Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish: muammolar va ularning yechimi

10/02/2015 - 10:51 19740

Joriy yilning 6-fevral kuni Olmazor tumani hokimligida tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulash masalalariga bag‘ishlangan seminar tashkil etildi. Seminarda tadbirkorlik subyektlari, Iqtisodiyot vazirligi, Toshkent shahar va tumanlar hokimliklari rahbar va mutaxassislari, “Suvsoz” davlat unitar korxonasi, “Toshkent shahar elektr tarmoqlari korxonasi” AJ, “Toshkentgazta’minot” unitar korxonasi rahbarlari, shuningdek “O‘zbekenergo” DAK, Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘linmalari vakillari ishtirok etdi.

Mutasaddi tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan prezentatsiyalarda seminar ishtirokchilariga tadbirkorlik subyektlarini muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulashning asosiy tamoyillari va tartibi tushuntirildi.

Xususan, 2013-yildan boshlab elektr ta’minoti tarmoqlariga “yagona oyna” tamoyili bo‘yicha ulanishning soddalashtirilgan tartibi joriy etilgan bo‘lib, uning doirasida bugungi kunga kelib barcha tuman va shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonalarida “yagona oyna” xizmatlari tashkil etilgan.

Mazkur xizmatlar iste’molchilarning elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlarni tayyorlashni tashkil etish va ularni iste’molchilarga berish, tashqi elektr ta’minoti loyihasini, qurilish-montaj va sozlash ishlarini amalga oshirilishi uchun shartnomalar tuzilishini tashkil etish, shuningdek iste’molchilarning elektr qurilmalarini elektr tarmoqlariga ulash va kuchlanish berilishini tashkil etish bo‘yicha mas’uldirlar.

Seminar davomida shuningdek tadbirkorlik subyektlari suv ta’minoti, kanalizatsiya va gaz ta’minoti quvurlariga ulanishdagi asosiy tartibotlar va ulardan o‘tish tartibi to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘ldilar.

Bundan tashqari, seminarda Iqtisodiyot vazirligi tomonidan “Jahon bankining “Doing Business” hisobotida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash: muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish” mavzusida prezentatsiya o‘tkazilib, unda infrastuzilma tarmoqlariga ulanish bilan bog‘liq tartibotlarni yanada soddalashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yoritib berildi.

Seminar ishtirokchilari tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda yuzga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni mas’ul tashkilotlar bilan batafsil muhokama qilish imkoniga ega bo‘ldilar, qolaversa muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish tartibotlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar.

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi