O‘zbekiston Respublikasini 2008 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

09/05/2008 - 07:41 14319

O‘zbekiston Respublikasi hukumati va joylardagi davlat hokimiyati organlari 2008 yilning birinchi choragida amalga oshirgan chora-tadbirlar Prezident Islom Karimovning shu yil 8 fevraldagi ma’ruzasida belgilab berilgan 2008 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim ustuvor yo‘nalishlarini, muhim maqsadli kompleks dasturlar, shuningdek, iqtisodiyotning strategik tarmoqlarini rivojlantirish, hamda texnik va texnologik yangilash dasturlarini amalga oshirishni ta’minlashga qaratildi.

I. Makroiqtisodiy barqarorlik, iqtisodiyotning izchil va muvozanatli o‘sish sur’atlarini ta’minlash

2008 yilning yanvar-fevral oylaridagi murakkab iqlim sharoiti va uzoq davom etgan sovuqqa qaramay, joriy yilning birinchi choragida barqaror iqtisodiy o‘sish ta’minlandi va bu ko‘rsatkich 8,1 foizni tashkil etdi. Iqtisodiy o‘sishning muhim omili sifatida faol investitsiya va tashqi iqtisodiy siyosatni amalga oshirish, iqtisodiyotning yetakchi sanoat tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, shuningdek, xususiy tadbirkorlik uchun qulay ishbilarmonlik muhitini qo‘llab-quvvatlash hisobidan olib borilayotgan iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish siyosati belgilandi.

Natijada sanoat ishlab chiqarish hajmi 10,6, jumladan, iste’mol tovarlari hajmi 17,2, qishloq xo‘jaligi 4,8, qurilish ishlari 5, chakana tovar aylanishi 12,7, pulli xizmatlar 19,8 foizga oshdi.

O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (O‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar 2008 yilning 1-choragi
Yalpi ichki mahsulot 108,1
Sanoat mahsulotlari hajmi 110,6
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 117,2
Yalpi qishloq xo‘jalik mahsulotlari 104,8
Asosiy kapitaldagi investitsiyalar 141,0
Qurilish ishlari 105,0
Chakana savdo aylanmasi 112,7
Aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 119,8

Hisobot davrida davlat budjetining makroiqtisodiy muvozanatlashuvi va barqarorligi yanada mustahkamlandi. Joriy yil birinchi choragida davlat budjeti daromadlarining prognoz ko‘rsatkichlari 100,3 foizga bajarildi. Bunda davlat budjeti profitsiti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 1,7 foizni tashkil qildi. Kichik biznesga soliq yuki kamaytirilganiga qaramay, mikrofirmalar va kichik korxonalar uchun yagona soliq to‘lovlaridan tushumlar o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 40,2, yuridik shaxslar daromadidan olinadigan soliq tushumi 49,3 foizga o‘sdi. Davlat budjetining daromad prognozining muvaffaqiyatli bajarilishi byujetning xarajatlar qismini, shuningdek, maqsadli umummilliy dasturlar tadbirlarini o‘z vaqtida va to‘liq moliyalashni ta’minladi.

Pul massasi hajmi prognoz ko‘rsatkichlardan oshmadi. Naqd pulsiz hisob-kitoblarni kengaytirish va bank tizimiga bo‘lgan ishonchni oshirish evaziga aholidagi naqd pullarning banklar kassalariga kelib tushishi 25, savdo va xizmatlar ko‘rsatishdan kelib tushadigan naqd pullar miqdori 35 foizga ko‘paydi.

Tovarlar va xizmatlar eksportining yuqori sur’atda o‘sishi, ya’ni uning 2007 yil birinchi choragiga nisbatan 56,1 foizga ko‘payishi mamlakat to‘lov balansi barqarorligini mustahkamladi. Bu borada, ayniqsa, energiya manbalari va neft mahsulotlari eksporti (ikki baravar), mashinalar va uskunalar (120,3 foiz), kimyoviy mahsulotlar (127,1 foiz), xizmatlar eksporti (115,5 foiz) jadal sur’atda o‘sdi.

