Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BAAga rasmiy tashrifi davomida umumiy qiymati 10 MILLIARD dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishildi

27/03/2019 - 15:41 9018

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan samarali tashqi siyosat natijasida O‘zbekistonning xalqaro nufuzi yuksalib, barcha davlatlar bilan munosabatlari yanada mustahkamlanmoqda. Bu Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi davomida yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.

Davlatning mavqyei, xalqaro maydondagi o‘rni uning hududi va nufusi bilan o‘lchanmaydi. Mamlakat dovrug‘ini uning iqtisodiy qudrati bilan ham dunyoga taratish mumkin. Birgina Singapur misolida bu fikrning yaqqol tasdig‘ini ko‘ramiz, lekin Birlashgan Arab Amirliklari ham ana shunday asosli fikrning yorqin misoli bo‘la oladi.

Dubay amirligi misolida oladigan bo‘lsak, u ham qisqa muddatda Singapur kabi dunyoning moliyaviy, investitsiyaviy va biznes markaziga aylandi. Hyech bir mamlakatda “Ferrari” rusumli avtomobil kishi boshiga hisoblaganda amirlikka teng kelolmaydi. Yoki bir kunda qabul qiladigan samolyot va yo‘lovchilar soniga ko‘ra dunyoda Dubay aeroportiga teng keladigani kam. Sayyohlar eng ko‘p borishni orzu qiladigan joylardan biri ham mana shu amirlikdir. Shaxsiy biznesini ochmoqchi bo‘lganlar Dubayga borsa, istagan miqdorda o‘z manfaatiga mos kredit olishi, investitsiya kiritmoqchi bo‘lganlar bu yerga hech qanday xavotirsiz kirib kelishi mumkin. Birgina “Burj Xalifa” minorasining o‘zi qancha gapdan darak beradi.

Abu-Dabi deganda faqat Amirliklar poytaxti emas, balki arab dunyosida juda katta nufuzga ega, o‘ziga xos madaniyat, sport va biznes markazi nazarda tutiladi. Bu go‘zal shahar o‘zining mehmondo‘stligi, betakror me'moriy yechimga ega inshootlari, sahroda joylashganiga qaramasdan doim yashillik barq urib, toza va namxush havo esib turadigan iqlimi bilan tanilgan. 

O‘zbekiston bilan Birlashgan Arab Amirliklarini ko‘p asrlik tarixiy-madaniy, iqtisodiy rishtalar bog‘lab turadi. Mustaqillik yillarida ikki mamlakat munosabatlari qator sohalarda jadal rivojlandi.

Keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ikki tomonlama munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Jumladan, ushbu mamlakat delegatsiyalarining tashriflari chog‘ida Amirliklar investorlarini istiqbolli loyihalarga keng jalb etish, neft-gaz, kimyo, qurilish, qishloq xo‘jaligi, logistika, turizm, shaharsozlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha samarali muzokaralar olib borildi. 

Prezidentimizning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi o‘zaro munosabatlarni yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi. 

Davlatimiz rahbari tashrif doirasida 25-mart kuni Abu-Dabi shahridagi shayx Zoid bin Sulton Ol Nahayon maqbarasi va masjidini ziyorat qildi, “Vohat al-Karoma” yodgorligiga gulchambar qo‘ydi.

Birlashgan Arab Amirliklari Bosh vaziri o‘rinbosari, ichki ishlar vaziri shayx Sayf bin Zoid Ol Nahayon bilan uchrashuvda ijtimoiy xavfsizlikni ta'minlash sohasida amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, bu borada o‘zaro tajriba almashish, delegatsiyalar tashrifini tashkil etish yuzasidan kelishuvlarga erishildi.

