IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIDA KONTRAGENTLARNI TEKSHIRISHGA OID YOʻRIQNOMA
13/07/2022 - 18:12 1245
Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni
qisqartirish vazirligining
2022-yil “ 13 ” 07 dagi
14 -son buyrugʻiga
6-ilova
IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIDA KONTRAGENTLARNI TEKSHIRISHGA OID
YOʻRIQNOMA
1-bob.Umumiy qoidalar
Ushbu Yoʻriqnoma Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik) tomonidan xarid qilish tartib-taomillari, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishda ishtirokchilarni majburiy tekshirishning (keyingi oʻrinlarda – Xarid jarayonlari ishtirokchilarini tekshirish) asosiy talablari, tartibi va usullarini belgilaydi.
- Xarid jarayonlari ishtirokchilarini tekshirishning maqsadlari quyidagilardan iborat:
Vazirlik xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvi va shaxsiy manfaatdorligi bilan bogʻliq boʻlgan korrupsiyaviy xatarlarni kamaytirish;
insofsiz ijrosi bilan shartnoma tuzish xatarini kamaytirish;
xarid jarayoni ishtirokchisining shartnomada belgilangan tovarlarni etkazib berish yoki xizmat koʻrsatish, ishlarni bajarish imkoniyatini baholash;
Kontragent bilan shartnoma tuzish toʻgʻrisidagi qarorni tegishli darajada ehtiyotkorlik bilan qabul qilish.
- Xarid jarayonlari ishtirokchilarini tekshirish xaridning barcha ishtirokchilari, shu jumladan, ular oʻrtasidagi aloqa mavjudligi ehtimoli nuqtai-nazaridan ham amalga oshiriladi.
- Tekshiruv ushbu Yoʻriqnomaning 7 va 8-bandida koʻrsatilganlardan tashqari barcha yangi kontragentlarga nisbatan, shuningdek amaldagi kontragentlarga nisbatan kamida bir yilda bir marta amalga oshiriladi.
- Ushbu Yoʻriqnomaning 7 va 8-bandida koʻrsatilgan holatlardan tashqari, kontragent tekshiruvi natijalari boʻyicha xulosani olmasdan turib shartnomani imzolash va (yoki) toʻlovlarni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
- Elektron doʻkon va boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion shaklida oʻtkazilgan xaridlar boʻyicha kontragentlar tekshirilmaydi.
- Shuningdek, tekshiruv quyidagi kontragentlarga nisbatan amalga oshirilmasligi mumkin:
Vazirlik markaziy apparati bilan yoki tarkibiy va hududiy boʻlinmalar oʻzaro shartnomaviy munosabatga kirishayotgan boʻlsa;
Kommunal va boshqa shu kabi xizmatlarni (shu jumladan, elektr ta’minoti, gaz ta’minoti, issiqlik ta’minoti, muhandislik-texnika ta’minoti, suv ta’minoti, suv chiqarish, oqava suvlarni tozalash, qattiq maishiy chiqindilarni utilizatsiya qilish (koʻmish) tarmoqlariga ulanish), shuningdek davlat tomonidan tartibga solinadigan tovarlar (ishlarning, xizmatlarning) narxlar (tariflar) boʻyicha etkazib beruvchi hisoblangan kontragentlar;
Oʻzbekiston Respublikasining tabiiy monopoliyalari hisoblangan kontragentlar.
