IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAGʻALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIGA ALOQA KANALLARI ORQALI KORRUPSIYAVIY XATTI-HARAKATLAR TOʻGʻRISIDA KELIB TUSHGAN XABARLARNI QABUL QILISH VA KOʻRIB CHIQISH REGLAMAENTI

13/07/2022 - 17:46 1196

Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni 
qisqartirish vazirligining
2022-yil “   13          07          dagi

   14   -son buyrugʻiga

4-ilova

 

IQTISODIY TARAQQIYOT VA KAMBAG‘ALLIKNI QISQARTIRISH VAZIRLIGIGA ALOQA KANALLARI ORQALI KORRUPSIYAVIY XATTI-HARAKATLAR TOʻGʻRISIDA KELIB TUSHGAN XABARLARNI QABUL QILISH VA KO‘RIB CHIQISH REGLAMAENTI

 

1-bob. Umumiy qoidalar

  1. Mazkur Reglament Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi (keyingi oʻrinlarda – Vazirlik)da korrupsiyaga qarshi kurashish, manfaatlar toʻqnashuvini aniqlash va tegishli ta’sir choralarini koʻrishga qaratilgan chora-tadbirlarning samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqilgan.
  2. Mazkur Reglament Vazirlikdagi aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy xatti-harakatlar haqida kelib tushgan xabarlar bilan ishlashning asosiy tamoyillari, shuningdek, xabarlarni qabul qilish, ularni roʻyxatdan oʻtkazish va koʻrib chiqish, shuningdek, Vazirlik rahbariyatiga hisobot taqdim etish tartibini belgilaydi.
  3. Mazkur Reglament maqsadlarida quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:

ishonch telefoni – Vazirlikka telefon orqali kelib tushadigan murojaatlarni markazlashgan holda qabul qilish, tasniflash va tizimlashtirish, shuningdek, oʻz vaqtida                  va sifatli koʻrib chiqilishini monitoring qilish imkonini beruvchi tizim;

murojaatchi – aloqa kanallari orqali Vazirlikdagi korrupsiyaviy xatti-harakatlar toʻgʻrisida axborot berish uchun murojaat qilgan har qanday jismoniy va (yoki) yuridik shaxs, xodim;

manfaatlar toʻqnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir koʻrsatayotgan yoxud ta’sir koʻrsatishi mumkin boʻlgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari oʻrtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin boʻlgan vaziyat;

korrupsiya – shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish;

korrupsiyaviy xarakatlar – xodim tomonidan bevosita yoki bilvosita shaxsan yoki uchinchi shaxslar orqali pora beruvchi manfaatlari yoʻlida harakat yoki harakatsizlik uchun moddiy manfaatdor boʻlishi, shu jumladan pul, qimmatbaho qogʻoz, boshqa koʻrinishdagi mulk va mulkiy huquqlar, mulkiy harakterdagi xizmatlar olish, talab qilish, undirish, taklif qilish yoki berish, pora berish va/yoki olish yoki bunda vositachilik qilishda, rasmiyatchiliklarni soddalashtirish uchun toʻlovlar undirish (pora olish) va boshqa noqonuniy maqsadlarda oʻz xizmat vazifalaridan noqonuniy foydalanish;

korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega boʻlgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish;

korrupsiyaga qarshi kurashish tizimi – amaldagi qonunchilik va ichki hujjatlarni korrupsiyaviy jihatdan buzilishini bartaraf etish, Vazirlik xodimlari tomonidan yuqori darajada kasbiy va axloqiy faoliyat olib borishlarini ta’minlash boʻyicha chora-tadbirlar majmui;

korrupsiyaviy xavf-xatar – xodimlar yoki uchinchi shaxslar tomonidan Vazirlik nomidan va (yoki) ularning manfaatlarini koʻzlab korrupsiyaviy harakatlarni sodir etish xavfi;

taaluqli xabar – Vazirlikdagi korrupsiyaviy harakatlar va (yoki) manfaatlar toʻqnashuvi haqidagi axborotdan iborat boʻlgan xabar;

xodim – Vazirlik bilan mehnat munosabatlariga kirishgan shaxs;

xodimning shaxsiy manfaatdorligi – xodim tomonidan oʻz xizmat vazifalarini bajarishi chogʻida oʻzi yoki uchinchi shaxslarning manfaatlari yoʻlida xodimning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir qilishi mumkin boʻlgan pul mablagʻlari, moddiy yoki nomoddiy boyliklar, boshqa mol-mulk va imtiyozlar koʻrinishida shaxsiy naf olish imkoniyati (shaxsiy, ijtimoiy, moliyaviy, siyosiy va boshqa tijoriy yoki notijoriy manfaatlari).

