Joriy yilning 1-14-noyabr kunlari davomida asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi va go‘sht mahsulotlarining ulgurji narxlari o‘zgarishi yuzasidan tahliliy ma’lumot

16/11/2021 - 12:06 3500

Joriy yilning 1-14 noyabr kunlari Iqtisodiy taraqqiyot vazirligi tomonidan “Toshkent qishloq ho‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ (Qo‘yliq) va Eski jo‘va (Chorsu) dehqon bozorlarida asosiy iste’mol tovarlarining ulgurji narxlari bo‘yicha kuzatuv natijalari e’lon qilinib borildi.

Ushbu davr mobaynida bozorda sariq sabzi 1 000 so‘mga, qizil sabzi 750 so‘mga, import va mahalliy olma 2 000 so‘mga, lavlagi 750 so‘mga, bodring 500 so‘mga, nok 2 000 so‘mga kivi 20 000 so‘mga va limon 5 000 so‘mga arzonlagan.

Shu bilan birga, kartoshka 625 so‘mga, piyoz 300 so‘mga, karam 250 so‘mga, sarimsoq piyoz va pomidor 2 500 so‘mga, baqlajon 500 so‘mga va qovun 3 500 so‘mga oshgan.

Tezkor ma’lumotlarga asosan, “Qo‘yliq” bozoriga 1-14-noyabr kunlari hududlardan jami 9,4 ming tonna, xususan, 5,9 ming tonna kartoshka, 2,7 ming tonna piyoz, 351 tonna karam va 721 tonna sabzi keltirilgan.

Shundan, Toshkent viloyatidan 1 116 tonna kartoshka, 668 tonna piyoz, 351 tonna karam, 258 tonna sabzi, Samarqand viloyatidan 601 tonna kartoshka, Jizzax viloyatidan 2,1 ming tonna piyoz va 22 tonna sabzi, Qashqadaryo viloyatidan 203 tonna, Farg‘ona viloyatidan 67 tonna, Andijon viloyatidan 13 tonna, Buxoro viloyatidan 6 tonna va Sirdaryo viloyatidan 152 tonna sabzi mahsulotlari yetkazib berilgan.

Shuningdek, “Qo‘yliq” bozoriga Qozog‘iston Respublikasidan 1 707 tonna, Qirg‘iziston Respublikasidan 218 tonna, Afg‘oniston Islom Respublikasidan 873 tonna va Eron davlatidan 1 412 tonna kartoshka keltirilgan.

Shu bilan birga, hududlardan “Chorsu” dehqon bozoriga 1-14-noyabr kunlari jami 144,8 tonna, shu jumladan 125,0 tonna mol go‘shti va 19,8 tonna qo‘y go‘shti keltirib sotilgan.

Tahlillarga ko‘ra, bugungi kunda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari narxlarining qo‘shni davlatlar Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘izistonning yirik savdo majmualarida shakllangan narxlari bilan taqqoslanganda, piyoz, sabzi, bodring va pomidor mahsulotlarining narxlari nisbatan arzonroq bo‘lsa, kartoshka va olma mahsulotlari birmuncha balandroq ko‘rsatkichni qayd etmoqda.

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi

Axborot xizmati