Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish: “yagona oyna” tamoyili amalda

10/02/2015 - 11:05 26419

Joriy yilning 9-fevral kuni Chilonzor tumani hokimligida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish shart-sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirklarni tushuntirishga bag‘ishlangan seminarlar davom ettirildi.

Navbatdagi seminarda ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bo‘yicha tartibotlarni amalga oshirish masalalari ko‘rildi. Toshkent shahar yer resurlari va davlat kadastri boshqarmasining mas’ul xodimlari tomonidan seminar ishtirokchilariga ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibotlari haqida prezentatsiya taqdim etildi.

Seminarda ta’kidlanganidek, Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 7-yanvardagi “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori bilan jismoniy va yuridik shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishning zamonaviy tamoyillari joriy etildi.

Xususan, joriy etilgan tartibga muvofiq, yuridik va jismoniy shaxslarning ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarini va u haqda tuzilgan bitimlarni, ipoteka va ipoteka to‘g‘risidagi shartnomalarni qo‘shgan holda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni, “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining tuman (shahar) yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonalari amalga oshiradilar. Yuridik va jismoniy shaxslarga qonun hujjatlarida nazarga tutilgan kadastr va ro‘yxatga olish xizmatlarini to‘liq hajmda ko‘rsatish uchun har bir yer tuzish va ko‘chmas mulk kadastri davlat korxonasi tarkibida “bir oyna” bo‘limi tashkil etilgan.

Bundan tashqari, mazkur yo‘nalishdagi ma’muriy to‘siqlarni bartaraf etish, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning shaffofligini ta’minlash hamda ruxsat berish tartibotlarini soddalashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasining interaktiv davlat xizmatlari yagona portalida “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishga arizalarni rasmiylashtirish” xizmati ishga tushirilgan. Ta’kidlash kerakki, tegishli hujjatlar (mahalliy davlat boshqaruvi organlari qarorlari, shartnomalar) mavjud bo‘lgan taqdirda arizachilar kadastr organlariga tashrif buyurmasdan o‘zlarining huquqlarini ro‘yxatdan o‘tkazish va huquq belgilovchi hujjatlarni olishlari mumkin.

Qolaversa, tadbirkorlik subyektlarining xarajatlarini kamaytirish maqsadida 2014-yilning 1-avgustidan boshlab ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni, ko‘chmas mulk obyektlarini ijaraga berish shartnomalarini, ipoteka va ipoteka shartnomalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, bino va inshootlarning mansubligi va tarkibi to‘g‘risida ma’lumotnomalar berish, shuningdek shaxsiy turar joy mavjudligi (yo‘qligi) to‘g‘risida ma’lumotnomalar berish bo‘yicha to‘lov va yig‘imlar bekor qilindi.

Shuningdek, seminar ishtirokchilari davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa organlar tomonidan tadbirkorlik subyektlaridan davlat boshqa organlarida va o‘zga tashkilotlarda mavjud bo‘lgan hujjatlarni va axborotlarni, shu jumladan soliq qarzdorligi yoki kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzlarning mavjud emasligi to‘g‘risidagi ma’lumotnomalarning, tadbirkorlik subyekti ta’sis hujjatlarining, litsenziyalar va ruxsat beruvchi tusdagi hujjatlar nusxalarining talab qilinishini taqiqlashni nazarda tutuvchi normaning amaliyotga joriy etilishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot oldilar.

Seminar davomida Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash: ko‘chmas mulkka huquqlarni ro‘yxatdan o‘tkazish” mavzusida prezentatsiya o‘tkazilib, unda ko‘chmas mulkka huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalarini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni amaliyotga joriy etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida tushuntirib o‘tildi.

Seminarda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari, Toshkent shahar yer resurlari va davlat kadastri boshqarmasi, Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmasining rahbar va mas’ul xodimlari, shuningdek Savdo-sanoat palatisining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi