqaruvning yangi shakllarini qo‘llash samaradorlik oshishini ta'minlamoqda. Bu iqtisodiy va tashkiliy o‘zgarishlar jamiyatning, har bir shaxsning ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan tadbirlar bo‘lib, ular asosan yangi, tezkor, ixcham va qulay uskunalarni qo‘llash hamda xomashyodan samarali foydalanish, mehnatni ilg‘or tajribalar asosida ilmiy jihatdan tashkil qilish hisobiga amalga oshirilmoqda.
Xususan, Jizzax viloyatida ham tadbirkorlik faoliyati jadal sur'atlarda rivojlanishiga katta e'tibor qaratilmoqda. Jumladan, «Orzu tekstil SV» mas'uliyati cheklangan jamiyati Angliya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasiga aylantirilgach, korxonada 125 ta yangi ish o‘rinlari yaratilib, viloyat hududidagi kasb-hunar kolleji bitiruvchilari ishga jalb qilindi.
- Hukumatimiz tadbirkorlik faoliyatiga keng imkoniyatlar yaratib berayotgani va qo‘llab-quvvatlayotganligi bizni yangidan-yangi marralarni zabt etishga undamoqda, deydi korxona rahbari Ismadiyor Orolov biz bilan suhbatda. Aslida tadbirkorlik faoliyatini yaqinda boshlagan korxonada 2014-2015 yillar davomida qurilish va qayta rekonstruksiya qilish ishlari yakunlanib, yiliga 6000 tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvati yaratildi. Ayni paytda «Orzu tekstil SV» mas'uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi qo‘shma korxona ishlab chiqarayotgan eksportbop mahsulotlarini jahon bozoriga chiqarish uchun harakat qilmoqda.
Kelgusida viloyatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari doirasida korxonada jahon standartlariga to‘liq javob beradigan trikotaj matolarni bo‘yash hamda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish hisobiga 1400 nafarga yaqin yoshlarni ish bilan ta'minlash ko‘zda tutilmoqda.
- Davlatimiz rahbari tomonidan sohaga qaratilayotgan e'tibor va turli imtiyozlar bizni yangicha kuch-g‘ayrat bilan ishlashga, izlanishga undamoqda. Bugungi erishayotgan muvaffaqiyatlarimiz kelajakda biznesimizni yanada rivojlantirish va yangi loyihalar ustida samarali ishlashimizga zamin yaratmoqda, deydi suhbatdoshimiz.
Bugun turli jabhalarda samarali faoliyat yuritayotgan korxonalarda ana shunday ishonch va tashabbuskorlik ishtiyoqining kuchliligi ularni yangi-yangi marralar sari undamoqda. Bu esa, albatta, yuksak cho‘qqilarni birma-bir zabt etishga hamda yurt obodligi va farovonligini ta'minlashga xizmat qiladi.
Saodat G‘OYIPOVA,