Iqtisodiy faollikning ayrim ko‘rsatkichlari haftalik dinamikasi

05/07/2022 - 18:05 2685

2022-yilning 20–26-iyun kunlari O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasida yuqori likvidli mahsulotlarning sotilish hajmi o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan 1,4 barobarga ko‘paydi. Jumladan, o‘tgan yilning mos haftasiga nisbatan polietilen 1,4 barobarga, sement 1,3 barobarga, mineral o‘g‘itlar va avtomobil benzini 1,2 barobarga oshgani qayd etildi. Shuningdek, qurilish ishlari hajmining oshgani sababli, o‘tgan oyning mos haftasiga nisbatan qora metallar prokati va sementning sotilish hajmi 1,5 va 1,4 barobarga oshgan.

Bojxona statistikasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2022-yilning 20–26-iyun kunlari tovarlar eksporti hajmi 287,9 mln dollarni, import hajmi esa 552,5 mln dollarni tashkil qildi.

Kuzatilayotgan ushbu davrda tovarlar eksporti hajmining 71,3 foizi asosiy 5 ta tovarlar guruhiga to‘g‘ri kelib, jami 205,3 mln AQSH dollarini tashkil qilmoqda (Xususan, 54,8 mln dollarlik to‘qimachilik mahsulotlari, 51,1 mln dollarlik metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar, 34,5 mln dollarlik tabiiy qazilmalar, 32,6 mln dollarlik kalava ip, va 32,3 mln dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari).

Import tovarlari guruhida esa eng katta ulushga ega bo‘lgan 5 ta tovarlar hajmi 344,6 mln AQSH dollarini tashkil etdi. Bular:

Metallar va ulardan tayyorlangan buyumlar (94,2 mln dollar), texnologik asbob-uskunalar (80,3 mln dollar), transport va uning ehtiyot qismlari (68 mln dollar), elektrotexnika va uning qismlari (57,1 mln dollar), shuningdek, oziq-ovqat mahsulotlari (45 mln dollar).

Joriy yilning 20–26-iyun kunlari iste’mol narxlari indeksi (INI) o‘tgan haftaga nisbatan -0,04 foizni tashkil etdi (65 ta mahsulot va xizmatlar kesimida).

Xususan, o‘tgan haftaga nisbatan nooziq-ovqat mahsulotlari 0,05 foizga oshgan bo‘lsa, oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,13 foizga pasaygan, xizmatlar narxlari esa o‘zgarishsiz qoldi.

Respublikada o‘rtacha iste’mol narxlari indeksi darajasiga yuqori ta’sir qilgan hududlar Xorazm viloyati (0,13 foiz), Buxoro viloyati (0,07 foiz) va Qoraqalpog‘iston Respublikasi (0,03 foiz).

 Ma’lumot uchun: Ushbu hududlarda INI o‘sishi, asosan, oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan.

 

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati