Toshkent viloyatida “mahallabay” ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etildi
10/08/2022 - 10:46 2946
Joriy yilning 2–3-avgust kunlari davomida Toshkent viloyatida “mahallabay” ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, o‘tgan 6 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etildi.



Press-turning birinchi kunida ishtirokchilar O‘rta Chirchiq, Piskent tumanlari va Nurafshon shahri hokim yordamchilarining tadbirkorlar bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan ishlari, aholini ish bilan band qilish va doimiy daromadga ega bo‘lishdagi yordami bilan tanishdilar.



O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, viloyat Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish boshqarmasi, tuman hokimligining mutasaddilari hamda jurnalistlar ishtirok etgan press-turning birinchi manzilgohi “Do‘stlik” mahallasi bo‘ldi. Ommaviy axborot vositalarining vakillari mazkur manzilda qo‘ziqorinchilik kooperatsiyasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.



Press-turning keyingi manzilida jurnalistlar tumandagi “Turkiston” mahallasida joylashgan “Qorasuv mebel savdo” oilaviy korxonasi tomonidan mebel mahsulotlari ishlab chiqarish klasteri faoliyati bilan tanishdilar.



Tumandagi “Qorasuv” mahalla fuqarolar yig‘inidagi qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida kooperatsiyani yo‘lga qo‘ygan “Fresh food parc” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan ishlab chiqarilayotgan shirin makkajo‘xori mahsulotlarining dala maydonlaridan terilib toki qadoqlangungacha bo‘lgan jarayonlarini kuzatish OAV vakillarida katta qiziqish uyg‘otdi.



Tadbirning 2-kuni viloyatning Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq, Chinoz, Yangiyo‘l tumanlari va Yangiyo‘l shahrida tashkil etildi.

Dastlab, press-tur ishtirokchilari Oqqo‘rg‘on tumani, “Tolovul” MFYda joylashgan Monomarkaz faoliyati va ushbu hududda hokim yordamchisi tavsiyanomasi bilan imtiyozli kredit evaziga baliqchilikni yo‘lga qo‘yib o‘z xonadonida yuqori daromad olayotgan fuqaro xonadonida bo‘lishdi.

Shuningdek, Oqqo‘rg‘on tumani “Birlik” MFYda tashkil qilingan “Har bir oila – tadbirkor” ko‘rgazmasi va hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.
Shundan so‘ng, Quyi Chirchiq tumani, “Beruniy” MFYda joylashgan quyonchilik bilan shug‘ullanuvchi “QUYONCHILIK AGROKOMPLЕKSI” MCHJ faoliyati va hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.

Shu bilan birga, Quyi Chirchiq tumani, “Baliqchi” MFYda sanoat usulida ari yetishtirish faoliyatini yo‘lga qo‘ygan “AZIA BIO ARI” MCHJ faoliyati va hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.

Keyingi manzil Chinoz tumani bo‘lib, bu yerda joylashgan “Obihayot” MFYda hokim yordamchisi tavsiyanomasi asosida 225 mln so‘m kredit olib, parrandachilik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan “AZIZ BARAKA BIZNES” MCHJ va hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishildi.

So‘ngra, ishtirokchilar Yangiyo‘l shahar, “Navro‘z” MFYda Mehmonxona, chakana savdo uchun mo‘ljallangan do‘konlar va “ZHENG FANG INVEST” MCHJ faoliyati hamda hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan tanishdilar.

Press-turning so‘nggi manzili Yangiyo‘l tumanidagi “Darxon” MFYda hokim yordamchisi tomonidan “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida tashkil qilingan issiqxonalar bo‘lib, ushbu maskanda press-tur ishtirokchilari gulchilik faoliyati hamda hokim yordamchisi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati