Buxoro viloyatida mahallabay ishlash va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi yuzasidan press-tur tadbirlari tashkil etildi
19/07/2022 - 21:32 2844
Joriy yilning 15–16-iyul kunlari davomida Buxoro viloyatida mahallabay ishlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va hokim yordamchilari faoliyati samaradorligi, o‘tgan 6 oy davomida erishilgan natijalar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar ishtirokida ikki kunlik press-tur tadbirlari tashkil etildi.



Dastlab, tadbir ishtirokchilari Buxoro tumanidagi “SLEDOPYT” MCHJda tayyor mahsulot ishlab chiqarish faoliyati, hokim yordamchisining hamkorligi hamda ushbu davrga qadar amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Jumladan, hokim yordamchisi ko‘magida ushbu korxona faoliyatini yanada kengaytirish maqsadida zamonaviy qiyofadagi 2 qavatli bino ijara shartnomasi asosida olib berildi. Hozirda binoning birinchi qavatida 60 nafar xotin-qizlar faoliyat yuritmoqda. Ikkinchi qavatida esa turli funksiyalarni amalga oshiruvchi zamonaviy tikuv dastgohlari o‘rnatilib, montaj ishlari yakunlangandan so‘ng yana 140 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.


Shundan kelib chiqib, jami 200 nafar xotin-qizlar bandligi ta’minlanishiga erishiladi. Eng muhimi ishchilar, asosan, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kiritilgan hamda ishsiz fuqarolar bo‘lib, bugungi kunda kafolatlangan doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Tikuvchilarning tajribalari oshgan sayin oylik maoshlarini ham ko‘tarib boriladi. Tikuvchilarning malakasiga qarab oylik ish haqi miqdori 1,5 mln so‘mdan 5,0 mln so‘mgacha.


Press-tur qatnashchilarining keyingi manzili Romitan tumani bo‘ldi. Ushbu tumanda 170 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lib, jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 60 nafar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli farmon va qaroriga asosan 10 sotixdan tomorqa yer maydoni ajratish hisobiga 80 nafar, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish 15 nafar, o‘zini-o‘zi band qilish 15 nafar (sartarosh, etikdo‘z, nonvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksi haydovchisi, dasturchi), korxonalarda norasmiy ishlayotgan ishchilarni legallashtirish hisobiga 76 nafar, subsidiya ajratish hisobiga 22 nafarni tashkil qiladi. Ishtirokchilar mazkur tumandagi “Qahramon” mahallasida tashkil etilgan “Alisher Sitora Dilsora” OK xonadonida quritilgan non mahsulotlari va kungaboqar pistalarini qadoqlash faoliyati bilan tanishdilar.


Shundan so‘ng, ishtirokchilar “Afrosiyob” mahallasi hududidagi 70 dan ortiq xizmat ko‘rsatish markazlarini o‘z ichiga olgan “Romitan tuman sayilgohi” bilan tanishdilar. Mazkur loyiha uchun 31 sotix yer maydoni ajratilib, jami 62 nafar tashabbuskor tadbirkorga taqsimlab berilgan. Bundan ko‘zlangan maqsad bunda 70 ta dam olish, ko‘ngilochar va aholiga savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchasi bunyod qilish.


Umumiy qiymati 15 milliard 300 million so‘mga loyihalashtirilgan yaxlit majmua bolalar uchun turli atraksionlar, butik, savdo va umumiy ovqatlanish shaxobchalarini o‘z ichiga olgan bo‘lib, bu maskan tadbirkorlik subyektlariga 50 yilga ijara asosida rasmiylashtirib berilmoqda. Muhimi, foydalanishga topshirilgach, bu yerda 200 dan oshiq kishining doimiy bandligi ta’minlanadi.


Press-turning keyingi manzili Peshku tumani “Valfajr” mahallasi bo‘ldi. Ushbu mahallada jami 225 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lib, jumladan, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobiga 35 nafar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaror va farmonlariga asosan 10 sotixdan tomorqa yer maydoni ajratish hisobiga 126 nafar, mavjud bo‘sh (vakant) ish o‘rinlariga ishga joylashtirish 20 nafar, o‘zini-o‘zi band qilish 24 nafar (sartarosh, etikdo‘z, nonvoy, temirchi, duradgor, tikuvchi, taksi haydovchisi, dasturchi), korxonalarda norasmiy ishlayotgan ishchilarni legallashtirish hisobiga 65 nafarni tashkil qiladi.

“Valfajr” mahallasida oilaviy tadbirkor Dilfuza Hamdamova to‘y-ma’rakalar uchun ayollar kiyim–kechagini tikib tayyorlash, ularga bezak berish faoliyatini yo‘lga qo‘yishi tufayli o‘ttizga yaqin chevarni o‘z uyidagi sexda, yana ellikka yaqin mohir tikuvchini shu atrofdagi Chorobod, Ko‘chkalo, Xo‘jalar, Ko‘panak kabi qishloqlardan kasanachilik asosida ish bilan ta’minlagan. Mazkur korxonada “JACK” va boshqa zarur tikuv mashinasi va uskunalari bilan jihozlangan.

