Farg'onada energiya samaradorligi bo'yicha navbatdagi tadbirlar bo'lib o'tdi

31/10/2019 - 18:59 7548

30 oktyabr kuni Farg'onada O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 avgustdagi PQ-4422-sonli qarori va "Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish" loyihasi ijrosiga bag'ishlangan tadbirlar bo'lib o'tdi.

Tashkil etilgan energiya tejaydigan uskunalar yarmarkasida ishlab chiqaruvchilar o'z mahsulotlarini namoyish etdilar. Tadbirga 300 ga yaqin kishi tashrif buyurdi.

Yarmarkadan so'ng davra suhbati tashkil etilib, unda ishtirokchilar energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish sohasidagi yirik sanoat korxonalarining tajribasini o'rganish hamda sohaga investitsiya qilishning afzalliklarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo'lishdi.

Davra suhbatini Farg'ona viloyati hokimining birinchi o'rinbosari Farxod Tashpulatov ochib berdi. Tadbir doirasida Energetika vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi muvofiqlashtirish guruhi, “Farg'onaazot” AJ, shuningdek energiya tejaydigan texnologiyalar va uskunalar ishlab chiqaruvchilarining vakillari so’zga chiqishdi.

Bu kabi tadbirlar energiya va elektrotexnika sohasidagi mutaxassislar, tadbirkorlar va elektrotexnika uskunalari ishlab chiqaruvchilarni energiya samaradorligi masalalariga, shuningdek, Jahon banki va Evropa investitsiya bankining kreditlaridan korxonalarni modernizatsiya qilish uchun foydalanishning afzalliklariga e’tibor qaratishga yo'naltirilgan.

Navbatdagi davra suhbatlari 4-7 noyabr kunlari Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida bo'lib o'tadi.

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi "Sanoat korxonalarining energiya
samaradorligini oshirish" loyihasi muvofiqlashtirish guruhi