Koreya Respublikasi Prezidenti Oʻzbekistonga keldi
19/04/2019 - 09:36 13842
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In 18 aprel kuni davlat tashrifi bilan mamlakatimizga keldi.
Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida oliy martabali mehmonni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov kutib oldi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov hamrohligida Toshkent shahridagi Inha universitetiga tashrif buyurib, Oʻzbekiston va Janubiy Koreya hamkorligida amalga oshirilayotgan telemeditsina loyihasi taqdimoti bilan tanishdi.
Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje Inning oʻz tashrifini Toshkentdagi Inha universitetidan boshlashida oʻziga xos ramziy maʼno bor. Ushbu universitet Janubiy Koreyaning Oʻzbekistonda tashkil etilgan birinchi oliy taʼlim muassasasi boʻlib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi ilmiy-amaliy hamkorlikning yorqin ramziga aylandi.
2014-yilda faoliyat boshlagan universitet mamlakatimizda IT texnologiyalarini rivojlantirish, Koreya Respublikasining bu sohadagi salohiyatini yurtimizda tatbiq etishga salmoqli hissa qoʻshmoqda.
Bu yerda kompyuter texnologiyalari va dasturiy injiniring hamda logistika yoʻnalishlarida 1 ming 300 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. 2018 yili universitetni tugatgan birinchi 100 nafar bitiruvchining aksariyati mamlakatimizdagi nufuzli kompaniya va tashkilotlarda faoliyat yuritmoqda. Bitiruvchilarning bir guruhi Janubiy Koreya va boshqa davlatlarning yetakchi universitetlarida magistraturada oʻqishni davom ettirmoqda.
Mun Chje In universitetda oʻqituvchi va talabalar uchun yaratilgan shart-sharoit bilan tanishdi. Koreya Respublikasi rahbariga Oʻzbekiston bilan Janubiy Koreya oʻrtasidagi telemeditsinani rivojlantirish boʻyicha “Digital Health Care” qoʻshma loyihasi haqida maʼlumot berildi. Undan koʻzlangan maqsad Koreya Respublikasi tajribasidan foydalangan holda, Oʻzbekistonda raqamli tibbiyotni rivojlantirishdir.
“Digital Health Care” loyihasi Janubiy koreyalik va oʻzbekistonlik shifokorlar oʻrtasida masofadan turib bemorlarni davolashda maslahat va tashxis almashish shaklida hamkorlik qilishga qaratilgan.
Inha universiteti gospitali ekspertlari loyihaning dastlabki natijalarini Oʻzbekistondagi tibbiyot muassasalaridan birida oldindan oʻrganib, keyinchalik uni boshqa shifoxonalarga tatbiq etadi. Loyiha Rasmiy taraqqiyot yordami (Official Development Assistance, ODA) dasturi koʻmagida moliyalashtiriladi.
Loyiha Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkentdagi Inha universiteti va Janubiy Koreyadagi Inha universiteti gospitali, “Hanjin Information Systems & Telecommunication Co., Ltd”, “U-SHIN C & C Co., Ltd.”, “HeSel Co., Ltd.” kompaniyalari hamkorligida amalga oshiriladi.
Prezident Mun Chje In Koreya Respublikasi bilan Oʻzbekiston oʻrtasida yoʻlga qoʻyilayotgan mazkur yangi yoʻnalish mamlakatlarimiz hamkorligini mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini alohida taʼkidladi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz hamkorligini barcha sohalar qatori tibbiyot boʻyicha ham rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratmoqda. Oʻzbekistonda Janubiy Koreyaning sogʻliqni saqlash tizimi litsenziyalari tan olingan, shifokorlarimiz bu yerda keng faoliyat olib bormoqda. Ishonch bilan aytish mumkinki, raqamli tibbiyot sohasida Janubiy Koreyaning imkoniyatlari va Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishga katta qiziqishi tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqlarimizning hayot sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi. Mamlakatlarimiz “toʻrtinchi sanoat inqilobi” davrida strategik sheriklar sifatida hamkorlikni davom ettiradi, dedi Mun Chje In.
Prezident Janubiy Koreya hukumatining ushbu loyihada faol ishtirok etishini qayd etib, yangi yoʻnalish mamlakatlarimizning tibbiyot sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshishiga ishonch bildirdi.
Tashrifning asosiy voqealari 19-aprelga moʻljallangan.
Davlat rahbarlari Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston va Janubiy Koreya oʻrtasida muntazamlik kasb etgan oliy darajadagi muloqotning davomi sifatida strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va gumanitar sohalardagi amaliy hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qiladilar, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashadilar.
Tashrif dasturidan Prezident Mun Chje Inning Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi aʼzolari, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari biznes-forumi qatnashchilari bilan uchrashuvlari hamda Toshkent shahrida Koreya madaniyati va sanʼati uyining ochilish marosimida ishtirok etishi oʻrin olgan. Shuningdek, Samarqand shahriga tashrif rejalashtirilmoqda.
Muzokaralar yakunida Qoʻshma deklaratsiya qabul qilish, salmoqli hukumatlararo va idoralararo hujjatlar toʻplami, shuningdek, savdo shartnomalari va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha bitimlar imzolash moʻljallanmoqda.
Manba: OʻzA