O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot Vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Moliya Vazirligining Qarori loyihasi

17/07/2018 - 11:02 11289

Mazkur Qarorning loyihasi ilovasi bilan "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" saytiga muhokama uchun joylashtirilgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamg‘armalarini tashkil etish, uning mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyundagi PF-5467-son “Obod mahalla” dasturi to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligi qaror qiladi:

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamg‘armalarini tashkil etish, uning mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

2. Mazkur qaror rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran kuchga kiradi.

Iqtisodiyot vaziri                           B. Xodjayev
Toshkent sh., 2018 yil “___” ________,____-son

Moliya vaziri                                  D. Kuchkarov
Toshkent sh., 2018 yil “___” ________, ____-son


 

O‘zbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot vazirligi va Moliya vazirligining 
2018 yil “___”  ________, ___ -son qaroriga 
ILOVA

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamg‘armalarini tashkil etish, uning mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi 

NIZOM

1-bob. Umumiy qoidalar

1. Ushbu Nizom Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari huzuridagi “Obod mahalla” jamg‘armalarini (bundan buyon matnda Jamg‘arma deb ataladi) tashkil etish, uning mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibi mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.

2. Jamg‘arma Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar shaharlari hamda Toshkent shahar tumanlaridagi mahallalar aholisining yashash sharoitlarini tubdan yaxshilash, turmush tarzi va darajasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlarni ta'minlashga, mazkur mahallalarning qiyofasini zamonaviylashtirishga va unda istiqomat qiluvchilar uchun ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan “Obod mahalla” dasturida belgilangan tadbirlarni amalga oshirish maqsadida tashkil etiladi.

3. Jamg‘arma yuridik shaxs hisoblanmaydi va uning mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarining shaxsiy g‘azna hisobvaraqlarida (bundan buyon matnda hisobvaraq deb yuritiladi) jamlanadi va ushbu Nizomda belgilangan maqsadlarga sarflanadi. 

2-bob. Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ularning foydalanish yo‘nalishlari 

4. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:

O‘zbekiston Respublikasi respublika byudjetidan ajratiladigan transfertlar;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari va ularning qo‘shimcha mablag‘lari; 

“Mahalla” xayriya jamoat fondi, hasharlar va xayriya tadbirlarini o‘tkazish hisobidan tushadigan mablag‘lar, tashkilotlarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari hamda xorijiy davlatlarning grant mablag‘lari;

tashabbuskor tadbirkorlar mablag‘lari va qonun hujjatlarida ta'qiqlanmagan boshqa manbalar.

5. Jamg‘armaning mablag‘lari:

mahalla aholisini ishonchli tarzda ichimlik suvi va oqava suvi ta'minotini, issiqlik tarmoqlarini yaxshilash, maishiy chiqindilarni to‘plash va chiqarishning zaruriy infrastrukturasini yaratish;

sug‘orish uchun mavjud suv resurslaridan kelib chiqib ariq-irrigatsiya tizimini moslashtirish, kollektor va drenaj tizimlarini modernizatsiya qilish, sizot suvlari sathini pasaytirish; 

mahalla ichki yo‘llarini va piyodalar yo‘laklarini qurish hamda ta'mirlash, yo‘l bo‘ylarini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish, tashqi yoritish tizimlarini barpo etish;

mahalla hududidagi maktabgacha ta'lim muassasalarini, umumta'lim maktablarini, tibbiyot, madaniyat va jismoniy tarbiya hamda sport tashkilotlari bino 
va inshootlarini ustuvor ravishda qurish, rekonstruksiya qilish va ta'mirlash;

ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj oilalarga ularning uy-joylarini ta'mirlashda moddiy va moliyaviy yordam ko‘rsatish hamda aholini qurilish materiallari bilan imtiyozli tarzda ta'minlash;

mahalla guzarini, tibbiyot maskanlari negizida qulay va arzon dorixonalarni, zaruriy maishiy xizmat va servis shaxobchalarini hamda bolalar maydonchasini, kichik istirohat bog‘ini qamrab oladigan “mahalla markazini” barpo etish;

“Obod mahalla” dasturini amalga oshirish uchun qo‘shimcha chora-tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.

6. Jamg‘arma mablag‘larini mazkur Nizomning 5-bandida nazarda tutilmagan maqsadlarga yo‘naltirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

3-bob. Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan manzilli ro‘yxatlarni aniqlash tartibi

7. Shahar va tuman hokimliklari tomonidan har bir mahalla kesimida bajariladigan ishlar va ularning moliyaviy manbalarini aniq ko‘rsatilgan hamda tegishli tashkilot va idoralar bilan kelishilgan holda manzilli ro‘yxatlar shakllantiriladi.

