Iqtisodiyot vazirligida o‘tkazilgan kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi haqida

27/04/2016 - 20:30 8140

Bugun Iqtisodiyot vazirligida kengaytirilgan hay'at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Hay'at yig‘ilishida vazir hamda uning o‘rinbosarlari, Hay'at a'zolari, bosh boshqarma, boshqarma va bo‘lim boshliqlari, vazirlik tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, shuningdek vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, viloyatlar hamda Toshkent shahar hokimliklarining hududlarni kompleks rivojlantirish Yig‘ma boshqarmalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Hay'at yig‘ilishi Kun tartibiga ko‘ra, birinchi masala – 2017-yilga asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozini ishlab chiqishning tashkiliy choralari haqida vazir o‘rinbosari Sh.Ismoilovning ma'ruzasi tinglandi. Ma'ruzada 2017-yilning asosiy ijtimoiy-iqtisodiy ko‘rsatkichlari tahliliga e'tibor qaratildi.

Hay'at yig‘ilishida ko‘rilgan ikkinchi masala - O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahrining hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha Yig‘ma boshqarmalariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016-yil 22-fevraldagi PQ-2495-sonli hamda 2016-yil 24-fevraldagi PQ-2497-sonli qarorlaridan kelib chiqqan holda hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqishni tashkillashtirishda uslubiy (metodik) yordam ko‘rsatish borasidagi vazifalari to‘g‘risida vazir o‘rinbosari D.Turdiyev ma'ruza qildi.

Ushbu masala yuzasidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iqtisodiyot vaziri, Toshkent viloyati, Jizzax viloyati hamda Toshkent shahri hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha Yig‘ma boshqarmalari boshliqlari chiqish qilishdi.

Uchinchi masala - Meva-sabzavot, kartoshka va poliz mahsulotlarini xarid qilish va ulardan foydalanish bo‘yicha davlat buyurtmasini shakllantirishga oid chora-tadbirlar hamda Yangi meva-sabzavot, kartoshka, poliz va uzum mahsulotlarini xarid qilish bo‘yicha davlat buyurtmasi to‘g‘risidagi nizom loyihasini ishlab chiqishga qaratildi. Iqtisodiyot vazirining o‘rinbosari S.Shermatov tadbir ishtirokchilarini mazkur Nizom loyihasi bilan batafsil tanishtirdi. Mazkur masala yuzasidan viloyatlar va Toshkent shahrining hududlarni kompleks rivojlantirish bo‘yicha Yig‘ma boshqarmalari boshliqlari tomonidan tushgan barcha savollarga javoblar qaytarildi.

Hay'at yig‘ilishi ishchan ruhda bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi hay'at yig‘ilishining tegishli bayoni qabul qilindi.