  1. Vazirlik korrupsiyaviy harakatlar haqida axborot berishga moʻljallangan aloqa kanallarining ishini quyidagi tamoyillar asosida tashkil etadi:

konfedentsiallik va xavfsizlik – aloqa kanallaridagi xabarlardan foydalanishga ruxsat berilgan Vazirlikning barcha vakolatli shaxslari ushbu xabarlarni vakolatga ega boʻlmagan shaxslarga berish (oshkor qilish) ga haqqi yoʻq. Agar murojaatchi oʻz xabarini yuborganligi xaqida boshqa xodimlarga yoki uchinchi shaxslarga oʻz xohishiga koʻra, jumladan, ehtiyotsizligi natijasida oshkor qilgan boʻlsa, Vazirlik uning oshkor boʻlishiga javobgar boʻlmaydi;

qonuniylik – Vazirlik aloqa kanallariga kelib tushadigan xabarlarni qabul qilish, roʻyxatga olish, qayta ishlash va koʻrib chiqish qat’iy ravishda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi talablari va ushbu Reglamentga muvofiq amalga oshiriladi;

murojaatchining ta’qib qilinmasligi – aloqa kanallari orqali korrupsiyaviy harakatlar haqida oʻz xohishiga koʻra xabar bergan jismoniy va yuridik shaxs, xususan Vazirlik xodimi xabarning mazmunidan qat’i nazar biron-bir javobgarlikka tortilmaydi;

murojaatchi bilan majburiy tartibdagi qayta aloqa – agar xabar anonim boʻlmasa, uni koʻrib chiqish natijalari Vazirlik tomonidan murojaatchiga yetkazilishi lozim;

ta’sir choralarini qoʻllashning majburiyligi – korrupsiya fakti tasdiqlangan taqdirda, Vazirlik aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish uchun Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq harakat qiladi.

2-bob. Korrupsiyaga oid harakatlar haqida axborot berish uchun aloqa kanallari

  1. Taaluqli xabar quyidagi aloqa kanallaridan yuborilishi mumkin:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi (https://pm.gov.uz/) orqali;

Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki elektron pochtasi orqali; (www.mineconomy.uz/ mineconomy.gov.uz)

Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalari (misol uchun Facebookdagi rasmiy sahifasi (https://www.facebook.com/mineconomy.uz) orqali;

Vazirlikning telefon raqamlari orqali (ishonch telefoni orqali: +99871 207 71 73 va qisqa raqam: 1171);

Vazirlikning Telegram boti (https://t.me/MineconomyUz)

Vazirlikka ogʻzaki (shaxsan) murojaat qilish;

mazkur Reglamentda koʻrsatilmagan boshqa aloqa kanallari.

  1. Vazirlik aloqa kanallari toʻgʻrisidagi axborotni rasmiy veb-sayt, va ijtimoiy tarmoqdagi sahifa va kanallariga joylashtiradi, shuningdek, xodimlarga davriy ravishda yuboriladigan elektron xatlar tarqatmalariga va oʻquv materiallariga kiritadi, Vazirlik binosida joylashtiriladigan tematik plakatlar va hokazolarda aks ettiradi.

3-bob. Aloqa kanallari orqali kelib tushayotgan taaluqli xabarlarni qabul qilish

  1. Vazirlikning Korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻlimi (keyingi oʻrinlarda – Ichki nazorat boʻlimi) Vazirlikning aloqa kanallaridan kelib tushgan taaluqli xabarlarni koʻrib chiqishga mas’ul hisoblanadi.
  2. Vazirlikning quyidagi aloqa kanallaridan kelib tushgan taaluqli xabarlar Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 7-maydagi 341-son qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlarida, davlat muassasalarida va davlat ishtirokidagi tashkilotlarda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom va Vazirlikning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom talablarida nazarda tutilgan tartibda roʻyxatga olinadi va rezolyusiya uchun Vazirlik rahbariyatiga chiqariladi:

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi orqali;

Vazirlikning rasmiy veb-sayti yoki elektron pochtasi orqali;

Vazirlikning telefon raqamlari orqali (ishonch va boshqa ish telefon raqamlari orqali);

Vazirlikka ogʻzaki (shaxsan) murojaat qilish.

  1. Vazirlikning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy kanal va sahifalari va telegram boti orqali kelib tushadigan xabarlarni qabul qilish uchun Vazirlikning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi mas’ul hisoblanadi.

