O`zbekiston Respublikasini 2010 yilning birinchi choragida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to`g`risida

30/04/2010 - 14:00 9658

2010 yilning birinchi choragida mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining salbiy oqibatlarini bartaraf etish bo‘yicha 2009-2012 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2010 yilda mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng ustuvor yo‘nalishlarini amalga oshirish natijasida iqtisodiyotda ijobiy o‘zgarishlar davom etayotganini ko‘rsatmoqda.

I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar

2010 yilning birinchi choragida iqtisodiyotni isloh qilish, mamlakatni yangilash va modernizatsiya qilishni davom ettirish va chuqurlashtirish, 2009-2012 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturini so‘zsiz bajarish hamda shu asosda iqtisodiyotning yuqori va barqaror o‘sish sur’atlari, uning samaradorligi hamda makroiqtisodiy muvozanatni ta’minlashga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali erishilgan iqtisodiyotni izchil rivojlantirish tendensiyalari saqlanib qoldi.

Natijada joriy yilning birinchi choragida yalpi ichki mahsulot (YAIM) o‘sish sur’atlari 7,6 foizni tashkil qildi, sanoat mahsulotlari hajmi 7 foizga, jumladan iste’mol tovarlari hajmi 8,9 foiz, qishloq xo‘jalik mahsulotlari 6,1 foiz, qurilish ishlari 20,1 foiz, chakana savdo aylanmasi 8,3 foiz, xizmatlar 12,2 foiz, aholiga pullik xizmat ko‘rsatish 13,4 foiz, mahsulot eksporti 22,1 foizga o‘sdi.

Inflatsiya darajasini nisbatan past – 3 foiz, davlat budjeti profitsitini yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,2 foiz saqlash orqali makroiqtisodiy muvozanat ta’minlandi.

2010 yilning birinchi choragida O‘zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (2009 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)

Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 107,6
Sanoat mahsulotlari hajmi 107,0
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 108,9
Qishloq xo‘jalik mahsulotlari 106,1
Qurilish ishlari 120,1
Chakana savdo aylanmasi 108,3
Pullik xizmatlar 113,4

II. Moliya-bank barqarorligini ta’minlash

Bank tizimining ustav kapitali joriy yil birinchi choragi oxirida 2009 yilning shu davriga nisbatan 46,4 foiz, mijozlarning bankdagi depozitlari qoldig‘i 56,7 foiz, aholining tijorat banklardagi mablag‘lari 68,7 foizga ko‘paydi. Kredit tashkilotlarida aholi depozitlari umumiy miqdoridagi muddatli va jamg‘arma omonatlari ulushi 32,4 foizni tashkil qildi. Natijada banklarning jami aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 4,29 trillion so‘mga yoki 33,3 foizga oshdi.

Banklar resurs bazasining yanada ko‘paygani ularni iqtisodiyot real sektori korxonalariga kredit ajratishga yo‘naltirishni oshirish imkonini berdi. Banklarning real sektorga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari qoldiqlari 2010 yilning birinchi choragida 11,4 foizga o‘sdi. Bunda ushbu kredit qo‘yilmalarining 82,1 foizi uzoq muddatli investitsiya kreditlari ulushiga to‘g‘ri keladi.

Tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun taqdim etilgan kredit resurslar ulushi kapital qo‘yilmalar umumiy hajmida 5,5 foizni tashkil qildi. O‘tgan yilning shu davrida esa bu ko‘rsatkich 2,1 foiz bo‘lgan edi.

Joriy yilning birinchi choragida investitsiya loyihalarini amalga oshirish, jumladan korxonalarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun tijorat banklarining 737,2 milliard so‘mga teng kreditlari yoki 2009 yilning shu davriga qaraganda 1,5 marta ko‘p mablag‘i yo‘naltirildi.

Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish maqsadida muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 2009 yilning shu davriga qaraganda 1,74 million donaga ko‘paydi va 6,49 milliontaga yetdi, o‘rnatilgan terminallar soni esa 32,7 mingtaga ko‘paydi va 60,84 mingni tashkil qildi. Buning natijasida plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz to‘lovlar hajmi 2009 yilning birinchi choragidagiga nisbatan 2,9 baravar oshdi, tovarlar va pullik xizmatlar uchun naqd pulsiz to‘lovlar ulushi 2009 yilning yanvar-martidagi 67 foiz o‘rniga 2010 yilning yanvar-martida 86 foizni tashkil etdi.

III. Mamlakat raqobatbardoshliligining oshishini ta’minlash maqsadida iqtisodiyotni tarkibiy tub o‘zgartirishni chuqurlashtirish siyosati davom ettirildi

Joriy yilning birinchi choragida yog‘ochni qayta ishlash va selluloza-qog‘oz sanoati (125,3 foiz), yengil (111,0 foiz) va oziq-ovqat sanoati (108,8 foiz), mashinasozlik va metallni qayta ishlash sanoati (107,9 foiz) tarmoqlarida sanoat mahsulotlari hajmi o‘sishining eng yuqori ko‘rsatkichlariga erishildi.

Mamlakatimiz tovar va xizmatlar ishlab chiqaruvchilarining mahsulotlariga ichki talabni noinfliyatsiyaviy rag‘batlantirish, korxonalar o‘rtasida barqaror kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish va kengaytirish, ushbu jarayonga kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini jalb etish maqsadida mahalliylashtirish dasturiga loyihalar kiritishning yangi yondashuv hamda mezonlari ishlab chiqildi. Shu asosda 2010 yilga mo‘ljallangan sanoat kooperatsiyasi asosida tayyor mahsulotlar, butlovchi buyumlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha yangi dastur ishlab chiqildi hamda tasdiqlandi.

Joriy yilning yanvar-martida mahalliylashtirish dasturining 699 loyihasi bo‘yicha qiymati 996,0 milliard so‘mlik yoki o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 23,2 foiz ko‘p mahsulot ishlab chiqarildi. «O‘zmontajmaxsusqurilish» (2,1 baravar), «O‘zbekcharmpoyafzali» (1,9 baravar) uyushmalari, «O‘zkimyosanaot» davlat aksiyadorlik kompaniyasi (1,7 baravar) va «O‘zqurilishmateriallari» aksiyadorlik kompaniyasi (1,3 baravar) korxonalarida mahalliylashtirilgan mahsulotlar ishlab chiqarish hajmining eng yuqori sur’atlariga erishildi.

Iste’mol oziq-ovqat tovarlarini ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida tijorat banklari tomonidan 2010 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, iste’mol tovarlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga texnologik uskunalar, xomashyo va materiallar sotib olish uchun 104,3 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratildi. Parrandachilik xo‘jaliklarini tashkil etish uchun qiymati 12,6 milliard so‘mga teng (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2,2 baravar ko‘p) va yengil konstruksiyali issiqxonalar tashkil qilish uchun 4,9 milliard so‘mlik (1,7 baravar ko‘p) kredit mablag‘lari ajratildi.

Oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlari ishlab chiqarishni kengaytirishni rag‘batlantirishga doir qabul qilingan qo‘shimcha chora-tadbirlar samarasida joriy yilning birinchi choragida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmi 8,9 foiz, shu jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 8,7 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari hajmi 9 foizga ko‘paydi.

Mahsulotlarni eksport qilishni rag‘batlantirish, tayyor mahsulotlarni yangi tashqi bozorlarga olib chiqish, shuningdek, mamlakatimizda ishlab chiqarilgan mahsulotlarning raqobatbardoshliligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi joriy yil birinchi choragida tovarlar va xizmatlar eksporti hajmini 2009 yilning shu davriga qaraganda 22,1 foizga oshirish, shuningdek, tashqi savdo aylanmasining 1081,2 million dollar miqdorida ijobiy saldosiga erishish imkonini berdi. Paxta tolasi, oziq-ovqat mahsulotlari, qora va rangli metallarni eksport qilish bo‘yicha yuqori o‘sish sur’atlariga erishildi. Karbamid, ammiak, kalsiyli soda, misli qotishmalar, ip gazlama va kalava, avtomobil va boshqa turdagi mahsulotlarni eksport qilish hajmi ham ortdi.