II. Xorijiy investitsiyalar, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hisobidan tarkibiy tub o‘zgarishlar, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish va yangilashning davom ettirilishi

Hisobot davrida investitsiya siyosati tarkibiy islohotlarni chuqurlashtirishga yordam berdi va sanoat korxonalarini texnik modernizatsiya qilishga doir yirik loyihalarni amalga oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratildi. O‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi barcha moliya manbalari hisobga olingan holda 1622,8 milliard so‘mni tashkil etdi yoki 2007 yilning birinchi choragiga qaraganda 41 foiz o‘sdi.

O‘zlashtirilgan investitsiyalarning asosiy o‘sish sur’ati xorijiy investitsiyalar va kreditlar miqdorini o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 46,5, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar miqdorini 56,8, korxonalarning o‘z mablag‘larini 78,2 foizga ko‘paytirish hisobiga ta’minlandi. Bunda investitsiyalar umumiy miqdorida korxonalar mablag‘lari ulushi o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 43,5 foizdan 54,3 foizgacha, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar ulushi 10 foiz o‘rniga 11,4 foizgacha o‘sdi.

Jami kapital qo‘yilmalarning 72,6 foizi ishlab chiqarish sohasiga yo‘naltirildi. Jumladan, ishlab chiqarish investitsiyalarining 42,7 foizi yangi qurilishga, 45,4 foizi ishlab chiqarishni modernizatsiya va rekonstruksiya qilishga yo‘naltirildi.

Joriy yilning birinchi choragida 105 ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi. Jumladan, oziq-ovqat sanoatida makaron, non va non mahsulotlari, qandolat va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha (43), yengil va to‘qimachilik sohasida kalava, to‘qimachilik, charm va gilam mahsulotlari ishlab chiqarish, shoyi va tolani qayta ishlash bo‘yicha (20), qurilish materiallari sanoatida g‘isht, plastik romlar, eshiklar, shifer va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish bo‘yicha (29) obyekt ishga tushirildi.

Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Qarshi kaskad nasos stansiyasini kapital-qayta tiklash, Xonjiza va Uch-Quloch polimetall rudalar konlarini o‘zlashtirish, “Farg‘onaazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatida ammiak ishlab chiqarishni kapital-qayta tiklash va ta’mirlash bo‘yicha 2007 yilda boshlangan loyihalarni birgalikda moliyalash davom etmoqda. “Toshshahartransxizmat” uyushmasining mavjud parkini yangilash maqsadida “Mersedes-Benz” rusumidagi 200 ta avtobus sotib olish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshirilmoqda.

Joriy yilning birinchi choragida muhim tarmoqlar va yirik sanoat korxonalarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash bo‘yicha dasturlarini amalga oshirish davom ettirildi. Bu borada 12 obyekt, jumladan, yengil sanoatda 6, qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasida 3, avtomobil sanoatida 2 va kimyo sanoatida 1 ta obyekt qurilishi yakunlandi hamda foydalanishga topshirildi.

Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi natijasida yangi rusumdagi “Neksiya-2” (N150) avtomobilini ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, “Jizzax plastmassa” ochiq aksiyadorlik jamiyatida mavjud ishlab chiqarishlar katta diametrli polietilen quvurlar ishlab chiqarish bo‘yicha rekonstruksiya qilindi, “Quvasoy qurilish” mas’uliyati cheklangan jamiyatda shifer ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, mavjud to‘qimachilik ishlab chiqarishlar negizida kalava va trikotaj polotno ishlab chiqarish bo‘yicha uchta qo‘shma korxona (“Tagus tekstil”, “Sirkeji Toshkent tekstil”, “Samo Sherteks”) tashkil etildi.

Mahalliylashtirish dasturi doirasida 2008 yilning yanvar-mart oylarida 2007 yilning shu davridagiga nisbatan 1,3 baravar ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. Import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar samarasi 464 million AQSH dollarini tashkil etdi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish (O‘tgan yilning birinchi choragiga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar 2007 yilning 1-choragi 2008 yilning 1-choragi
Sanoat, jami 112 110,6
shu jumladan:
elektr energetikasi 101,5 100,8
yoqilg‘i 108,8 116,6
qora metallurgiya 110,9 105,2
rangli metallurgiya 100 93,8
kimyo va neft kimyosi 122,2 103,6
mashinasozlik va metallni qayta ishlash 133,2 122,8
yog‘och, yog‘ochni qayta ishlash,
selluloza-qog‘oz sanoati
115 128,1
qurilish materiallari 121 106,3
yengil sanoat 112,1 107,8
oziq-ovqat sanoati 110,5 131,6
boshqa sohalar 123,8 116,7

Sanoat ishlab chiqarish tarkibida yoqilg‘i (17,8 foizdan 19,1 foizga) va oziq-ovqat sanoati (8 foizdan 9,4 foizga), mashinasozlik va metalni qayta ishlash (14,0 foizdan 14,3 foizga) mahsulotlari, qurilish materiallari ishlab chiqarish salmog‘i (3,8 foizdan 5 foizga) oshdi.

Yuqori o‘sish sur’atlari oziq-ovqat sanoati (131,6), yog‘ochni qayta ishlash va selluloza-qog‘oz sanoati (128,1), mashinasozlik va metalni qayta ishlash (122,8), yoqilg‘i ishlab chiqarishda (116,6 foiz) ta’minlandi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2008 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, ma’lumotlar uzatish, jumladan, Internet tarmog‘idan foydalanish xizmatlarini ko‘rsatadigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar soni 797 (o‘sish 2 foiz), Internetdan foydalanuvchilar umumiy soni 2132 mingtaga yetdi va 5,8 foizga ko‘paydi.

Dasturiy mahsulotlar bozorini rivojlantirishning ijobiy tendensiyasi kuzatilmoqda. Ma’lumotlar uzatish tizimi infratuzilmasi faol rivojlanmoqda. Uyali aloqa xizmatlarini ko‘rsatish hajmi ham jadal o‘smoqda.

III. Islohotlarni chuqurlashtirish va iqtisodiyotni yanada erkinlashtirish, bozor infratuzilmasini jadal rivojlantirish

Xususiylashtirish dasturini amalga oshirish davomida 2008 yilning birinchi choragida 97 (topshiriqqa nisbatan 138,3 foiz) davlat korxonasi, obyektlar va aksiyalar paketlari, jumladan, Davlat tender komissiyasi qaroriga binoan 4, birja, kimoshdi va tanlov savdolarida 57, investorlarga investitsiya majburiyatlari yuklagan holda, nolga teng xarid qiymati bo‘yicha 28, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 8 korxona hamda obyekt sotildi. Hisobot davrida 120 davlat korxonasi mulkchilik shaklini nodavlat shaklga o‘zgartirdi. Ularning 97,5 foizi xususiy mulkdorlar tomonidan to‘liq sotib olindi.

Birinchi chorakda faoliyat ko‘rsatmayotgan yoki yetarli quvvat bilan ishlamayotgan 212 korxonada ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat ko‘rsatkichlari yaxshilangani kuzatildi, 90 ta shunday korxonada ishlab chiqarish rekonstruksiya qilinmoqda hamda texnik qayta jihozlanmoqda. Ushbu korxonalarda 2135 ish o‘rni tashkil etildi va qayta tiklandi. Masalan, “Beshariqtekstil” ochiq aksiyadorlik jamiyati negizida zamonaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishi tashkil etilmoqda va buning uchun 8 million AQSH dollaridan ortiq mablag‘ sarflandi. “Qizilqumshina” qo‘shma korxonasiga 963,8 ming yevro, “Navoiyteks” qo‘shma korxonasiga 2,7 million, “Surxontekstil” ochiq aksiyadorlik jamiyatiga 600 ming, “Afrosiyob gips” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 400 ming AQSH dollari miqdoridagi investitsiya jalb qilindi.

2008 yilning birinchi choragida Moliya-bank tizimini isloh qilish dasturi, sug‘urta, auditorlik, lizing va baholash kompaniyalari, kredit uyushmalari va tijorat banklari faoliyatini rag‘batlantirish, shuningdek, moddiy resurslarni sotishning bozor mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlarining amalga oshirilishi tufayli bozor infratuzilmasi yanada rivojlandi.

O‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan tijorat banklarining ustav kapitali 2 baravar, jami kapitali va iqtisodiyotga kredit qo‘yilmalari tegishli ravishda 39,0 va 22,2 foiz ko‘paydi. Tijorat banklaridagi aholi omonatlarining o‘sishi 49 foizni tashkil qildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash uchun tijorat banklari tomonidan berilayotgan kreditlar miqdori 39,8, tadbirkorlar va jismoniy shaxslar uchun mikrokreditlar miqdori 40,5 foiz ko‘paydi.

2007 yilning birinchi choragiga nisbatan lizing operatsiyalari hajmi 3 baravar ortdi. Sug‘urtalashning barcha turlari bo‘yicha sug‘urta to‘lovlarining umumiy hajmi 31 foiz oshdi.

Umuman, moliya xizmatlari hajmi mikrokreditlar berilishi bilan birga 30,1 foiz ko‘paydi. Ko‘rsatilayotgan moliya-bank xizmatlari nomenklaturasi, ayniqsa, qishloq joylarida yanada kengaydi.

Auditorlik xizmatlari bozorini rivojlantirish, shuningdek, auditorlik tashkilotlarining mas’uliyatini kuchaytirish va ko‘rsatilayotgan auditorlik xizmatlarining sifatini oshirish choralari ko‘rildi.

Tovarlar bozorining samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga xizmat qiladigan moddiy resurslarni sotish bo‘yicha bozor mexanizmlarini joriy etish tufayli O‘zbekiston Respublikasi Tovar xomashyo birjasida mahsulot sotish hajmi 2008 yilning I choragida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 1,5 baravar ortdi.

IV. Aholi bandligini ta’minlash, shuningdek, uning farovonligini oshirishning eng muhim yo‘nalishi bo‘lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasi va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ro‘yxatga olingan kichik tadbirkorlik korxonalarining umumiy soni shu yilning boshidagiga nisbatan 1,8 foiz o‘sdi va 429,7 mingtani tashkil etdi. Bunda ro‘yxatga olingan kichik korxonalar umumiy soniga nisbatan faoliyat ko‘rsatayotgan kichik tadbirkorlik korxonalari soni 0,4 foiz o‘sdi va 93,2 foizni tashkil etdi.

Faoliyat yuritayotgan kichik biznes korxonalari soni sanoatda 2,9 foiz, qurilishda – 4,1 foiz, transport va aloqa sohasida – 6,1 foiz, boshqa ishlab chiqarish sohalarida 4,1 foiz o‘sdi. Eksportning umumiy hajmida kichik biznes ulushi 2007 yil birinchi choragidagi 11,4 foizdan 12,0 foizgacha, YAIMda esa – 33,2 foizdan 35,1 foizga oshdi.

Xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish dasturi izchil amalga oshirilishi natijasida 2008 yilning I choragida xizmat ko‘rsatish hajmi 21,7 foiz oshdi va YAIMda ularning salmog‘i o‘tgan yilning shu davridagi 43,5 foizga nisbatan 44,4 foizni tashkil etdi.

217 ta yangi chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonasi o‘z faoliyatini boshladi. 100 dan ortiq transport yo‘nalishi tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan Tashguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on temir yo‘l liniyasi bo‘yicha yuk tashishlar kengaytirilmoqda, bu esa transport xizmatlari hajmining 14,8 foiz o‘sishini ta’minladi. Raqamli ATSlar va mobil aloqa xizmatlari soni ko‘paydi, bu esa aloqa va axborotlashtirish xizmatlarining 45,7 foiz o‘sishini ta’minladi. Andijon, Namangan, Farg‘ona, Toshkent viloyatlarida “O‘zavtotexxizmat”ning avtota’mirlash ustaxonalari foydalanishga topshirildi. Bu esa avtomobillar va boshqa texnikani ta’mirlash bo‘yicha xizmatlar hajmining 28 foiz o‘sishiga ko‘maklashdi.

Chorak davomida uy-joy-kommunal xo‘jaligini yanada isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi. 323,2 kilometr suv quvurlari va 208,9 kilometr gaz uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirildi.