Bunda, taaluqli xabar kelib tushganda Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi mas’ul xodimi Ichki nazorat boʻlimi bilan hamkorlikda murojaatchi bilan elektron yozishma yoʻli bilan yoki telefon orqali bogʻlanib zarur axborotni aniqlashtiradi, xabarni Reestrda roʻyxatga oladi va ma'lumotni vazirlik raxbariga kiritadi.

Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash boʻlimi mas’ul xodimi kelib tushadigan xabarlarni dushanbadan jumagacha soat 09:00 dan 18:00 ga qadar tahlil qiladi. Agar xabar ish vaqtidan tashqari paytda kelib tushsa, bu xabar navbatdagi ish kunida aniqlashtirish uchun saqlanadi.

  1. Agar murojaatchi oʻz xabarini tasdiqlash uchun qoʻshimcha materiallarga, masalan, fotomateriallar, hujjatlar, audio va videoyozuvlarga ega boʻlsa, murojaatni qabul qilishga mas’ul xodim ularni taqdim etish boʻyicha foydalaniladigan aloqa kanallarini (telegram boti yoki elektron pochtasi)ni koʻrsatadi va taqdim etiladigan ma’lumotni konfedentsialligini bildiradi. Mazkur ma’lumotlar taaluqli xabarga ilova sifatida rasmiylashtiriladi.
  2. Vazirlik rahbariyati taaluqli xabarni tezkorlik bilan tahlil qilish va koʻrib chiqish uchun Vazirlikning Ichki nazorat boʻlimiga topshiriq tushiradi.
  3. Vazirlikning Ichki nazorat boʻlimi taaluqli xabarni olgandan keyin 1 (bir) soat ichida uni ilovaga muvofiq shaklda Vazirlikda korrupsiyaga oid harakatlar haqidagi xabarlarni qabul qilish reestrida (keyingi oʻrinlarda – Reestr) roʻyxatga olishi va ushbu Reglamentning  4-bobiga muvofiq koʻrib chiqishi lozim.
  4. Vazirlik murojaatchilarga xodim tomonidan sodir etilgan korrupsiyaviy xarakatlar toʻgʻrisida anonim xabarlar qoldirish imkoniyatini beradi.

Anonim xabar kelib tushgan taqdirda Vazirlikning mas’ul xodimi, imkon mavjud boʻlgan taqdirda, quyidagilarni amalga oshirishi lozim:

Vazirlikka kelib tushgan xabarga javob berish uchun murojaatchi bilan bogʻlana olmasliklari mumkinligi haqida ma’lum qilishi;

qoʻshimcha zarur ma’lumot olish imkoniyati boʻlmagan taqdirda xabarni toʻliq va har tomonlama oʻrgana olmasliklarini bildirishi;

murojaatchiga u bilan bogʻlanish uchun anonim aloqa kanali tashkil qilishni taklif qiladi (shaxs koʻrsatilmagan elektron pochta manzili, Telegramdagi maxfiy chat va.b.);

Murojaatchi oʻz arizasidan voz kechmagan taqdirda, mazkur Reglamentda nazarda tutilgan tartibda xabarni qabul qilishi shart.

  1. Vazirlik xodimlari tomonidan olingan xabarlarni koʻrib chiqish jarayonida korrupsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etishning sabab va sharoitlari ham tahlil qilinadi va kelgusida ularning oldini olish hamda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish boʻyicha tadbirlar amalga oshiriladi.
  2. Olingan xabarlar boʻyicha barcha taaluqli materiallar, hujjatlar va ma’lumotlar (shu jumladan, qabul qilingan qarorlar va murojaatchilarga yuborilgan javoblar) Murojaatlar bilan ishlash tuzilmasida Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan muddatga, shu bilan birga 10 yildan kam boʻlmagan muddatga saqlanishi kerak.
  3. Taaluqli xabar Vazirlikning hududiy bosh boshqarmalariga kelib tushgan taqdirda, uni qabul qilgan mas’ul xodimlar zudlik bilan yozma shaklda hududiy (tarkibiy) boʻlinma rahbari va korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha mas'ulni (mavjud boʻlsa) kelib tushgan xabar toʻgʻrisida xabardor qiladi, ular oʻz navbatida ushbu xabarni ma’lumot uchun Vazirlikning Markaziy apparatidagi Ichki nazorat boʻlimiga yuboradi.
  4. Vazirlikning hududiy bosh boshqarmalarii oʻzlarining Reestrini yuritadi.

4-bob. Korrupsiyaviy harakatlar haqidagi xabarlarni koʻrib chiqish

  1. Ichki nazorat boʻlimiga kelib tushgan barcha taaluqli xabarlar ushbu tuzilmaning mas’ul xodimlari yoki Vazirlik rahbariyati topshirigʻiga asosan boshqa boʻlinmalar tomonidan koʻrib chiqiladi.
  2. Korrupsiyaviy xarakatlari toʻgʻrisidagi xabarlarni koʻrib chiqish jarayoniga, harakatlari ustidan taaluqli xabar kelib tushgan yoki koʻrib chiqish jarayonida manfaatlar toʻqnashuvi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xodimlarni jalb qilish man etiladi.
  3. Taaluqli xabar kelib tushganda Ichki nazorat boʻlimi xodimi dastlabki tekshirish oʻtkazib, uning taaluqliligini tahlil qiladi, ya’ni xabarda koʻrsatilgan ma’lumotning Vazirlik tizimiga taaluqli korrupsiyaga oid huquqbuzarlikka va (yoki) manfaatlar toʻqnashuviga tegishliligini tekshiradi.

Dastlabki tekshirish taaluqli xabar Ichki nazorat boʻlimiga kelib tushgan kundan boshlab 5 (besh) ish kuni ichida amalga oshiriladi.

  1. Mazkur Reglamentning 19-bandida nazarda tutilgan dastlabki tekshirish natijalaridan qat’i nazar, bu haqdagi axborot Reestrga kiritiladi.
  2. Agar Ichki nazorat boʻlimi xodimi xabar taaluqli emas degan xulosaga kelsa, bu xabar bir ish kuni ichida Vazirlikning tegishli tuzilmasiga bildirgi asosida oʻtkazilishi lozim.
  3. Agar xabarda korrupsiyaviy harakatlar va (yoki) manfaatlar toʻqnashuvi haqida ma’lumot hamda xizmat tekshiruvini oʻtkazish uchun yetarli asoslar mavjud boʻlsa, Ichki nazorat boʻlimi xodimi ichki idoraviy hujjatda belgilangan tartibda xizmat tekshiruvini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqadi.
  4. Taaluqli xabarlarni mazmunan koʻrib chiqish Vazirlikka kelib tushgan kundan e’tiboran bir oy ichida, tekshirish oʻtkazish, qoʻshimcha materiallarni soʻrab olish yoxud boshqa chora-tadbirlar koʻrish zarur boʻlgan hollarda, ularni koʻrib chiqish muddatlari, Vazirlik rahbariyati tomonidan istisno tariqasida uzogʻi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin, bu haqda murojaat etuvchiga (anonim murojaatlardan tashqari) xabar qilinadi.
  5. Murojaatga javob Ichki nazorat boʻlimi tomonidan tayyorlanib, Vazirlik rahbariyati imzosi bilan rasmiylashtiriladi.
  6. Taaluqli xabarlarni koʻrib chiqish yakunlariga koʻra oʻrganish natijalari va qoʻllanilgan ta’sir choralari koʻrsatilgan javob xati tayyorlanadi va belgilangan tartibda murojaatchiga yuboriladi.
  7. Ijtimoiy tarmoqdagi kanal va sahifalar va telegram-bot orqali kelib tushgan taaluqli xabarga javob murojaatchiga elektron shaklda ijtimoiy tarmoqdagi kanal va sahifalar yoki telegram-bot orqali yuboriladi.

     

    5-bob. Hisobdorlik

  8. Reestrdan Ichki nazorat boʻlimi xodimlari, xabarlarni koʻrib chiqishda ishtirok etgan tegishli boshqa davlat organlari va Vazirliklarining xodimlari (faqat shunday xabarlarga doir), vazirlik rahbariyati foydalanishi mumkin.

  9. Reestr ma'lumotlari asosida Ichki nazorat boʻlimi har chorakda Vazirlik rahbariyatiga qabul qilingan korrupsiyaviy xarakatlar toʻgʻrisidagi xabarlarga taalluqli boʻlgan hisobotni taqdim etadi va unda quyidagilar koʻrsatiladi:

    kelib tushgan taaluqli xabarlar va koʻrib chiqilgan taaluqli xabarlar soni;

    korrupsiyaviy xarakatlar, manfaatlar toʻqnashuvi holatlari tasdiqlangan taaluqli xabarlar soni;

    koʻrib chiqish muddatlari buzilgan taaluqli xabarlar soni;

    taaluqli xabarlarni koʻrib chiqishning oʻrtacha muddati;

    murojaatchilar tomonidan eng koʻp foydalaniladigan aloqa kanallari va boshqa statistik ma’lumotlar.

     

    6-bob. Yakuniy qoida

  10. Mazkur Reglament talablarini buzish belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.

  11. Mazkur Reglament, murojaatlar va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi oʻzgarganda qayta koʻrib chiqilishi lozim.