Shu bilan birga, Vobkent tumanidagi “Anjirbog‘” mahallasi hokim yordamchisi ish boshlagan kunidan mahallasidagi 2 ming 300 ga yaqin aholi, 510 ta xonadon va 656 ta oilani va ulardagi ijtimoiy muammolarni o‘rganib, 200 nafarga yaqin ishsiz, yana 80 ga yaqin kam ta’minlangan xo‘jalikni og‘ir ahvoldan chiqarish choralarini ko‘rib kelmoqda.

Ushbu mahallada lider tadbirkor “ASHMIR MILK INVEST” MCHJ negizida sutni qayta ishlash korxonasi ishga tushirilib, 5 ta oila a’zolari bandligini ta’minlagan. Bunda qishloqdagi 50 ga yaqin xonadondan sut yig‘ib olinib, “ASHMIR” yorlig‘i ostida qadoqlanmoqda. Bundan tashqari, yaqindan boshlab korxonada tvorog va qaymoq tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgani ichki quvvatni oshirish imkonini berdi.

Navbatdagi manzil Shofirkon tumanida joylashgan “Guliston” MFY hududidagi “Amirtex” tikuvchilik majmuasi bo‘ldi. Korxona ishchi jamoasini shakllantirish, mehnatga layoqatli chevarlarni saralashda kam ta’minlangan oilalarda ishsiz va daromadsiz qolgan xotin-qizlar salohiyati alohida o‘rganilib, ulardan 50 nafardan ortig‘i shu yerda faoliyati yo‘lga qo‘yilgan viloyat Monomarkazi filialida kasb-hunar kursiga jalb qilinib, keyin ishga qabul qilindi. Hozir ushbu ishchilar 2 million so‘mgacha oylik maosh olib kelmoqdalar. Qolaversa, yana o‘ttiz nafar xuddi shu toifadagi xotin-qizlar o‘qishga jalb qilingan.


Birinchi kunning so‘nggi manzili G‘ijduvon tumani “Zarafshon” MFY hududida joylashgan “NICE BUKHARA CARPETS” MCHJ qo‘shma korxonasi bo‘ldi. Bu qo‘shma korxonaga 650 ming AQSH dollari investitsiya kiritilgan bo‘lib, hozirda qo‘shma korxonada 40 nafar ishchi ishlaydi. Kelgusida esa 220 nafar ishchi olish rejalashtirilgan. Qo‘shma korxona qo‘lda gilam to‘qib ishlab chiqaradi.


Tadbirning 2-kuni Buxoro shahrida davom ettirildi.
Xususan, Buxoro shahar “M.Tarobiy” mahallasi hokim yordamchisi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga muvofiq 2022-yilning 1-yarim yilligida mahalladagi ishsiz fuqarolarning 34 nafariga o‘zini o‘zi band qilish maqsadida imtiyozli kreditlar ajratilgan bo‘lib, shundan 19 nafar ishsiz fuqaroga tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun elektromuravey olib berildi.


Hozirda mahallada 7696 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Bugungi kunga qadar mahalla hududida maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud emasligi aholini qiynayotgan muammolardan edi. 2022-yil 1-yarim yillikda mahalla hududida 3 ta 150 o‘rinli xususiy maktabgacha ta’lim muassasalari tashkil etildi.

Keyingi manzil, “Istiqlol” MFYda amalga oshirilgan ishlar bilan yaqindan tanishishdan iborat bo‘ldi.
Ushbu mahalladagi hokim yordamchisining ta’kidlashicha aniqlagan 229 nafar ishsizlarni, shulardan 191 nafar fuqarolarning bandligi ta’minlandi, shundan 76 nafari o‘zini-o‘zi band qilgan, 32 nafari ishga joylashtirilgan, 63 nafari legallashtirilgan shu bilan bir qatorda 12 ta fuqarolarga o‘zini-o‘zi band qilishlari uchun bandlik jamg‘armasi hisobidan subsidiya asosida turli xil asbob-uskunalar ajratildi. Shuningdek, 2-chorak davomida tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ishsiz 19 nafar fuqarolarga “Har bir oila tadbirkor” dasturi bo‘yicha kredit mablag‘lari ajratilib, 67 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi.

Shuningdek, mahalladagi ishsiz xotin-qizlar hamda yoshlarni kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi Buxoro viloyati boshqarmasi bilan birgalikda memorandum imzolandi.
Qolaversa, mahallada 30 turdagi xizmat ko‘rsatish markazi tashkil qilish maqsadida Boshqaruv servis kompaniyasi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi
Axborot xizmati