Joriy yilning birinchi choragida kichik biznesni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida kichik tadbirkorlik subyektlarining kredit resurslaridan foydalanishini kengaytirishga doir faol choralar ko‘rildi. Tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga berilgan kreditlar hajmi 625,1 milliard so‘mni tashkil qildi yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,4 baravar oshdi, jumladan 116,5 milliard so‘mlik mikrokreditlar berildi va bu ko‘rsatkich 1,5 baravarga oshdi.

2010 yilning birinchi choragida ro‘yxatga olingan kichik korxonalar umumiy soni (fermer xo‘jaliklarini hisobga olmaganda) 1,3 foizga ko‘paydi va 227,2 mingtani tashkil qildi. YAIMda kichik biznesning ulushi ortdi – 2009 yilning birinchi choragidagi 36,2 foiz o‘rniga 38,0 foizga, sanoatda 14,1 foizdan 15,8 foizga, aholi bandligi bo‘yicha 73,1 foizdan 74,3 foizga yetdi. Bunda kichik biznesda sanoat ishlab chiqarish hajmining o‘sish sur’atlari 125,9 foizni tashkil qildi va bu sanoat tarmog‘i bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichdan ancha yuqoridir.

Hisobot davrida ishlab chiqarish sohasiga innovatsiya texnologiyalarini joriy etishni rag‘batlantirishga doir faol chora-tadbirlar ko‘rildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2008 yil 15 iyulda qabul qilingan «Innovatsion loyihalar va texnologiyalarni ishlab chiqarishga tatbiq etishni rag‘batlantirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi 916-qarori ijrosini ta’minlash maqsadida III Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasi o‘tkazildi va unda 600 dan ortiq ishlanma namoyish etildi.

Yarmarkada sanoat sohasi – 240, qishloq xo‘jaligi – 200, farmatsevtika va sog‘liqni saqlash – 100, axborot texnologiyalari – 40, ta’lim va ilm-fan sohasiga oid 30 ta ishlanma taqdim etildi.

Yarmarka davomida ilmiy-texnik mahsulotlar ishlab chiquvchilar va iste’molchilar o‘rtasida yangi mahsulot hamda texnologiyalarni sotib olish bo‘yicha umumiy qiymati 10,6 milliard so‘mlik 456 ta shartnoma, jumladan 2010 yilda innovatsiya mahsulotlarini yetkazib berish uchun 6,7 milliard so‘mlik 331 ta shartnoma, 2010-2012 yillarda innovatsiya mahsulotlarini ishlab chiqish uchun 3,9 milliard so‘mlik 125 ta ahdlashuv protokoli imzolandi. Bundan tashqari, “Aloqabank”ning 10 million dollar miqdoridagi krediti hisobidan 10 turdan ortiq yangi dori preparatlarini ishlab chiqarish bo‘yicha ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasini tashkil etish to‘g‘risida memorandum imzolandi.

Xizmat ko‘rsatish sohasida infratuzilmani tashkil etish dasturini amalga oshirish maqsadida joriy yilning birinchi choragida Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi, “Mikrokreditbank” va boshqa tijorat banklarining kreditlari hisobidan 4,4 milliard so‘m yo‘naltirildi.

Mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlar sonining ko‘payishi va ATSlarni raqamlashtirish darajasining oshirilishi natijasida aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 6,1 foizga o‘sdi. Mikro va iste’mol kreditlari ajratishni rivojlantirish, to‘lov tizimini takomillashtirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar, shuningdek, moliya infratuzilmasi institutlarini rivojlantirish moliya-bank xizmatlari hajmini 24,6 foizga oshirish imkonini berdi. 320 ta yangi chakana savdo korxonasi va 45 ta umumiy ovqatlanish korxonasining ishga tushirilishi savdo va umumiy ovqatlanish xizmati ko‘rsatishni 12,2 foizga oshirishga ko‘maklashdi. Bundan tashqari, joriy yilning birinchi choragi davomida 440 dan ortiq maishiy xizmat ko‘rsatish obyekti foydalanishga topshirildi.

Qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish ham jadal rivojlanmoqda. Chakana savdo, umumiy ovqatlanish obyektlari va maishiy xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarning ishga tushirilishi natijasida qishloq joylarda 6,3 mingta ish o‘rni tashkil etildi. Qishloq joylarda barcha turdagi xizmatlar ulushi 27 foizni tashkil qildi.

Iqtisodiyot bo‘yicha ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,2 foizga o‘sdi, YAIMda ushbu soha ulushi 46,7 foizni tashkil etdi.

IV. Faol investitsiya siyosatini amalga oshirish

Joriy yil birinchi choragida amalga oshirilgan investitsiya siyosatiga oid chora-tadbirlar yetakchi tarmoqlarni modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarining qudratli zamonaviy tarmog‘ini rivojlantirishga qaratilgan strategik ahamiyatga ega loyihalarni ro‘yobga chiqarishga yo‘naltirildi.

Natijada 2010 yilning birinchi choragida barcha moliyalash manbalari hisobidan 2910,6 milliard so‘mlik kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi va bu ko‘rsatkich 2009 yilning shu davriga nisbatan 101,2 foizni tashkil etdi. Iqtisodiyotdagi kapital qo‘yilmalar umumiy hajmidan ishlab chiqarishni barpo etishga 79,5 foiz investitsiyalar yo‘naltirildi.

2010 yilning yanvar-martida o‘zlashtirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hajmi 929,8 million dollarni tashkil qildi va 2009 yilning birinchi choragiga qaraganda 2,6 baravar o‘sdi, ularning xorijiy investitsiyalar va kreditlar umumiy hajmidagi ulushi o‘tgan yilning shu davridagi 85,3 foiz o‘rniga 94,8 foizga yetdi.

Joriy yilning birinchi choragida O‘zbekiston tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 6 ta loyihani birgalikda moliyalash uchun 196,4 million dollar ajratildi.

Shu yilning boshidan buyon 118 ta yangi ishlab chiqarish obyekti, shu jumladan, yengil va to‘qimachilik sohasida 15, oziq-ovqat sanoatida 41, qurilish materiallari sanoatida 56, mashinasozlik sohasida 2 ta obyekt ishga tushirildi va ular qiymati 18,8 milliard so‘mlik asosiy fondlarni tashkil etishni ta’minladi.

Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini rivojlantirish, modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlash bo‘yicha choralar dasturi doirasida joriy yilning birinchi choragida 29 ta loyiha, xususan, “Navoiyazot” ochiq aksiyadorlik jamiyatida fosforit xomashyosi qo‘shilgan ammiak selitrasini granulashtirish jarayonini ishlab chiqish va joriy etish”, “Avtooyna” mas’uliyati cheklangan jamiyatida avtomobil oynalarini laminatsiya qilish, kesish va toblash bo‘yicha yangi liniyalarni o‘rnatish hisobidan ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish”, “Profil interprayzers” mas’uliyati cheklangan jamiyatida tabiiy charm ishlab chiqarish uskunasini o‘rnatish” (Toshkent shahri), “Universal farm” qo‘shma korxonasida va “Texnofarm” ochiq aksiyadorlik jamiyatida farmatsevtika ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish, 14,3 mingta non va non mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega 16 kichik korxona qurish, modernizatsiya qilish hamda boshqa qator loyihalar amalga oshirildi.

Joriy yilning birinchi choragida zamonaviy transport-kommunikatsiya tizimini tashkil qilish maqsadida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish hamda O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish bo‘yicha 32164,3 million so‘mlik yoki 2009 yilning shu davriga nisbatan 150,3 foiz ish bajarildi. O‘zbekiston milliy avtomagistrali bo‘ylab yo‘l yoqasidagi 8 ta infratuzilma va xizmat ko‘rsatish obyekti qurilishi yakunlandi hamda foydalanishga topshirildi.