8. Shahar va tuman hokimliklari tomonidan shakllantirilgan manzilli ro‘yxatlar Jamg‘arma faoliyatini boshqarish kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Bunda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari raislik qiluvchi Jamg‘arma faoliyatini boshqarish kengashi (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) tomonidan shahar va tumanlar kesimida manzilli ro‘yxatlarni tasdiqlaydi.

9. Manzilli ro‘yxatlar bo‘yicha belgilangan tadbirlarni bajarish uchun buyurtmachi etib tegishliligi bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari hamda vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari tizimidagi buyurtmachi xizmatlari (bundan buyon matnda buyurtmachi deb yuritiladi) belgilanadi.

4-bob. Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish va ulardan foydalanish tartibi

10. Jamg‘arma faoliyatini boshqarish va uning mablag‘larini taqsimlash Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari raislik qiluvchi Kengash tomonidan amalga oshiriladi.

11. Kengash tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari tomonidan tasdiqlanadi.
Bunda, Kengash tarkibiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hududiy sektor rahbarlari, shahar va tuman hokimlari hamda vazirlik va idoralar, xo‘jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo‘linmalari rahbarlari kiritiladi.

12. Kengash majlisi a'zolarining yarmidan ko‘pi qatnashgan taqdirda vakolatli hisoblanadi. Ko‘rib chiqilayotgan masalalar bo‘yicha qarorlar oddiy ko‘pchilik ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.

Qaror qabul qilishda ovozlar teng bo‘lib qolgan taqdirda Kengash raisi tomonidan hal qiluvchi qaror qabul qilinadi. Qabul qilingan qaror bayonnoma shaklida rasmiylashtiriladi.

13. Kengash majlisi har chorakda kamida bir marotaba chaqiriladi.

14. Kengash:

Jamg‘armaga kelib tushgan mablag‘lar doirasida daromadlar va xarajatlar smetasini tasdiqlaydi;

Zarur hollarda tasdiqlangan daromadlar va xarajatlar smetasiga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritadi;

Jamg‘arma mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanilishini nazorat qiladi;

Jamg‘armaning chorak yakuni bo‘yicha daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqadi hamda tasdiqlaydi;

Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining buxgalteriya xizmati Jamg‘armaning ishchi organi (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.

16. Ishchi organ:

Jamg‘armaning daromadlar va xarajatlar smetasini tayyorlaydi;

Jamg‘arma tushumlarini ko‘paytirish va uning mablag‘laridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi;

Jamg‘armaning tushumlar manbalari hamda asosiy xarajatlar yo‘nalishlari bo‘yicha hisobini yuritadi;

har chorakda Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida hisobot tayyorlaydi va Kengashga taqdim etadi.

17. Hisobvaraqlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari moliya bosh boshqarmalari (bundan buyon matnda hududiy moliya organlari deb yuritiladi) tomonidan 3020 ... mablag‘lar manbai bilan ochiladi.

18. Hududiy moliya organlari hisobvaraq tarkibida har bir mahalla uchun mazkur mahalla joylashgan shaharning hudud kodi bilan 3999 21 ... mablag‘lar manbai hamda vazifa jihatdan tasnif bo‘yicha 7 950 100 bo‘limi bilan shaxsiy g‘azna hisobvaraqlar (bundan buyon matnda mahalla uchun maxsus hisobraqam deb ataladi) ochadilar.

19. Hisobvaraqqa kelib tushgan mablag‘lar Kengash tomonidan tasdiqlangan taqsimotga asosan har bir mahalla uchun ochilgan maxsus hisobvaraqlarga o‘tkaziladi.

Bunda hisobvaraqdagi mablag‘larni mahallalarning maxsus hisobraqamlariga o‘tkazish uchun Jamg‘arma Ishchi organi g‘azna memorial orderlarini g‘aznachilik bo‘linmalariga taqdim etadi.

20. Shahar va tumanlar byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan ajratilgan mablag‘lar har bir mahalla uchun ochilgan maxsus hisobraqamga o‘tkaziladi.
Bunda ushbu mablag‘larni o‘tkazish uchun shahar yoki tuman hokimliklarining buxgalteriya xizmati g‘azna memorial orderlarini g‘aznachilik bo‘linmalariga taqdim etadi.

21. Homiylik mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri har bir mahalla uchun ochilgan maxsus hisobraqamlarga o‘tkaziladi.

22. Hududiy moliya organlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyalari uchun shahar g‘aznachilik bo‘linmalari xizmat ko‘rsatadigan tegishli mablag‘lar manbai bilan shaxsiy g‘azna hisobvarag‘i (bundan buyon matnda buyurtmachi hisobvarag‘i deb yuritiladi) ochadi.

