“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” Loyihasi - hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha maqbul imkoniyatlar

12/02/2019 - 16:45 8469

2019-yil 4-6-fevral kunlari Andijon viloyatining Andijon shahrida, Namangan viloyatining Namangan shahrida va Farg‘ona viloyatining Farg‘ona shahrida Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Jahon banki bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasi va hududlarga xorijiy investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha maqbul imkoniyatlar to‘g‘risida davra suhbati o‘tkazildi. 

Mazkur davra suhbatining asosiy maqsadi - sanoat korxonalarida, shu jumladan kichik biznes sub'yektlarida energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish tajribasi hamda energiya samaradorligiga investitsiya yo‘naltirishning foyda va afzalliklarini ko‘rsatishdan iborat.

Ma'lumki, Loyiha 2011-yildan buyon o‘z faoliyatini olib bormoqda va uning  doirasida 30 dan ortiq sanoat korxonalari Jaxon banki hisobidan ajratilgan energiya samardor uskunalarni joriy etish uchun imtiyozli kreditlarga ega bo‘ldilar. 

2018-yil 30-yanvarida Jahon bankining direktorlar Kengashi tomonidan loyiha doirasida qo‘shimcha 200 mln.doll. miqdorida mablag‘ ajratilishi ma'qullandi va 2018-yil 2-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” (2- Qo‘shimcha moliyalashtirish) loyihasini amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” №785 sonli Qarori qabul qilindi.

Ajratilgan imtiyozli kredit mablag‘lari O‘zsanoatkurilishbank, TIF Milliy banki, Asakabank, Hamkorbank, Osiyo Alyans bank va Infinbank tijorat banklari orqali moliyalashtirilmoqda.

Tadbir hududlardagi tadbirkorlar, sanoat korxonalari hamda tijorat banklari vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tdi. Davra suhbati davomida  Loyihaning afzalliklari va kredit mablag‘lari hisobidan loyihalarni moliyalashtirish tartiblari to‘g‘risida batafsil ma'lumot berildi.

Shu bilan birga tadbir davomida “Andijonbiokimyo”, Shahrixon GES (YUFK-1), “Uchqo‘rg‘onyog‘moy”, “Farg‘onaazot”, “Kvars” va “Qo‘qonspirt” kabi yirik korxonalar vakillari Loyiha doirasida energosamardor uskunalarni joriy etish natijalari va tajribalari to‘g‘risida ishtirokchilar bilan o‘rtoqlashdilar.

Hududlarda davra suhbatini o‘tkazish davom etmoqda.

“Sanoat korxonalarining energiya samaradorligini oshirish” loyihasining muvofiqlashtirish guruhi