Ko‘p kvartirali uy-joy fondini boshqarish tizimini takomillashtirish maqsadida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari (XUMSH) tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan uylar sonini optimallashtirish chora-tadbirlari ko‘rildi. Shuningdek, ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha muqobil xizmatlarni tashkil etish ishlari amalga oshirildi. Faoliyat yuritayotgan XUMSHlar soni 2008 yilning I choragida 42 taga ko‘paydi va 4502 taga yetdi, xususiy boshqaruv kompaniyalari soni 235 tani tashkil etdi. 288 ta uyni kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.

2008 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, 1165 ming dona sovuq suvni hisoblagichlar o‘rnatildi. Bu esa ana shunday o‘lchagichlar bilan ta’minlanganlik darajasini o‘tgan yilning shu davridagi 26,7 foizga nisbatan 38,1 foizga oshirish imkonini berdi.

Aholi bandligi bo‘yicha hududiy dasturlarni bajarish davomida shu yilning I choragida 170 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratildi, shularning 97,9 mingtasi – kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida 67,4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni ochildi.

Kasanachilikni rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan faol ishlar natijasida 55 mingta ish o‘rni yaratildi. Shu jumladan, 27,3 mingtasi – korxonalar bilan, shundan 6,4 mingtasi – yirik sanoat korxonalari bilan, 10,8 mingtasi esa boshqa tarmoqlarning yirik korxonalari bilan, 10,1 mingtasi tayyor mahsulot ishlab chiqarishga ixtisoslashgan kichik sanoat korxonalari bilan kooperatsiya asosida tashkil etildi.

Shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaliklarida yirik qoramol yetishtirish bilan band bo‘lgan fuqarolarning umumiy soni 2008 yil 1 aprel holatiga ko‘ra 1,12 million kishini tashkil etdi.

Mehnat bozori sohasida olib borilgan faol siyosat aholi bandligining 3 foiz o‘sishiga ko‘maklashdi va ish bilan band bo‘lganlar soni 309, 7 ming kishiga ko‘payib, 10,7 million kishini tashkil etdi.

V. Sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va unumdorligini oshirishni ta’minlash, qishloq xo‘jaligidagi islohotlar samaralari

2008-2012 yillarda sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha Davlat dasturi doirasida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirildi. Bu ishlar Sug‘oriladigan yerlar meliorativ holatini yaxshilash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 2008 yilda 37 ta melioratsiya obyektini qurish va rekonstruksiya qilish bo‘yicha loyiha-smeta va texnik hujjatlarini tayyorlash bilan bog‘liq.

Joriy yilning I choragi davomida o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan qishloq xo‘jaligi yalpi mahsuloti o‘sishi 104,8 foizni tashkil etdi. O‘tgan yilgiga nisbatan sut (105,1 foiz, go‘sht (106,2 foiz), tuxum (107,6 foiz) va sabzavot (105,1 foiz) ko‘p yetishtirildi.

Faoliyat yuritayotgan fermer xo‘jaliklarining umumiy soni 2008 yil 1 aprel holatiga ko‘ra 222 mingtani tashkil etdi, bunda bitta fermer xo‘jaligiga o‘rta hisobda 26,2 gektar yer maydoni to‘g‘ri keladi. Shirkat xo‘jaliklarini fermer xo‘jaliklariga aylantirish jarayoni deyarli yakunlandi.

Fermer xo‘jaliklari uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida yonilg‘i moylash materiallari bilan ta’minlash bo‘yicha 1333 shoxobcha, mineral o‘g‘itlar bilan ta’minlash bo‘yicha 915 shoxobcha, 1780 muqobil MTP, 1203 mini-bank, 1676 suvdan foydalanuvchilar uyushmasi va boshqalar tashkil etildi.

Shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklarida chorva mollarni ko‘paytirishni rag‘batlantirish dasturini bajarish bo‘yicha faol ish olib borildi.

2008 yilning I choragi davomida respublika bo‘yicha tashkil etilgan 166 kim oshdi savdosi shoxobchalari orqali 5413 bosh zotdor qoramol sotildi (122,8 foiz). 6 ming oilaga bepul sigir tarqatildi.

