PRESS-RELIZ
26/10/2018 - 15:04 34165
“X IQTISODCHILAR FORUMI”
2018-yil 26-oktyabr Toshkent sh.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz “2017 - 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi”ni amalga oshirish jarayonining faol bosqichiga kirib bormoqda. Shu bilan birga, makroiqtisodiy barqarorlikni yanada kuchaytirish, milliy iqtisodiyot raqobatbardoshligini oshirish, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, tarkibiy va institutsional islohotlarni chuqurlashtirish, hududlarni kompleks mutanosib rivojlantirishni ko‘zda tutuvchi iqtisodiyotni taraqqiy ettirish va erkinlashtirishni ta'minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.
Islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida, ayniqsa ijtimoiy sohani yanada rivojlantirish, avvalambor ijtimoiy himoyani takomillashtirish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish, uning turar-joy kommunal xo‘jaligi, ta'lim va sog‘liqni saqlash kabi xizmatlarga bo‘lgan va tobora ortib borayotgan ehtiyojlarini qondirish masalalari birinchi o‘ringa chiqadi.
Harakatlar strategiyasini amalga oshirish boshlanganidan buyon qisqa vaqt o‘tishiga qaramay, respublikamizda valyuta bozorini erkinlashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat, mahsulotlarni ishlab chiqarish va sotishga bozor mexanizmlarini tatbiq etish, investitsiyaviy va ishbilarmonlik muhitini takomillashtirish, xususiy sektorni rivojlantirish, aholining, shu jumladan olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholining turmush sharoitini yaxshilash va boshqa masalalar yuzasidan salmoqli natijalarga erishildi.
Iqtisodiyotni rivojlantirishning innovatsion yo‘liga o‘tishi sharoitlarida Harakatlar strategiyasini tatbiq qilishni davom ettirish amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini chuqur anglashni, iqtisodiyot va aholini xo‘jalik yuritishning bozor mexanizmlariga moslashuvchanlik darajasini yanada ko‘tarishni taqozo etadi.
Shu munosabat bilan, respublikaning iqtisodchi-olimlari oldida sanoat korxonalari va agrar sektorni isloh qilish, eksport salohiyatini yanada oshirish yo‘llarini asoslab berish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, investitsiyaviy jarayonlarni, shu jumladan davlatlar va hududlararo hamkorlikni intensivlashtirish evaziga sezilarli darajada faollashtirish, hududlarni, jumladan qishloq hududlarini inobatga olgan holda kompleks rivojlantirishning samarali shakllari va uslublarini joriy etish orqali dolzarb masalalarni hal etish vazifasi turibdi.
O‘tkazilayotgan islohotlarning yakuniy natijasi - bu O‘zbekiston Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlarini ask ettiruvchi, aholi farovonligini oshirish va bandlikni ta'minlashdir.
2018-yil 26-oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar institutida “2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlanishining beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini hayotga tadbiq etishda innovatsion iqtisodiyotni shakllantirish mexanizmlari va usullari” mavzusidagi X Iqtisodchilar forumi Harakatlar strategiyasi doirasida yuqorida qayd etilgan muhim vazifalarga bag‘ishlandi.
Forum dasturiga muvofiq, plenar va shu'ba yig‘ilishlarida taniqli iqtisodchi olimlar va amaliyotchilarning innovatsion iqtisodiyotning mexanizmlarini shakllantirish, resurstejamkor va innovatsion omillarni kuchaytirish asosida milliy iqtisodiyotni ilmiy-innovatsion taraqqiy ettirish va raqobatbardoshligini oshirishning makroiqtisodiy jihatlari, aholi turmush darajasi va sifatini bosqichma-bosqich ko‘tarish kabi dolzarb yo‘nalishlar bo‘yicha chiqishlari eshitildi va muhokama qilindi.
Aytish joizki, Iqtisodiyot vazirligi va Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti tomonidan ishlab chiqilayotgan iqtisodiy o‘sishning manbasi va mexanizmlari, omillari, uzoq muddatli maqsadlari va prioritetlari aks ettirilgan O‘zbekiston Respublikasining 2030-yilga qadar ijtimoiy-iqtisodiy kompleks rivojlantirish konsepsiyasi loyihasi haqidagi ma'lumot Forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi.
Forum ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda xalqaro moliyaviy institutlar va tashkilotlar vakillari, 10 dan ziyod uzoq va yaqin xorijiy davlatlarining ekspert-iqtisodchilari, vazirlik va idoralarning mas'ul xodimlari, ilmiy tadqiqot institutlarining rahbarlari va mutaxassislari, professorlar, o‘qituvchilar, respublika oliy o‘quv yurtlarining yosh olimlarini o‘ziga jam qilgan 200 dan ortiq kishi qatnashdi.
Bo‘lib o‘tgan Forum natijasiga ko‘ra, milliy iqtisodiyotning samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, makroiqtisodiy barqarorlikni ta'minlash va aholining farovonligini yuksaltirishga yo‘naltirilgan iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettirish bo‘yicha aniq amaliy tavsiya va takliflar ishlab chiqildi.