- Ushbu Yoʻriqnomada quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanilgan:
ijrochi – Vazirlikda tuzilgan xarid komissiyasi a’zolari;
kontragent – Vazirlikning xarid jarayonlari doirasida shartnomaviy munosabatlarga kirishishni rejalashtirayotgan har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs;
kontragent/kontragentning benefitsiar egasi (yakuniy benefitsiar) – kontragentning xususiy egasi boʻlgan yoki ushbu kontragent uchun majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish, qabul qilinayotgan qarorlarga ta’sir koʻrsatish yoki boshqacha tarzda uning xarakatlarini bevosita yoki bilvosita nazorat qilish huquqi yoki imkoniyatiga ega boʻlgan jismoniy shaxs;
korrupsiyaviy xarakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yoʻlida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor boʻlishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qogʻoz, boshqa koʻrinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy xarakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun toʻlovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda oʻz xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanish;
manfaatlar toʻqnashuvi – Vazirlik xodimining shaxsiy manfaati (bevosita yoki bilvosita) u tomonidan xizmat vazifalarini tegishli tarzda bajarishiga ta’sir koʻrsatayotgan yoki koʻrsatishi mumkin boʻlgan va xodimning shaxsiy manfaati bilan vazirlik manfaatlari oʻrtasida ziddiyat yuzaga kelayotgan yoki kelishi mumkin boʻlgan vaziyat;
maxfiy axborot – bu olinishi, ishlanishi, uzatilishi yoki foydalanishi Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi yoki axborot egasining ichki hujjatlariga muvofiq cheklanadigan har qanday shakldagi axborot;
tashabbuskor – Vazirlik markaziy apparatining departament, mustaqil boshqarma va boʻlimlarining mas’ul xodimi;
xodimning shaxsiy manfaatdorligi – Vazirlik xodimi, uning yaqin qarindoshi yoki xodim bilan bogʻlangan shaxslar tomonidan xodimning mansab yoki xizmat vazifalarini tegishli tarzda bajarishiga ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijorat yoki notijorat manfaatlari) pul mablagʻlari, moddiy va nomoddiy qadriyatlar, boshqa mulk, foyda, imtiyoz va afzalliklar koʻrinishidagi shaxsiy foyda olish.
yaqin qarindoshlar – qarindosh yoki quda tomondan qarindosh boʻlgan shaxslar, ya’ni ota-ona, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillar, er-xotin, farzand, shu jumladan farzandlikka olinganlar, bobo, buvi, nevaralar, shuningdek er-xotinning ota-onasi, tugʻishgan va oʻgay aka-uka va opa-singillari;
2-bob. Tekshiruvni boshlash tartibi, tekshiruv uchun talab qilib olinadigan hujjatlar va axborot manbalari
- Xarid jarayoni doirasida uning ishtirokchilarini tekshirish xarid komissiyasi tomonidan ishtirokchilar bergan takliflar solingan konvertlarni baholash uchun ochilganidan keyin, biroq xarid qilish tartib-taomillari yakunlari boʻyicha gʻolib boʻlgan taklifning aksepti toʻgʻrisida qaror qabul qilinguniga qadar amalga oshiriladi.
- Xarid jarayoni doirasida Qonunchilik va Vazirlikning ichki hujjatlari tomonidan oʻrnatilgan muddatlarga rioya qilinishi ustidan tekshiruvni amalga oshirish uchun mas’ul – tegishli Vazirlikning xarid komissiya raisi (komissiya raisi boʻlmagan paytlarda uning oʻrinbosari), shuningdek, agar xarid toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma boʻyicha amalga oshirilayotgan boʻlsa shartnoma tashabbuskori hisoblanadi.
- Kontragentlar tekshiruvi ijrochi tomonidan hujjatlar tashabbuskoridan ushbu Yoʻriqnomaning 16-bandida koʻrsatilgan hujjatlar olingan sanadan 5 kundan ortiq boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
- Tekshiruvni belgilangan muddatlarda oʻtkazish imkoni boʻlmagan taqdirda uning davomiyligi Xarid komissiyasi raisi (komissiya raisi boʻlmagan paytlarda uning oʻrinbosari) bilan kelishilgan holda 3 kundan ortiq boʻlmagan muddatga yozma shaklda uzaytirilishi mumkin.
- Kontragentlarning tekshiruvini shoshilinch tartibda oʻtkazish zaruriyati mavjud boʻlgan hollarda, tashabbuskor tomonidan shoshilinchlilik asoslangan, tekshiruvni oʻtkazishning zarur muddatlari koʻrsatilgan xizmat xati bilan Xarid komissiyasiga murojaat qiladi. Shoshilinch tekshiruv oʻtkazish toʻgʻrisidagi qaror Xarid komissiyasi qarori asosida yoʻl qoʻyiladi.
- Kontragentlarni tekshirish uchun hujjatlarni toʻplash va taqdim qilish uchun Xarid komissiyasi raisi (komissiya raisi boʻlmagan paytlarda uning oʻrinbosari) yoki tashabbuskor (agar xarid toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma boʻyicha amalga oshirilayotgan boʻlsa) mas’ul boʻladi.
- Kontragentni tekshirish uchun ijrochiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
kontragentning oʻzi ushbu Yoʻriqnomaga 1-ilovaga muvofiq shaklda toʻldirgan yakuniy benefitsiarlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma;
kontragentdan olingan hujjatlar nusxasi (ushbu Yoʻriqnomaga 2-ilova);
kontragentning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki hujjatlari (mavjud boʻlsa) nusxasi (siyosatlar, nizomlar, xulq-axloq qoidalari, korrupsiyaga qarshi dasturlar va b.).
- Ushbu Yoʻriqnomaning 16-bandida koʻrsatilgan hujjatlarni olish Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq majburiy hisoblanadi, korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha kontragentning ichki hujjatlari va yakuniy befetsiarlar toʻgʻrisidagi ma’lumotnoma bundan mustasno. Kontragentning korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha ichki hujjatlar va yakuniy benefisiarlar toʻgʻrisidagi ma’lumotnomani taqdim etishni rad etgan taqdirda, tashabbuskor
bu haqda Kontragent ustidan taqdim etilgan hujjatlar asosida tekshiruvni amalga oshiradigan ijrochiga xabar beradi.
- Kontragentdan olingan barcha hujjatlar notarial tarzda yoki kontragentning vakolatli vakili tomonidan tegishli tarzda tasdiqlangan boʻlishi lozim. Taqdim etiladigan hujjatlar amal qilayotgan boʻlishi(amal qilish muddalari oʻtib ketmaganligi jihatidan), davlat reestrlari hujjatlari esa tekshiruv sanasiga qadar 30 (oʻttiz) kundan ortiq boʻlmagan muddatda olingan boʻlishi kerak.
- Kontragentni tekshirish uchun ma’lumotlar toʻplash ijrochi tomonidan kontragent, uning egalari va rahbarlari, faoliyati toʻgʻrisida yaxlit va xolis fikrga ega boʻlish, shuningdek, undan olingan hujjat va ma’lumotlarning ishonchliligi, shu jumladan, ularning ishonchsizligi boʻyicha belgilar yoʻqligini (soxtalashtirish alomatlari mavjud emasligini) baholash uchun amalga oshiriladi.
Kontragentlarni tekshirish doirasida ijrochi quyidagilarni tahlil qiladi:
kontragent tomonidan taqdim etilgan axborot va hujjatlar. Ushbu Yoʻriqnomaga 2-ilovada koʻrsatilgan hujjatlarni kontragentdan olish imkoni boʻlmaganda yoki olingan hujjat yoki axborotlarning ishonchli emasligi (soxtalashtirilgani) belgilari mavjud boʻlgan hollarda ijrochi kontragent tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi xulosada tegishli belgi qoʻyadi;
ochiq manbalardan olingan ma’lumotlar. Ijrochi 3-ilovada koʻrsatilgan axborot manbalaridan foydalanishi mumkin. Ushbu roʻyxat tavsiyaviy boʻlib, zaruriyat tugʻilganda ijrochi boshqa manbalardan foydalanishi mumkin;
tegishli Vazirliklarga rasmiy soʻrovnoma yuborish yoʻli bilan olingan hujjatlar;
Vazirlikning ichki resurslari, shu jumladan, kontragentlar tekshiruvlari reestri, xodimlarining manfaatlar toʻqnashuvi reestri va boshqalar.