Temir yo‘l transportini rivojlantirish loyihalari bo‘yicha 62,4 million dollar ekvivalentida mablag‘ o‘zlashtirildi, 542 ta vagon kapital ta’mirlandi va modernizatsiya qilindi, ikkita Talgo-250 tezyurar poyezdini xarid qilish 10,64 million dollar miqdorida moliyalashtirildi.

Joriy yilning birinchi choragida Navoiy shahridagi xalqaro aeroport orqali 14,8 ming tonna yuk, shuningdek, 4,2 ming nafar yo‘lovchi tashildi (2009 yilning shu davriga qaraganda 113,5 foiz). Bangkok, Dehli, Mumbay, Frankfurt, Seul, Bryussel va Milan shaharlariga haftasiga 14 ta reys amalga oshirilmoqda.

«Angren logistika markazi» yopiq aksiyadorlik jamiyatida transport-ekspeditsiya, yuklash-tushirish xizmatlari va yuklarni saqlash xizmatlari ko‘rsatish boshlandi, joriy yilning birinchi choragida 707,5 ming tonna yuk tashildi.

Elektr energetikasini modernizatsiya qilish, energiya sarfini kamaytirish va energiya tejash tizimini joriy etish dasturini amalga oshirish doirasida joriy yil birinchi choragida maishiy iste’molchilarning elektr energiyasini sarflashini aniq hisobga olishni ta’minlaydigan 1477,7 mingta va xo‘jalik subyektlarida 237,5 mingta elektron hisoblagich o‘rnatildi. Masalan, «Olmaliq KMK» ochiq aksiyadorlik jamiyatida energiya tejash rejimini joriy etish hisobidan elektr energiyasi iste’moli o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 25,2 million kVt soatga, «Navoiyazot» ochiq aksiyadorlik jamiyatida 13,5 million kVt soatga kamaytirildi.

Qo‘qon RES va Farg‘ona ESda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimni joriy etishga doir montaj-sozlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Joriy yilning birinchi choragida maishiy sektorda elektr energiyasini nazorat qilish va hisobga olish bo‘yicha avtomatlashtirilgan tizimga mos keladigan 185,5 mingta zamonaviy hisobga olish priborlari joriy etildi. «DOOJIN Co., Ltd» (Janubiy Koreya) kompaniyasi bilan hamkorlikda Chorvoq suv ombori hududida 750 kVt quvvatga ega shamol energetikasining tajriba qurilmasini barpo etish loyihasini amalga oshirish boshlandi.

Joriy yilning birinchi choragida 236 ta melioratsiya obyektida umumiy qiymati 12,9 milliard so‘mlik ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi. Bu umumiy uzunligi 3174,5 kilometrlik xo‘jaliklararo va xo‘jaliklar ichidagi kollektor-drenaj tarmog‘ini tozalash imkonini berdi. Umumiy uzunligi 39,8 kilometrlik kollektor-drenaj tarmog‘i barpo etildi va rekonstruksiya qilindi.

V. Qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni davom ettirish, qishloqda uy-joy va ijtimoiy infratuzilmani jadal barpo etish

Joriy yil birinchi choragida tayyor holda topshirish sharti bilan uy-joy qurish fondini rekonstruksiya qilish va ta’mirlash bo‘yicha pudrat ishlarini kengaytirishni rag‘batlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida 420 ta uy qurildi va foydalanishga topshirildi. Qashqadaryo, Samarqand, Buxoro va Farg‘ona viloyatlarida namunaviy loyihalar asosida qurilishi belgilangan barcha uylar foydalanishga topshirildi.

Joriy yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha jami 1594,6 ming kvadrat metr uy-joy (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 110,6 foiz), jumladan qishloq joylarda 1087,4 ming kvadrat metr uy-joy (111,1 foiz) foydalanishga topshirildi.