Abu-Dabi shahridagi “Qasr al-Vatan” saroyida O‘zbekiston va Birlashgan Arab Amirliklari rasmiy delegatsiyalarining keng va tor doiradagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi bilan BAA o‘rtasida investitsiyalar, moliya, muqobil energetika, sanoat va infratuzilmani rivojlantirish, qishloq xo‘jaligi, bojxona ma'muriyatchiligi, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlik bo‘yicha umumiy qiymati 10 milliard dollardan ortiq bo‘lgan kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida 26 mart kuni Dubay shahrida BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara o‘tkazdi.

Amirliklarning yirik shahri Dubay insoniyat ilmiy-texnik taraqqiyotining eng ilg‘or yutuqlarini o‘zida mujassam etgan. Masalan, dunyoning sakkizinchi mo‘'jizasi, deb e'tirof etilayotgan Palm Islands sun'iy orollari inson qo‘li bilan yaratilgan eng yirik arxipelag bo‘lib, o‘zining miqyosi va ko‘rkamligi bilan hayratga soladi. Bu yerda muhtasham mehmonxonalar joylashgan. Sayyoramizdagi eng baland osmono‘par bino – "Burj Xalifa" esa 11 ko‘rsatkich bo‘yicha Ginnesning rekordlar kitobiga kirgan.

Dubayda dunyodagi eng uzun avtomatlashtirilgan metro tizimi va usti yopiq piyodalar o‘tish yo‘lagi mavjud. Sahroda joylashganiga qaramay, shaharda jahonning eng yirik gullar bog‘i barpo etilgan. Bu yerdagi plyajlar eng toza deb tan olingan. Shaharga bir yilda o‘rtacha 16 million kishi tashrif buyurishi bejiz emas. Dubay boshqa soha va yo‘nalishlarda ham ko‘plab rekordlarni zabt etgan.

Bularning barchasi ochiqlik va tabiiy boyliklardan oqilona foydalanish siyosati tufaylidir. Dubayning jadal ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga ko‘p jihatdan shahar va amirlik hokimi shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktumning g‘oyalari kuchli turtki bo‘ldi.

O‘zbekiston ham dunyoga ochilmoqda. Mamlakatimiz jadal va izchil rivojlanish yo‘lidan bormoqda, bu jarayonda jahon tajribasini o‘rganish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan innovatsion, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va boshqa sohalarda faol hamkorlik qilish muhim o‘rin tutadi.

Ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlash masalalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan “Zaabil” saroyida bo‘lib o‘tgan uchrashuvining asosiy mavzusi bo‘ldi.

BAA vitse-prezidenti, Bosh vaziri davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, Abu-Dabida mamlakatlarimiz o‘rtasida erishilgan kelishuvlardan mamnuniyat bildirdi. Dubay amiri o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ygan BAA O‘zbekiston bilan ko‘p qirrali hamkorlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanini ta'kidladi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mehmondo‘stlik va istiqbolli qo‘shma loyihalar qo‘llab-quvvatlangani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi hamda O‘zbekiston Birlashgan Arab Amirliklari, jumladan, Dubay amirligi bilan do‘stlikka asoslangan munosabatlarni mustahkamlashga tayyor ekanini qayd etdi.

O‘zaro ishonch ruhida o‘tgan suhbatda qator sohalarda sheriklik va tajriba almashishni kengaytirish yo‘llari, turli darajalarda yangi aloqalar o‘rnatish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralardan so‘ng imzolangan hujjatlarni almashish marosimi bo‘ldi. Qo‘shma investitsion kompaniya tashkil etish to‘g‘risida shartnoma, Samarqand shahri infratuzilmasini modernizatsiya qilish va zamonaviy agroklaster tashkil etish to‘g‘risida bitimlar, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalarida hamkorlik bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlar shular jumlasidandir.

Davlatimiz rahbarining Birlashgan Arab Amirliklariga tashrifi, uning doirasida imzolangan kelishuvlar mamlakatlarimiz munosabatlarida yangi sahifa ochdi. Tomonlarning o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga intilishi va erishilgan kelishuvlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yakdil fikrga kelgani mamlakatlarimiz manfaatiga xizmat qiladi.

Manba: O‘zA