- Kontragentni tekshirish uchun ishlatilgan manbalar qonuniylik va xolislik talablariga javob berishi kerak.
- Zaruriyat boʻlganda ijrochi tekshiruv davomida kontragentlarni joyiga chiqib, oʻrganishi mumkin. Bu kabi tekshiruvni oʻtkazish uchun ijrochi oʻz boʻlinmasi rahbari bilan kelishishi lozim.
Sayyor tekshiruv davomida Vazirlik rahbariyati (vakolatli vakili) bilan uchrashuv bayonnomasi tuzilib, unda kontragentdan olingan, dastlab ijrochi tomonidan asl nusxalari bilan taqqoslangan hujjatlarning tasdiqlangan nusxalari sanab oʻtiladi. Olingan hujjatlar nusxalarining va (yoki) kontragentning vakolatli vakili tomonidan taqdim etilgan izohlar roʻyxati tekshirilayotgan kontragentning vakolatli vakili va ijrochi tomonidan imzolangan alohida roʻyxat koʻrinishida rasmiylashtirilishi va uchrashuv bayonnomasiga ilova qilinishi kerak.
3-bob. Kontragentlarni tekshirish metodologiyasi
- Kontragentlarni tekshirish quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi:
1) kontragentning huquq layoqati, moliyaviy barqarorligi, ishonchliligi va u bilan boʻlgan oʻzaro munosabatlar tarixini tekshirish, shu jumladan:
- a) shartnomani bajarish uchun zarur texnik, moliyaviy, moddiy, xodimlar va boshqa resurslarning mavjudligi;
- b) shartnoma tuzish uchun qonuniy huquqqa egalik;
- v) soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikning mavjud emasligi;
- g) kontragentlarga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;
- d) insofsiz ijrochilarning yagona reestrida qayd etilmaganligi;
2) kontragentning ish sohasidagi obroʻ-e’tibori;
3) manfaatlar toʻqnashuvi mavjud emasligini tekshirish.
Koʻrsatilgan yoʻnalishlar boʻyicha tekshiruv oʻtkazish majburiy hisoblanadi. Tekshiruv yoʻnalishlari roʻyxati har bir alohida holatda ijrochining xarid komissiyasi qarori bilan kelishilgan talabi bilan kengaytirilishi mumkin. Bunda, tekshirish yoʻnalishi davlat xaridlarini tartibga soluvchi qonunchilikka zid boʻlishi va (yoki) raqobat tamoyillarini cheklashga olib kelishiga yoʻl qoʻyilmasligi lozim.
- Ijrochi foydalanish mumkin boʻlgan axborot manbalarining tahlilini amalga oshiradi va 25-27-bandlarda koʻrsatilgan har bir yoʻnalishga nisbatan quyidagi kontragentning tekshiruv natijalari toʻgʻrisida xulosada koʻrsatilgan ma’lumotlarning bor-yoʻqligini belgilaydi.
- Ushbu Yoʻriqnoma amalga kiritilgunga qadar shartnomaviy munosabatlarda boʻlgan Vazirlikning amaldagi kontragentni tekshirishda ijrochi bundan avvalgi shartnomaviy munosabatlarning davomiyligi, ushbu kontragent bilan oʻzaro harakat tajribasi va uning Vazirlik bilan avval tuzilgan shartnomalar boʻyicha majburiyatlarni bajarishdagi halolligini tekshiradi.
Yangi kontragentni tekshirishda ijrochi kontragent tomonidan shu kabi shartnomalarning bajarilganligi toʻgʻrisidagi axborot va boshqa buyurtmachilar (mijozlar) bergan tavsiyanomalarni tahlil qiladi hamda imkon darajasida ushbu kontragentning boshqa mijozlari oldidagi shartnomaviy majburiyatlarini bajarishdagi halolligini tekshiradi.