Zamonaviy tom yopish materiallari, gipsokarton, quruq pardozlash aralashmalari, yig‘ma konstruksiyalar kabi qurilish va pardozlash materiallari ishlab chiqaruvchi 33 ta yangi korxona, jumladan yiliga jami 70 million donadan ortiq g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 11 ta g‘isht zavodi ishga tushirildi.

Aholining sifatli ichimlik suvi ta’minotini yaxshilashga doir loyihalarning amalga oshirilishi natijasida 2010 yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha 319,1 kilometrlik, shu jumladan, qishloq joylarda 220,3 kilometrlik suv quvurlari tarmog‘i o‘tkazildi.

Aholining oziq-ovqat tovarlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va qayta ishlash korxonalarini zarur xomashyo bilan ta’minlash maqsadida Aniq chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqildi. Unda joriy yilda 5865,3 ming tonna sabzavot, 1566,6 ming tonna kartoshka, 1122,6 ming tonna poliz ekinlari, 1575,3 ming tonna meva, 937 ming tonna uzum, 1447,6 ming tonna go‘sht (tirik vaznda) va 6165,3 ming tonna sut ishlab chiqarish ko‘zda tutilgan.

Joriy yilning birinchi choragida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish hajmi 6,1 foizga o‘sdi. O‘tgan yilning birinchi choragiga qaraganda sabzavot (114 foiz), go‘sht (106,3 foiz), sut (106,5 foiz) va tuxum (112,2 foiz) ko‘p ishlab chiqarildi.

Chorvachilikni rivojlantirish dasturini amalga oshirish doirasida kimoshdi savdolari orqali shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga 6740 bosh nasldor qoramol sotildi, kam ta’minlangan oilalarga 2723 bosh qoramol bepul berildi. 42 ta zooveterinariya punkti tashkil etildi, omuxta yem ishlab chiqaradigan korxonalar tomonidan 200 ming tonna omuxta yem ishlab chiqarildi, tijorat banklari hamda Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining Bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasi tomonidan qoramol sotib olish uchun 8 milliard so‘m ajratildi.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qoramollar umumiy soni 8516,3 ming boshga yetdi yoki 2009 yilning shu davriga qaraganda 106,3 foizni tashkil etdi. 59 ta parrandachilik xo‘jaligi tashkil qilindi va 2010 yil 1 aprel holatiga ko‘ra, parrandalarning umumiy soni 31,2 milliontani (112,8 foiz) tashkil etdi.

Joriy yilning birinchi choragida respublika bo‘yicha 31 ta qayta ishlash korxonasi, jumladan 5 ta meva-sabzavotni qayta ishlaydigan, 11 ta go‘shtni qayta ishlaydigan va 15 ta sut mahsulotlarini qayta ishlaydigan korxona tashkil qilindi.

VI. Aholi bandligi va turmush sifatini oshirishni ta’minlash

Joriy yilning birinchi choragida 215,4 mingta yangi ish o‘rni, shundan 150,1 mingtasi yoki 69,7 foizi qishloq joylarda tashkil etildi. Ish o‘rinlarining katta qismi – 135,4 mingtasi (62,9 foiz) kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, jumladan, qariyb 70 mingtasi (32,5 foiz) xizmat ko‘rsatish va servis sohasida tashkil qilindi.

Xo‘jalik birlashmalari va hokimliklarni kasanachilik, hunarmandchilik va xalq hunarmandchiligini kengaytirish, oilaviy tadbirkorlikni rag‘batlantirish chora-tadbirlarini amalga oshirishga faol jalb qilish hisobidan 53,1 mingta, xususan, korxonalar bilan kooperatsiya asosida 18,6 mingta, pudrat shartnomasi va oilaviy biznes asosida 11,8 mingta ish o‘rni tashkil qilindi. 2010 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, 200 ming nafardan ortiq kishi kasanachilik bilan qamrab olindi.