2008 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, tijorat banklari, Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan aholiga qoramol sotib olish uchun umumiy miqdori 7,2 milliard so‘mga teng mikrokreditlar ajratildi.

Dastur doirasida meva-sabzovotchilik va uzumchilik sohasida Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va bu mahsulotlarni qayta ishlovchi korxonalar kooperatsiyasini tashkil etish dasturi doirasida qayta tashkil etilgan shirkatlar negizida 192 agrofirma tuzildi.

VI. Ijtimoiy sohani rivojlantirish va aholi farovonligini oshirish

Iqtisodiy o‘sish va aholi bandligining yuqori sur’atlari, aholining ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga yo‘naltirilgan maqsadli chora-tadbirlar aholi farovonligi oshishini ta’minladi.

Hukumat tomonidan ish haqini oshirish va xususiy biznesni rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida 2007 yilning birinchi choragidagiga nisbatan real pul daromadlari 23 foiz o‘sdi.

Shu yilning birinchi choragida aholining ta’lim, sog‘liqni saqlash, bolalar sporti va ijtimoiy infratuzilmadan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish ishlari davom ettirildi. Toshkent, Xorazm viloyatlarida va Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida 1980 o‘quvchiga mo‘ljallangan 3 ta akademik litsey va Namangan viloyatida 720 o‘quvchiga mo‘ljallangan bitta kasb-hunar kolleji foydalanishga topshirildi.

137965 o‘quvchiga mo‘ljallangan 70 yangi maktab, 156 kasb-hunar kolleji, 14 akademik litsey, shuningdek, 18 qishloq vrachlik punkti va har smenada 985 nafar mijozni qabul qilishga mo‘ljallangan ambulatoriya-poliklinika muassasasi qurilishi boshlandi.

Umuman, respublika bo‘yicha 1423,6 ming kvadrat metr, shu jumladan qishloq joylarida 1168,5 kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi.

Sog‘liqni saqlash tizimidagi dasturlar amalga oshirilishi jarayonida 8000 dan ortiq sog‘liqni saqlash muassasasida kompleks inventarizatsiya o‘tkazildi. Bunda respublikada sog‘liqni saqlash tizimining yangi sxemasi shakllantirilishi nuqtai nazaridan ularning moddiy-texnika bazasiga baho berildi. Amalga oshirilgan inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha 2008-2012 yillarda sog‘liqni saqlash muassasalarini kapital ta’mirlash, rekonstruksiya qilish va qurish, shuningdek, bosqichma bosqich jihozlash bo‘yicha dastur loyihasi ishlab chiqildi.

Ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan dasturlar doirasida bolalar musiqa va san’at maktablarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash va ularning faoliyatini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2009-2014 yillarga mo‘ljallangan Davlat dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.

“Yoshlar yili” Davlat dasturida belgilangan yoshlarni moddiy qo‘llab-quvvatlash, ular uchun yangi ish joylarini tashkil etish, yosh oilalarning turar-joy va maishiy shart-sharoitini yaxshilash, yoshlar ta’limi sifatini oshirishga qaratilgan vazifalarni bajarish bo‘yicha faol chora-tadbirlarlar ko‘rildi. Bu ishlarni moliyalash uchun joriy yilda 1,5 trillion so‘m ajratilishi nazarda tutilgan. Yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 32 kvartirali 2 ko‘p qavatli uy foydalanishga topshirildi, 6,7 milliard so‘m ipoteka krediti, 4,5 milliard so‘m iste’mol krediti ajratildi. Qishloq joylarida yosh oilalarga qoramol sotib olishi uchun 1,4 millard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar berildi. Qurolli Kuchlar safida xizmatini o‘tab qaytgan 3,2 ming nafar yosh ish bilan ta’minlandi.

2008 yilning birinchi choragi davomida iqtisodiyotimizni rivojlantirishda erishilgan ijobiy tarkibiy o‘zgarishlar, sifat o‘zgarishlari va tendensiyalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan 2008 yil fevralida belgilab berilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining eng muhim ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish natijasida qo‘lga kiritildi. Bu esa kelgusida O‘zbekistonning yosh avlodi va har bir fuqarosi manfaati yo‘lida mamlakatimizning yanada rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

Manba: www.uza.uz