- Kontragentning huquq layoqatini, moliyaviy barqarorligi, ishonchliligi va u bilan boʻlgan munosabatlar tarixini tekshirish doirasida ijrochi quyidagi ma’lumotlarni aniqlaydi:
Tadbirkorlik subyektlarining yagona reestrida kontragentning borligi;
kontragentning yuridik va amaldagi manzili;
kontragent rahbari va ta’sischilarining F.I.Sh.;
kontragent asosiy faoliyat turining xarid predmetiga muvofiqligi;
kontragent faoliyatini tugatish, qayta tashkil etish, oʻziga nisbatan joriy etilgan bankrotlik tartib-taomillarining mavjud emasligi;
kontragentda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq ravishda lisenziyalanishi kerak boʻlgan faoliyat turlarini amalga oshirish uchun zarur lisenziyalarning (ruxsatnomalar) mavjudligi;
Kontragentda ochiq axborot, taqdim etilgan hujjatlar va buxgalteriya hisobdorligiga muvofiq, asosiy mablagʻlar, xususiy kapital, xodimlar va boshqa texnik, moliyaviy, moddiy va Vazirlik oldidagi majburiyatlarni bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa resurslarning mavjudligi;
Kontragent nomidan Vazirlik bilan shartnomaviy munosabatlarga kirishayotgan shaxsda tegishli vakolatning mavjudligi;
Kontragent maxsus axborot portalida insofsiz ijrochilarning yagona reestriga kiritilmaganligi;
Kontragentning soʻnggi ikki yil ichida Vazirlik oldidagi shartnomaviy majburiyatlarning oʻz vaqtida bajarmaganligi yoki ularning lozim darajada bajarmaganligi toʻgʻrisida ma’lumotlar mavjud emasligi;
Kontragentda soliqlar va yigʻimlarni toʻlash boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikning mavjud emasligi.
- Kontragentning ish sohasidagi obroʻ-e’tiborini tekshirish doirasida ijrochi quyidagi ma’lumotlarni aniqlaydi:
ochiq axborot manbalarida kontragent, uning mulkiy egalari, shu jumladan benefisiar mulkiy egalari yoki rahbarlarning firibgarlik, soxtalashtirish va korrupsiya bilan bogʻliq jinoyatlar yoki boshqa noqonuniy faoliyatda ishtirok etganligi toʻgʻrisidagi axborot mavjud emasligi;
kontragent rahbariga nisbatan huquqni muhofaza qiluvchi yoki boshqa davlat organlarida qoralovchi ma’lumot yoki materiallarning mavjud emasligi;
kontragent, uning mulkiy egalari yoki bosh direktor (boshqaruv organlari a’zolari) va boshqa rahbarlarning jinoiy tuzilmalar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar bilan oʻzaro aloqasi mavjud emasligi;
kontragentning ishbilarmonlik ahloqiy me’yorlari va korrupsiyaga qarshi kurash masalalarini tartibga soluvchi tartib-taomil va siyosatlarning mavjudligi;
kontragentning mulk egalari yoki rahbarlariga (boshqaruv organlari a’zolari) nisbatan uning moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan jinoyat ishlari mavjud emasligi;
kontragent, uning mulk egalari yoki boshqa rahbarlari toʻgʻrisida boshqa salbiy ma’lumotlar mavjud emasligi;
- Oʻzbekiston Respulikasi “Davlat xaridlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 14-moddasiga muvofiq, Davlat buyurtmachisining, davlat xaridlari elektron tizimi operatorining, ixtisoslashgan tashkilotning, ekspert tashkilotining mansabdor shaxslari va boshqa xodimlari, shuningdek xarid komissiyasining a’zolari hamda ekspertlar xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirishda oʻz ishtirokidagi davlat xaridlariga doir bitimning natijasi boʻlgan har qanday shaxsiy foydani bevosita yoki bilvosita olish huquqiga ega emas.