23. Dasturga kiritilgan har bir mahalla uchun ochilgan maxsus hisobraqamlardan mablag‘lar shahar hokimliklarining talabnomasi va to‘lov hujjatlariga asosan belgilangan buyurtmachining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.

Bunda shahar va tuman hokimliklarining mablag‘larga bo‘lgan talabnomasi buyurtmachi tomonidan taqdim etilgan tasdiqlangan manzilli ro‘yxat, ekspertizadan o‘tgan loyiha smeta hujjati, ishlarni bajarish (mahsulot yetkazib berish va xizmat ko‘rsatish) bo‘yicha tuzilgan shartnoma, bajarilgan ishlar (yetkazib berilgan mahsulot va ko‘rsatilgan xizmat ko‘rsatish) bo‘yicha hujjatlarga asosan shakllantiriladi (tayyorlanadi).

24. Talabnoma shahar va tuman hokimlarining buxgalteriya xizmati boshlig‘i tomonidan imzolanadi.

25. Talabnoma shakllantirish (tayyorlash) uchun asos bo‘lgan yuqoridagi hujjatlarning bir nusxasi tuman va shahar hokimliklari buxgalteriya xizmatida saqlanadi.

26. Buyurtmachiga mablag‘ o‘tkazish uchun shahar va tuman hokimliklari tomonidan g‘aznachilik bo‘linmalariga mablag‘larga bo‘lgan talabnoma va to‘lov hujjati (g‘azna memorial orderi) taqdim etiladi. G‘aznachilik bo‘linmalari mazkur hujjatlarga muvofiq buyurtmachiga mablag‘ o‘tkazishni amalga oshiradi.

27. Buyurtmachi mablag‘larni ta'minotchi, xizmat ko‘rsatuvchi va pudrat tashkilotlariga tuzilgan shartnomalar asosida o‘tkazilishini ta'minlaydi.

Bunda buyurtmachi bajarilgan ishlarning sifatli bajarilishi va yakunlangan ishlarni qabul qilib olinishini ta'minlaydi.

28. Shartnoma bo‘yicha to‘lovlar shahar va tuman hokimliklari buxgalteriya xizmati tomonidan buyurtmachi so‘roviga asosan bajariladigan ishlarning 30 foiz miqdorida avans mablag‘lari hamda qolgan mablag‘lar bajarilgan ish hajmidan kelib chiqqan holda moliyalashtirilishi ta'minlanadi.

29. Shartnoma shartlarining bajarilishi, to‘lovlarning o‘z muddatida moliyalashtirilishi, bajarilgan ishlar (ko‘rsatilgan xizmatlar) yuzasidan o‘lchov o‘tkazishga bevosita buyurtmachi mas'ul va javobgar hisoblanadi.

30. O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘lari, shuningdek byudjet tashkilotlarining harajatlar smetasida hamda rivojlanish davlat dasturlarida nazarda tutilgan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moliyalashtiriladi.

5-bob. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish yuzasidan hisobot va nazorat

31. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanish bo‘yicha hisob va hisobotlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklarning byudjetdan tashqari boshqa mablag‘laridan alohida yuritiladi.

32. Jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari smetasi byudjet tashkilotlari uchun byudjetdan tashqari mablag‘lar bo‘yicha qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tuziladi (choraklar, daromadlar manbalari va ulardan foydalanish yo‘nalishlari bo‘yicha) va Kengash tomonidan tasdiqlanadi.

33. Jamg‘arma Kengashining tegishli o‘rinbosari har chorakda Jamg‘arma daromadlari va xarajatlari ijrosi to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar kengashlariga hisobot beradi.

34. Jamg‘armaning joriy yilda foydalanilmay qolgan mablag‘lari keyingi yilga o‘tadi va olib qo‘yilmaydi.

35. Homiylar tomonidan natura shaklida berilgan (ko‘rsatilgan) mahsulotlar (ishlar)ning hisobi alohida yuritiladi.

36. Ishchi organ Jamg‘arma mablag‘larining qonuniyligi va maqsadli yo‘naltirilishi, shuningdek Jamg‘arma faoliyati bo‘yicha buxgalteriya hisobi va hisobotlari tashkil etilishi uchun javob beradi.

37. Davlat moliyaviy nazorati bosh boshqarmasining hududiy boshqarmalari shahar va tumanlar mahallalarida amalga oshiriladigan qurilish obodonlashtirish 
uchun ajratilgan mablag‘larni samarali va maqsadli ishlatilishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

6-bob. Yakunlovchi qoida

38. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.

39. Jamg‘arma qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta tashkil etiladi va tugatiladi.

Mazkur Qarorning loyihasi ilovasi bilan "O‘zbekiston Respublikasi normativ huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasi" saytiga muhokama uchun joylashtirilgan.