Umumiy ma’lumotlar
06/04/2017 - 15:05 13383
Loyiha davomiyligi: | 2011-2018yy. |
Kredit raqami: | Birinch bosqich - 4745-UZ Ikkinchi bosqich - 5241-UZ |
Kredit miqdori: | 4745-UZ -25 million AQSh dollari 5241-UZ -100 million AQSh dollari |
Qatnashayotgan banklar: | «Asaka» DATB, «O’zsanoatqurilishbank» ATB, «Hamkorbank» ATB |
Huquqiy hujjatlar: | O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori №211, 25.07.2011y. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori № 168, 12.06.2013y. |
Amalga oshirish hududlari: | O’zbekiston Respublikasi |
Koordinatsion idorasi: | O’zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi/Loyiha koordinatsiyalash guruhi (LKG) |
Bugungi kunda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda barcha resurslardan, ayniqsa energiya va xomashyodan samarali foydalanish dolzarb masalalardan sanaladi. O‘zbekiston ham tabiiy resurslarga boy mamlakat bo‘lib, energiya samarador texnologiyalarni joriy etishni rivojlantirish va kengaytirish, energiya resurslaridan okilona foydalanishga qaratilgan innovatsion yondashuvlarni tatbiq qilishdan manfaatdor. Resurslardan samarali foydalanish tamoyili nafaqat energiya zahiralarini mamlakatimizning kelajak avlodi uchun tejab qolish, balki ishlab chiqarish xarajatlarini kamaytirish, ichki va xalqaro bozorlarda mahalliy korxonalarning raqobatbardoshligini oshirish hisobiga iqtisodiy o‘sishga xizmat qilish nazarda tutilgan.
Aynan barqaror iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan energiyani tejash va energiya samaradorligini imkoniyatlarini kengaytirish sohasida faol ishlar olib borilmoqda. “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi shular jumlasidandir.
2011 yilda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 iyuldagi 211-sonli "Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida" Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish "loyihani amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi Jahon banki bilan hamkorlikda ushbu loyihani amalga oshirishni boshlashdi. Shunda, Loyiha Jahon banki tizimidagi Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasining uzoq muddatli imtiyozli 25 million AQSH dollar (birinchi bosqich) miqdorida kredit jalb qilingan.
Hozir esa mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 12 iyundagi 168-sonli “Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi ishtirokida "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasini amalga oshirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga binoan, Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan qo‘shimcha moliyalashtirish hisobiga yangi bosqichda amalga oshirilmoqda. Bosqich doirasida O‘zbekiston Respublikasi sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish maqsadlari uchun 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘ni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Ushbular tufayli, "O‘zsanoatqurilishbank", "Asaka" bank va "Hamkorbank" yordamida zamonaviy asbob-uskunalar sotib olish va energiya samaradorlik texnologiyalarini joriy etish uchun milliy sanoat korxonalari uchun kredit jalb qilish imkoniyat yaratildi.
Loyihaning asosiy maqsadi - energiya samaradorligini oshirishda moliyaviy investitsiyalar uchun ishlab chiqilgan mexanizmlar orqali sanoat korxonalarning energiya samaradorligini oshirishga qaratilganligi bilan izohlanadi. Ya'ni, ushbu loyiha milliy bank tizimida bunday mexanizmni yaratishga qaratilganki, energiyani yuqori darajada sarflaydigan korxonalarga yangi, energiya samarador uskunalar sotib olish va energiyani tejash subloyihalarini amalga oshirish uchun kredit olish imkonini beradi.
Tuzilishi: Loyiha maqsadi ikki asosiy yo‘nalishda amalga oshiriladi.
“A” Komponent - energiya samaradorligini oshirish sohasida salohiyatni kuchaytirish maqsadida sanoat korxonalari va banklari uchun qulay investitsion shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan. Xususan, ishlab chiqarish korxonalari mutaxassislarining professional salohiyatini rivojlantirish, ya'ni energiya samaradorlik sohasida bilim va tajriba darajasini oshirish, hamda energiya samaradorlik investitsiyalarning foydasi haqida davlat sektori, fuqarolik jamiyatining xabardorligini oshirish yo‘nalishi hisoblanadi. Shu bilan birga, qo‘shimcha moliyalashtirish jarayonida mamlakatimizda energiya iste'moli va energiya samaradorligi sohasida statistik hisobotini takomillashtirish nazarda tutilgan.
“B” Komponenti yuqorida to‘xtab o‘tilgan tijorat banklari tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri amalga oshiriladi. Ushbu banklarga Xalqaro taraqqiyot uyushmasi tomonidan kredit mablag‘lari ajratiladi. Kredit mablag‘lari esa banklar o‘rtasida teng miqdorida taqsimlanib (birinchi kredit liniyasi - 8 million AQSH dollari, ikkinchi kredit liniyasi esa - 33 million AQSH dollaridan), energiya samarador asbob-uskunalarni xarid etish uchun sanoat korxonalariga yo‘naltiriladi.
Xalqaro kreditdan tashqari, tijorat banklari o‘zlarining mablag‘laridan ham hamkor sifatida qo‘shimcha moliyalashtirishni amalga oshiradilar. Bunda, tijorat banklari birinchi navbatda sanoat korxonalari tomonidan kredit olish uchun taqdim etilgan arizalarni ko‘rib chiqish, ularni texnik baholash, asbob-uskunalar sotib olish tartibi, moliyaviy hisobotlarni tekshirish va monitoring qilish, mazkur loyihaning ijtimoiy va atrof-muhitga ijobiy ta'siri kabi omillar O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi va Jahon bankining tartib-qoidalariga muvofiqligi nuqtai nazaridan ko‘rib chiqadilar.
Erishilgan natijalar: O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Jahon banki tashabbusi bilan yaratilgan moliyaviy mexanizmi tufayli birinchi kredit liniyasida modernizatsiya qilish va eskirgan uskunalarni almashtirish uchun 37 sanoat loyihalariga 34 million AQSH dollar kredit olinib, shu jumladan 24 million AQSH dollar Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi tomonidan ajratilgan.
Loyihalar tog‘-kon, kimyo, elektr energiyasi, neft va gaz va qayta ishlash kabi energiyani ko‘p mikdorda iste'mol qiluvchi sanoat sohalarida amalga oshirildi va 140 million kilovatt/soatdan ortiq elektr energiyasi, hamda 50 million kub metr gaz tejash imkonini berdi.
2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, Hukumatimiz Jahon banki hamkorligida amalga oshirilayotgan loyiha orqali 32 sanoat korxonasida 79ta subloyiha oshirilishi rejalashtirilgan va natijada 518 million kilovatt/soatdan ortiq elektr energiyasi hamda 202 million kub metr tabiiy gaz tejash rejalashtirilmoqda.