Shunga muvofiq, ijrochi ushbu Yoʻriqnomaning 1-ilovasiga muvofiq shaklda toʻldirilgan kontragentning yakuniy benefitsiarlari toʻgʻrisidagi ma’lumotnomada aks ettirilgan ma’lumotlarning tadibirkorlik subyektlari Yagona davlat reestri ma’lumotlariga muvofiqligini tekshiradi. Ushbu tekshiruv kontragentning rahbarlari va ta’sischilariga nisbatan ham amalga oshiriladi. Shuningdek, ijrochi manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligi yoki yoʻqligini quyidagi mezonlar boʻyicha tekshiradi:
kontragentning yagona yoki mulkiy egalaridan biri, shu jumladan, benefitsiar mulkiy egasi – bu Xarid jarayonining boshqa ishtirokchisi rahbari yoki uning yaqin qarindoshi emasligi;
kontragentni tanlashda ishtirok etuvchi tashabbuskor yoki Vazirlikning boshqa xodimlari yoki ularning yaqin qarindoshlari uning ustav kapitalidagi ommaviy aylanmada boʻlmagan aksiyalari yoki hissalariga, yoki kontragentning Respublika fond birjasida yoki yana boshqa bir fond birjasida ommaviy aylanmada boʻlgan 5% dan ortiq qimmatli qogʻozlariga egalik qilmasligi;
kontragentni tanlashda ishtirok etuvchi tashabbuskor yoki Vazirlikning boshqa xodimlari yoki ularning yaqin qarindoshlari kontragent boshqaruv kengashi tarkibiga kirmasligi yoki uning faoliyati natijalaridan shaxsiy manfaatdorlikka (shu jumladan ularning investisiyalarini amalga oshirishda) ega boʻlmasligi;
kontragentni tanlashda ishtirok etuvchi tashabbuskor yoki Vazirlikning boshqa xodimlari yoki ularning yaqin qarindoshlari kontragentda rahbarlik lavozimi yoki qarorlar qabul qilish bilan bogʻliq lavozimlarda ishlamasligi;
kontragent va Xarid komissiyasi a’zolari oʻrtasida affillanganlik aloqalarining mavjud emasligi;
manfaatlar toʻqnashuviga olib keladigan boshqa sharoitlar.
Manfaatlar toʻqnashuvi mavjudligini tekshirishni ijrochi kontragentlar tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarni manfaatlar toʻqnashuvini deklarasiyalash doirasida Vazirlik xodimlari tomonidan aks ettirilgan va tegishli reestrga kiritilgan ma’lumotlar bilan taqqoslash orqali amalga oshiradi.
4-bob. Tekshiruv natijalarini rasmiylashtirish va hujjatlashtirish
- Oʻtkazilgan tekshiruv natijalari boʻyicha ijrochi ushbu Yoʻriqnomaga 4-ilovada keltirilgan shaklda xulosa tuzadi. Kontragent tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi xulosaga ijrochi oʻtkazilgan tahlil va tahlilni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarni ilova qiladi.
- Real yoki potentsial manfaatlar toʻqnashuvi alomatlari aniqlangan taqdirda ijrochi uni tartibga solish zaruriyati toʻgʻrisida choralarni koʻrish boʻyicha Xarid komissiyasi raisi (komissiya raisi boʻlmagan paytlarda uning oʻrinbosari) yoki tashabbuskorga taklif kiritadi. Agar manfaatlar toʻqnashuvi alomatlari Vazirlik xodimlarida aniqlangan boʻlsa, bu haqda Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimini (keyingi oʻrinlarda – ichki nazorat boʻlimi) xabardor qiladi. Manfaatlar toʻqnashuvi mavjud yoki mavjud emasligi boʻyicha oʻtkazilgan tahlil yakunlari va uni tartibga solish boʻyicha choralar ham kontragent tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi xulosada aks ettiriladi.
- Xatar indikatorlari aniqlanganda ijrochi kontragent tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi xulosada aniqlangan xatarlarni kamaytirishga yoʻnaltirilgan kontragent bilan ishlash boʻyicha tavsiyalarni taklif qiladi va aks ettiradi (masalan, shartnomaga avans toʻlovlarga taqiqni kiritish va boshqa).
- Ijrochi kontragent tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi xulosani Xarid komissiyasi raisi (komissiya raisi boʻlmagan paytlarda uning oʻrinbosari) yoki tashabbuskorga taqdim etadi. Xarid komissiyasi raisi (komissiya raisi boʻlmagan paytlarda uning oʻrinbosari) yoki tashabbuskor olingan xulosani xarid ishtirokchisini tanlash toʻgʻrisida qarorni qabul qilish doirasida hisobga oladi, bu haqda xarid komissiyasi yoki kontragent bilan toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzishdagi bayonnomada tegishli yozuv kiritiladi.
- Kontragent va Vazirlik xodimi oʻrtasida Real manfaatlar toʻqnashuvi mavjud boʻlgan taqdirda, u xarid jarayonini davom ettirishdan oldin Vazirlikda manfaatlar toʻqnashuvini boshqarish boʻyicha ichki hujjatga asosan tartibga solinishi kerak. Manfaatlar toʻqnashuvini tartibga solish imkoni boʻlmagan taqdirda kontragent xarid jarayonida ishtirok etishdan chetlatilishi lozim.
- Agar toʻgʻridan-toʻgʻri haridlar doirasida kontragentni tekshirish natijalariga koʻra, korrupsiyaviy xavf-xatarning mavjudligini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining yoʻqligini koʻrsatuvchi ma’lumotlar aniqlansa, u holda kontragent bilan shartnoma tuzish ehtimoli haqidagi qaror Vazirlik rahbariyati tomonidan qabul qilinadi.
- Kontragent tekshiruvi natijalari toʻgʻrisidagi xulosa majburiy tartibda xarid qilish jarayonlari natijalari toʻgʻrisidagi qaror qabul qilish, shartnoma boʻyicha kelishish va toʻlovlarni amalga oshirish uchun talab etiluvchi hujjatlar paketiga qoʻshib qoʻyiladi.
- Tekshiruv natijalari toʻgʻrisidagi xulosa chiqqanidan boshlab uch ish kunidan kechiktirmay Ichki nazorat boʻlimi bu haqidagi ma’lumotni ushbu yoʻriqnomaga 5-ilovaga muvofiq shaklda Kontragentlarni tekshirish reestriga kiritadi.
- Kontragentlarni tekshirish reestri va kontragentlarni tekshirish natijalari, shuningdek, tekshiruv uchun ariza, kontragentni tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi xulosa, kontragentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda ijrochi tomonidan tegishli manbalardan olingan ma’lumotlar kontragent bilan shartnoma munosabatlari toʻxtatilgan kundan boshlab kamida 3 (uch) yil Ichki nazorat boʻlimida saqlanadi.
- Kontragentlarni tekshirish reestri va kontragentlarni tekshirish natijalari, shuningdek, tekshiruv uchun ariza, kontragentni tekshirish natijalari toʻgʻrisidagi xulosa, kontragentlar tomonidan taqdim etilgan hujjatlar hamda ijrochi tomonidan tegishli manbalardan olingan ma’lumotlar konfedentsial boʻlib, vazirlik shartnomaga daxldor boʻlmagan xodimlariga va xizmat vazifalari va vakolatlari bunday ma’lumotlardan foydalanishni oʻz ichiga olmagan boshqa uchinchi shaxslarga oshkor qilinmaydi.
5-bob. Yakuniy qoida
- Kontragentlarni tekshirish jarayoni doimiy ravishda Ichki nazorat boʻlimi tomonidan monitoring qilib boriladi.
- Davlat xaridlari va korrupsiyaga qarshi qonunchilikning ushbu yoʻriqnomaga ta’sir qiladigan normalari oʻzgarganda, ushbu Yoʻriqnoma qayta koʻrib chiqilishi kerak.