Mehnat bozorida faol siyosat yuritish aholi bandligini 3 foizga oshirish imkonini berdi va buning natijasida ish bilan band aholi soni o‘tgan yilga qaraganda 325,2 ming nafardan ortdi va 11,3 milliondan ko‘proq kishini tashkil etdi. Ish bilan band aholi sonining o‘sishi asosan qurilish (105,8 foiz), uy-joy-kommunal va mashiy xizmat ko‘rsatish (105,3 foiz), transport va aloqa (105,2 foiz), savdo va umumiy ovqatlanish sohasida (105,3 foiz) kuzatilmoqda.

Hisobot davrida bandlik va ijtimoiy muhofaza qilishni ta’minlashga doir amalga oshirilgan tizimli hamda kompleks chora-tadbirlar natijasida aholi daromadlari hamda turmush sifatining o‘sish tendensiyasi saqlanib qoldi. Joriy yilning yanvar-fevralida aholi jon boshiga real pul daromadlari 2009 yilning shu davriga nisbatan 19,6 foizga ko‘paydi.

Joriy yilning birinchi choragida “Barkamol avlod yili” Davlat dasturi tadbirlarini amalga oshirish uchun 1,4 trillion so‘m va 25,4 million dollar yo‘naltirildi. Yosh oilalarning uy-joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida ularga 23,8 milliard so‘mlik imtiyozli ipoteka kreditlari ajratildi. Yoshlar uchun 106,8 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi.

Ta’lim muassasalari va bolalar sporti obyektlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, davlat ta’lim standartlari, o‘quv dasturlari hamda o‘quv-uslubiy adabiyotni takomillashtirish ishlari davom etmoqda.

Ta’lim jarayoniga yangi axborot-kommunikatsiya va pedagogik texnologiyalarni keng joriy etish, jumladan, 1551 ta maktabni kompyuter texnikasi, shuningdek, qishloq joylardagi 316 ta maktabni o‘quv-laboratoriya jihozlari bilan ta’minlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilishni yanada yaxshilash, profilaktik sog‘liqni saqlashni rivojlantirish, sog‘lom avlodni shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining barqaror makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari va iqtisodiyotimizning yuqori darajada muvozanatlashgani jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining oldini olish va bartaraf etish choralarining hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2010 yilda respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim ustuvor yo‘nalishlarining o‘z vaqtida qabul qilingani hamda samarali amalga oshrilayotganidan dalolatdir.

Shu yilning 12 aprelida Toshkentda o‘tkazilgan «Inqirozga qarshi choralar dasturlarining samaradorligi va inqirozdan keyingi rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari (O‘zbekiston misolida)» xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan 2009-2012 yillarga mo‘ljallangan Inqirozga qarshi choralar dasturiga yuksak baho berildi. Anjumanda dunyoning 46 mamlakatidan 400 nafardan ortiq davlat va jamoat arboblari, iqtisodiyot ilm-fani sohasidagi yetakchi olimlar, biznesmenlar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Xalqaro valuta jamg‘armasi, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki hamda Islom taraqqiyot banki kabi yirik xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari vakillari ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilari Inqirozga qarshi choralar dasturi doirasida mamlakatimiz moliya-bank tizimi barqarorligini ta’minlash, iqtisodiyotda tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilashga doir ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning samaradorligini ta’kidlagan holda, O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2010 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida davom etayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari iqtisodiyotni yanada jadal yuksaltirish, keng ko‘lamli tarkibiy o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish va mamlakat hayotining barcha jabhalarini rivojlantirishga xizmat qiladi, deb ishonch bildirdilar.

Inqirozga qarshi chora-tadbirlarni amalga oshirishni davom ettirish va chuqurlashtirish, iqtisodiyotning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish va yangilash jarayonlarini jadallashtirish, aholi, birinchi navbatda, yoshlarni ish bilan ta’minlash uchun va pirovard natijada, mamlakatimiz aholisi turmush darajasining yuqori sifatini hamda xalqimiz farovonligining muttasil oshishini ta’minlashga qaratilgan barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish jahon iqtisodiyotining inqirozdan chiqishining uzoq muddatli jarayoni davomida O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyotini yanada barqaror rivojlantirishni ta’minlash borasidagi muhim vazifa hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi